Usmon Xo‘Ja


?>

(1878–1968)

Turkiston jadidchilik harakatining yirik namoyandasi va yetakchilaridan biri. 1878 yili O‘sh shahrida tug‘ilgan. Chillası chiqqach, otasi uni Buxoroga olib kelgan.

Otasi – Po‘latxo‘ja Karomatulloh o‘g‘li. Buxorolik yirik savdogar.
Onasi – Fotima oyim.

Usmon Xo‘ja taxminan 1900-yilda uylangan bo‘lib, Hodi va Qilich ismli o‘g‘illari bo‘lgan. Bu farzandlari haqida ma’lumotlar mavjud emas. Afg‘onistonga o‘tib ketgach, Said Akramxon To‘ra bilan yaqin tanishgan. U qizi Hakima oyimni (1905–1995) voyaga yetgach, Usmon Xo‘jaga nikohlab berishini aytgan. 1923-yilda Usmon Xo‘ja Afg‘onistonda ham vaziyat keskinlashgani sababli Turkiyaga ko‘chib o‘tgan. Oradan ikki yil o‘tib, Hakima oyim Turkiyaga borgan va Usmon Xo‘jaga turmushga chiqqan. Qizi – Halima O‘zoy 1942-yili Tehronda tug‘ilgan. O‘g‘li – Temur Xo‘ja o‘g‘li 1947-yili Istanbulda tug‘ilgan. U Amerikaning Michigan universiteti professori bo‘lgan.

Usmon Xo‘ja dastlab Buxoro shahridagi eski maktabda, so‘ngra madrasada ta’lim olgan. Shuningdek, otasi uyga xususiy muallim yollab, uning dunyoviy bilimlarini rivojlantirgan. Po‘latxo‘ja Bog‘chasaroy, Boku, Qozon, Istanbulda nashr etiladigan gazeta va jurnallarning muntazam obunachisi bo‘lib, o‘g‘li Usmonxo‘ja ham ularni o‘qib, dunyodagi voqea-hodisalar hamda o‘zgarishlardan xabardor bo‘lib borgan.

Usmonxo‘ja otasiga savdo ishlarida ko‘maklashish maqsadida O‘sh shahriga borib turgan va u yerdagi milliy ozodlik kurashchilari bilan yaqin aloqada bo‘lgan. 1898-yil may oyida Andijonda Madali Eshon (1856–1898) rahbarligida Rossiya imperiyasi hukmronligiga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olonda Usmonxo‘ja ham ishtirok etgan. Qo‘zg‘olon bostirilgach, asirga olingan 777 kishi orasida Usmonxo‘ja va uning qarindoshlari ham bo‘lgan. Otasining aralashuvi bilan ular ozod etilib, o‘z yurtlariga qaytganlar.

Aynan shu davrdan boshlab Usmonxo‘ja Turkistonda yoyila boshlagan jadidchilik harakatlarida faol qatnashib, uning Buxorodagi ko‘zga ko‘ringan yetakchilaridan biriga aylangan.

Buxoro ziyolilari, tadbirkorlari va savdogarlari jadid maktablariga moliyaviy yordam berish maqsadida 1909-yil mart oyida “Shirkati Buxoroyi Sharif” jamiyatini tuzadilar. Bu shirkat jadid maktablarini darsliklar va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlash bilan birga, iste’dodli yoshlarni zamonaviy ta’limning yangi usullarini o‘rganish uchun turli joylarga yubora boshlaydi. Jumladan, Usmonxo‘ja va Homidxo‘ja ushbu shirkat homiyligida yangi usul maktablari bilan yaqindan tanishish uchun Bog‘chasaroy va Istanbulga jo‘natilgan.

Usmonxo‘ja 1913-yili Turkiyadan o‘z yurtiga qaytib, Buxoro shahrida amakivachchasi, yirik savdogar Latifxo‘ja uyida jadid maktabi ochgan. “Buxoroi Sharif” va “Turon” gazetalarini tashkil etish ishlarida ham ishtirok etgan. 1913-yili Usmonxo‘ja maktabining o‘quvchilari asosan o‘zining qarindoshlari bo‘lib, keyinchalik ko‘plab otalar farzandlarini bu maktabda o‘qitish uchun olib kelganlar. O‘sha yilning yozida maktab o‘quvchilari sonining ko‘payishi natijasida Usmonxo‘ja boshqa binoni ijaraga olgan va ikkita yordamchi o‘qituvchi bilan bolalarga ta’lim bergan. 1914-yili o‘quvchilar soni 200 nafarga yetgani sababli Usmonxo‘ja maktabni o‘z uyiga ko‘chirgan.

