Munavvarqori Abdurashidxonov
?>
(1878 – 1931)
Turkistonni Rossiya imperiyasidan qutqarish, milliy davlatchilikni tiklash ishiga o‘zini bag‘ishlagan tolmas va qo‘rqmas kurashchi. Jadidchilik milliy harakatining yirik va yorqin vakili. Ilmiy va ma’rifiy yuksalish g‘oyalarini olg‘a surgan buyuk shaxs. 20-yuzyillik o‘zbek matbuoti va yangicha maktabchilik asoschisi.
Munavvarqori Abdurashidxonov 1878 yili Toshkentning Shayx Hovandi Tahur dahasi “Darxon” mahallasida tug‘ilgan.
Otasi – Abdurashidxon (Abdulmajidxon) Sotiboldixon Olimxon o‘g‘li (1885 yili o‘lgan) zamonasining ma’rifatparvarlaridan bo‘lib, mahallasidagi Eshonquli dodxoh madrasasi va o‘z hovlisida maktab ochib, 40 o‘quvchiga dars bergan.
Onasi – Xosiyat otin (1845 – 1931). Toshkentning mashhur olimlaridan Xonxo‘ja Shorahimxo‘jayevning (1841 – 1941) qizi, o‘z hovlisida xotin-qizlarni o‘qitgan.
Akalari – A’zamxon (1872 – 1919), Muslimxon (1875 – 1954).
Munavvarxon ilk ta’limni onasidan olib, xat-savodi chiqqach, toshkentlik Usmon domla qo‘lida o‘qigan. Qur’oni karimni xatm qilib, “qori” unvoniga erishgach, hali ilmga yaxshi kirib borolmaganini fahmlab, Yunusxon podsho va Eshonqul dodxoh madrasalarida o‘qigan. Bir muddat Buxoro madrasalarida ham tahsil olgan.
1901-yili Munavvarqori Abdurashidxonov do‘sti va maslakdoshi Abdusamiqori Ziyoboy o‘g‘li bilan birgalikda Shayx Hovandi Tahur dahasida Mirdadahojiboyning mehmonxonasida yangicha maktabi ochgan. U Turkistonni qoloqlik, millatni mustamlaka zulmidan qutqarishning birdan-bir yo‘lini ilm-ma’rifat, zamonaviy texnikani egallashda, deb bilgan. Oldiniga maktabda 15 – 20 bola tahsil olgan bo‘lsa, keyinchalik ularning soni oshib borgan. 1913-yilga kelib, Munavvarqori maktabining o‘quvchilari soni 150 taga yetgan. Maktabda Istanbul, Qozon, Qrimdan olib kelingan diniy va dunyoviy risolalar, alifbo va o‘qish kitoblari asosida ta’lim berilgan. Munavvarqori o‘zi tuzgan o‘quv dasturlari asosida ta’lim bergan va o‘quvchilardan imtihon olgan. Imtihonlarga o‘quvchilarning ota-onalari, din peshvolari, olimlar, shoirlar, boylarni taklif qilgan.
Munavvarqori Abdurashidxonov maktab o‘quvchilari uchun yozilgan bir qator darsliklar muallifidir. Uning “Adibi avval” darsligi Toshkentda 1907 – 1917 yillari sakkiz marta nashr qilingan. Bu darslik yangicha maktablarining ikkinchi sinflari uchun yaratilgan bo‘lib, axloqiy va fanniy darslardan iborat. Uning diniy fanlarga oid “Havoyiji diniya” (3-qism), “Tarixi anbiyo”, “Tarixi Islomiya” (“Musulmonchilikning tarqalishi va uning tarqatuvchilari”) darsliklari yozilgan bo‘lib, nafaqat o‘z maktabi, balki Qo‘qondagi yangicha maktabda foydalanilganligini arxiv hujjatlari tasdiqlaydi. Munavvarqori Abdurashidxonov geografiya fanida foydalanish uchun 1908-yili “Yer yuzi” darsligini yozadi. 1928-yilgacha Turkiston maktablarida o‘qitilgan ushbu kitob 88 ta dars, ya’ni mavzudan iborat.
Munavvarqori Abdurashidxonov ilg‘or oliy o‘quv yurti tashkil qilishga ham alohida e’tibor qaratgan va uning tashabbusi bilan 1918-yil 31 -may kuni Turkiston musulmon xalq dorilfununini ochilgan.
Munavvarqori Abdurashidxonov toshkentlik boylar Saidkarimboy Saidzimboy o‘g‘li, Komilbek Norbekov (1880 – 1943) va Karimbek Norbekov (1884 – 1969) kabilar homiyligida 1909-yil 15-iyulda maqsadi “o‘zbek halqining bilim bilan oqartirish, yetim, yetima yoki ota-onasi yo‘qsil bo‘lgan bolalarni o‘qittirishdan iborat bo‘lgan” “Jamiyati imdodiya”ni (“Yordam”) tuzadi. Uning 41 banddan iborat nizomi ham tasdiqlanadi.
Ushbu jamiyat homiyligida Abdulhay Tojiy, Mirmuhsin Shermuhammedov, Lutfulla Olimiy, Fayzulla Usmonov Ufadagi Oliya madrasasida o‘qishni davom ettirgan bo‘lsalar, keyinchalik Kavkaz, Usmonlilar davlati, Misr dorilfununlariga yuborilganlar.