Usmonxo‘ja maktabida bolalarni yoshlariga qarab sinflarga bo‘lish, bir kunda 4–5 soatdan ortiq dars o‘tmaslik, har bir darsdan so‘ng o‘n daqiqalik tanaffus joriy qilish, diniy va dunyoviy fanlarni barobar o‘qitish, har yili bolalarga ikki oylik ta’til berish, o‘quvchilardan vaqti-vaqti bilan imtihon olib turish kabi yangi tartiblar joriy qilingan. Dars jarayonlarida milliy o‘quv qo‘llanmalar va darsliklardan tashqari, Turkiyadan olib kelingan o‘quv qurollari, globus, xaritalar, turk tiliga tarjima qilingan Yevropa adabiyotlaridan ham keng foydalanilgan.

Ulamolar va saroy amaldorlari jadid maktabdorlariga katta miqdorda pul va obro‘li yuqori lavozimlar berishni taklif qilishga uringanlarini tarixiy manbalar tasdiqlaydi. Sadriddin Ayniy (1878–1954)ning yozishicha, Buxoro qozikaloni Burhoniddinning vakili Mulla Qamariddin Usmonxo‘jaga: “Agar siz o‘z ixtiyoringiz ila maktabingizni bog‘lasangiz, tilagan eringizda qozi yoki rais qildirmoqni qozikalon tomonidan va’da beraman”, degan. Shunda Usmonxo‘ja: “Muallimlik qilishimiz ochlikdan yoki mansabga erisha olmaganimizdan emas, balki xalqqa va yurtimiz bolalariga bir oz foyda yetkazarimiz deb muncha mashaqqatlarni boshimizga yukladik. Tutgan muqaddas maslagimizni dunyo mansabiga sotmaymiz”, deb javob bergan.
Rossiyaning Buxorodagi siyosiy agenti yordamchisi Shulga Usmonxo‘ja maktabiga ogohlantirmay borib, u yerdagi sharoitlarni ko‘rib, lol qolgan. Uning yozishicha, Usmonxo‘ja o‘z uyining ichki hovlisida birinchi va ikkinchi qavatda juda keng ikkita sinfxona tashkil qilgan bo‘lib, ularda Yevropa va Buxoroda ishlab chiqarilgan stol-stullar, devor ichidagi javonlarda ikki-uchta globus hamda Samarqandda nashr etilgan ko‘plab kitoblar, talabalarga berilgan daftarlar mavjud bo‘lgan.

Usmonxo‘janing maorif sohasida islohotlarni amalga oshirish bilan birga, Turkiston mintaqasida sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning ham faol ishtirokchisi edi. Jumladan, Birinchi jahon urushi (1914–1918) davrida Rossiya imperatori Nikolay IIning front ortidagi ishlarga Turkistonlik 16 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan erkaklarni mardikorlikka olish haqidagi 1916-yilgi farmoni e’lon qilingach, ko‘tarilgan xalq qo‘zg‘olonlarining g‘oyaviy yetakchilaridan biri Usmonxo‘ja bo‘lgan.

Turkiston jadidlarining yetakchilari Munavvarqori (1878–1931), Pahlavon Niyoziy (1889–1929), Usmonxo‘ja, Qori Komil, Obidjon Mahmud (1871–1936) va boshqalar Mahmudxo‘ja Behbudiy (1875–1919)ning Samarqanddagi uyida yig‘ilib, imperator farmoniga qarshi norozilik bildirish va Turkiston uchun ko‘proq erkinliklar talab qilishni kelishib olganlar. Usmonxo‘ja keyinchalik Samarqanddagi mazkur yig‘ilish haqida shunday yozgan edi: “Men Buxoroda edim, Mahmudxo‘ja Behbudiy menga telegramma yuborib, zudlik bilan Samarqandga kelishimni so‘radi. Shunday qilib, men 1916-yilgi qo‘zg‘olonni rejalashtirish yig‘ilishida qatnashdim”.

Oradan bir yil o‘tib, 1917-yil fevralda Rossiyada sodir bo‘lgan siyosiy voqealar ta’sirida 1917-yil 7-aprelda Buxoro amiri Olimxon tomonidan islohotlar farmoni e’lon qilinishi natijasida shaharda o‘tkazilgan namoyishlarning tashkilotchilaridan biri ham Usmonxo‘ja bo‘lgan. Ushbu namoyish ishtirokchilaridan qamoqqa olingan 30 yosh buxoroliklar orasida Ahmad Nayim, aka-uka Usmonxo‘jalar hamda Otaulloxo‘ja ham bo‘lgan. Amir zindonidan qutulgan Usmonxo‘ja 15 ta sherigi bilan Yangi Buxoroga kelgan va u yerdan jadidlarning bir qismi Samarqandga, boshqa qismi Toshkentga muhojirlikka ketganlar.

1920-yil sentabrda Buxoro amirligi tugatilgach, Usmonxo‘ja yangi hukumat tarkibida moliya vaziri (1920–1921) sifatida o‘z faoliyatini boshlaydi. 1921-yili Davlat nazorati noziri, 1921-yil avgust – 1922-yil boshlarida Butun Buxoro Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining raisi lavozimlarida ishlagan.

1921-yil 10-martda Butun Buxoro Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining Sharqiy Buxoro bo‘yicha favqulodda ishlar vakilligi tuzilib, Usmonxo‘ja rais etib tayinlangan. Usmonxo‘ja Sharqiy Buxoroda yurgan davrida qizil qo‘shinlarning xalqni ayovsiz talayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va ushbu voqeadan so‘ng bayonot e’lon qilib, aholini mustaqillik uchun qurol ko‘tarib, rus askarlariga qarshi kurashishga chaqirgan.

1922-yil yanvarda sho‘rolar bilan butunlay aloqani uzib, istiqlolchilar tomoniga o‘tgan. Milliy ozodlik harakatlari mag‘lubiyatga uchray boshlagach, chet mamlakatlardan yordam so‘rash uchun Kobulga jo‘nagan. Kobulda 1922-yil 29-aprelda Buxoro Respublikasi rahbarlaridan biri sifatida Afg‘oniston amiri Omonullaxon bilan Rossiyaga qarshi kurash olib borish uchun shartnoma imzolagan.

Natija bo‘lmagach, Usmonxo‘ja Afg‘onistondan Hindiston orqali Turkiyaga otlangan. 1923-yil sentabrda Istanbulga yetib borgan va Turkiya hukumatiga siyosiy boshpana so‘rab murojaat qilgan. Usmonxo‘jani o‘z mehmonidek qabul qilgan Mustafo Kamol unga endigina shakllanib kelayotgan yosh Turkiya Respublikasi hukumatida mas’ul vazifada ishlashni taklif etgan. Bu taklifga javoban Usmonxo‘ja bundan keyin Turkiston madaniyati masalalari bilan shug‘ullanish maqsadi borligini aytgan. Mustafo Kamol Usmonxo‘jaga Turkiya davlati miqyosida nafaqa belgilagan. Ushbu nafaqani Usmonxo‘ja umrining oxirigacha, vafotidan so‘ng esa xotini olgan.

Usmonxo‘ja bolsheviklarning bosqinchilik siyosatini qoralovchi maxsus gazeta “Yangi Turkiston” (“Yeni Turkistan”)ga asos solgan. Natijada Usmonxo‘janing sovetlarga qarshi g‘oyaviy kurashidan norozi bo‘lgan bolsheviklar Turkiya hukumatiga tazyiqlar o‘tkazishni boshlagan. Turkiya Vazirlar Kengashining qarori bilan Usmonxo‘ja 1938-yil oktabr oyida Turkiyadan haydab chiqarilgan.

Usmonxo‘ja 1938–1939-yillari Polsha poytaxti Varshavada va Ikkinchi jahon urushi davrida Eron poytaxti Tehron shahrida yashagan. Sovet josuslari Usmonxo‘jani Eronda ham izlagan. 1944-yil oxirida Turkiya Usmonxo‘jani qaytadan qabul qilgan va u Istanbulga qaytgan.

Usmonxo‘ja 1951–1957-yillar oralig‘ida Pokistonda yashagan va u yerda Turkiston jamiyatini tuzgan. 1957-yili Istanbulga qaytgan va umrining oxirigacha shu yerda yashagan.

1968-yil 28-iyulda Istanbulda vafot etgan.