Munavvarqori Abdurashidxonov va Abdulla Avloniy (1878 – 1934) 1913-yili “Jamiyati imdodiya” negizida toshkentlik jadidlar va boylar bilan birgalikda “Turon” jamiyatiga asos soladilar, 75 moddadan iborat nizomini qabul qiladilar. 1913-yil oxirlariga kelib a’zolari soni 44 kishiga yetgan jamiyatning “Turon” teatr guruhi, “Turon” kutubxonasi va qiroatxonasi, “Turon kutubxonasi” nashriyoti va “Turon” gazetasi bor edi.
1917-yil fevralida Rossiya imperiyasi markazida yuz bergan siyosiy o‘zgarishlardan so‘ng Turkiston taraqqiyparvarlari milliy davlatchilikni tiklash uchun jiddiy harakat boshlab yuborganlar. Munavvarqori Abdurashidxonov 1917-yil 16 – 23 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan Umumturkiston musulmonlari qurultoyining o‘tkazilishiga bosh bo‘lgan. Aynan ushbu yig‘inda Turkistonga muxtoriyat berish masalasini ilk bor ko‘tarib chiqilgan edi.
1917-yil yozida Toshkent shahrida Munavvarqori Abdurashidxonov boshchiligidagi taraqqiyparvarlar va turk zobitlari “Ittihodi taraqqiyparvar” tashkilotini tuzganlar. Turk zobiti Usmonbek ushbu tashkilot raisi etib tayinlangan. Tashkilot bolsheviklarning mustamlakachilik siyosatini tanqid qilish, yoshlarni siyosiy faollashtirish va maktab ishlarini isloh qilish bilan mashg‘ul bo‘lgan.
Munavvarqori Abdurashidxonovning matbuot sohasidagi ilk faoliyati 1906-yili I. Geyer muharrirligidagi “Taraqqiy O‘rta Osiyo umrguzorligi” gazetasida boshlangan. “Taraqqiy” gazetasining bosh g‘oyasi mustamlakachilikdan ozod bo‘lish va bosh maqsadi millatni taraqqiy ettirish edi. Bu esa, o‘z navbatida, Rossiya imperiyasining Turkistondagi mustamlakachilik siyosatiga zid bo‘lib, tez orada uning faoliyatiga chek qo‘yilgan. Munavvarqori Abdurashidxonov qisqa muddatdan so‘ng “Xurshid” gazetasiga asos solgan. “Xurshid” haftada bir marta, sakkiz sahifada nashr etilgan. Bu gazeta ham ta’qib ostida bo‘lgani uchun atiga ikki oy davomidagina faoliyat olib borgan.
1917-yil fevral voqealaridan keyin siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etgan Munavvarqori Abdurashidxonov “Najot” gazetasiga asos soladi.
Turkiston muxtoriyatini tayyorlashda muhim vazifani bajargan “Kengash” gazetasi 1917-yil 25-iyundan chiqa boshlagan. Uning dastlabki 7 ta soniga Ahmad Zaki Validiy (1890 – 1970), so‘ngra Munavvarqori Abdurashidxonov muharrirlik qilganlar.
Keyingi yillari matbuotchilik bilan shug‘ullanmasa-da, “Ishtirokiyun”, “Qizil bayroq”, “Turkiston”, “Qizil O‘zbekiston” gazetalari va “Haqiqat” jurnalida chiqishlar qilib turgan.
Munavvarqori Abdurashidxonov “Adibi avval” (Toshkent, 1907), “Adibus soniy” (Toshkent, 1907), “Usuli hisob” (Toshkent, 1911), “Havoyiji diniya” (Toshkent, 1912), “Tajvid” (Orenburg, 1911), “Tarixi qavmi turk” (Qozon, 1911), “Tarixi anbiyo” (Toshkent, 1912), “Tarixi islomiya” (Toshkent, 1912), “Dahrunnajot” (Qozon, 1912), “Sabzavor” (Toshkent, 1914), “Yer yuzi” (Toshkent, 1917), “O‘zbekcha til saboqligi” (Toshkent, 1925; 1,2,3-qismlar), “O‘zbekcha til saboqligi” (1926. 4-qism, bosilmagan) kabi darslik va risolalar yozgan.
1929-yil 6-noyabrda Munavvarqori Abdurashidxonov boshchiligida 38 kishi “Milliy Ittihod” va “Milliy Istiqlol” tashkilotlarining a’zolari sifatida qamoqqa olinadilar. Oradan ko‘p o‘tmay, qamoqqa olinganlar miqdori 87 kishiga yetgan. Tergov jarayoni keyinchalik Moskvaga ko‘chirilgan. Bu holat sovet rejimining o‘zbek ziyolilari “millatchiligi”ni fosh qilishga jon-jahdi bilan kirishganidan dalolat beradi, albatta. 1931-yil 23-aprelda Moskvada bo‘lib o‘tgan sud majlisida “Milliy Istiqlol” a’zolaridan Munavvarqori va uning 14 safdoshi otib o‘ldirishga, yana 70 kishi uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilinganlar. O‘lim jazosi o‘sha kuni Moskvada ijro etilgan.
Dilnoza Jamolova