Mahmudxo‘Ja Behbudiy


?>

(1875–1919)

Turkistonni Rossiya imperiyasidan qutqarish, milliy davlatchilikni tiklash ishiga o‘zini bag‘ishlagan tolmas va qo‘rqmas kurashchi. Jadidchilik milliy harakatining yo‘lboshchisi. Ilmiy va ma’rifiy yuksalish g‘oyalarini olg‘a surgan buyuk shaxs. Uning “Haq olinur, berilmaydur!” chaqirig‘i jadidlarning shioriga aylangan.

1868-yili Samarqand Rossiya imperiyasi tomonidan egallab olingach, Behbudxo‘ja oilasi bilan Siyob bo‘lisidagi Baxshitepa qishlog‘iga ko‘chib kelgan. Mahmudxo‘ja 1875-yil 19-yanvarda shu qishloqda tug‘ilgan.

Bolaligida o‘tkir zehnli va o‘qishga juda havasli bo‘lgan. Ustozi saboqni bir marta tushuntirishi yetarli bo‘lgan. Juda bosiq, odobli, kamgap, o‘yin-kulguni sevmaydigan bo‘lgan. Voyaga yetganda tengdoshlaridan g‘oyat zakovatliligi, ziyrakligi, quvvai hofizaligi va so‘zga ustaligi bilan ajralib turgan.

Otasi – Sultonxo‘ja (Behbudxo‘ja) Solihxo‘ja o‘g‘li (vafoti 1894).
Xo‘ja Ahmad Yassaviyning (1041–1167) o‘g‘li Qori Niyozxo‘ja Urganjiy (tug‘ilgan va vafot etgan yili noma’lum) avlodi bo‘lib, o‘ziga “Behbudxo‘ja” deb taxallus olgan.
O‘g‘illari – Mas’udxo‘ja (1893), Maqsudxo‘ja (1908–1932), Matlubxo‘ja (1912–1942).
Qizi – Surayyobegim (Parvinxon) (1902–1987).

Mahmudxo‘ja Behbudiy farzandlarining bilim olishiga alohida e’tibor qaratgan. Xususiy o‘qituvchilar yollab, rus, fransuz va xorijiy tillarni o‘rgatgan. Kobud volostida 10 desyatina yeri bo‘lgan.

Mahmudxo‘ja tog‘asi qozi Muhammad Siddiq tarbiyasi va qaramog‘ida o‘sib voyaga yetadi. Arab tili grammatikasini kichik tog‘asi Mulla Odildan o‘rganadi. Buxoro madrasalarida tahsil olib yurgan paytlarida dastlab onasi (1893), so‘ng otasi (1894) vafot etgach, moddiy qiyinchiliklar sabab o‘qishni nihoyasiga yetkazolmaydi. Samarqandga qaytib, Muhammad Siddiq qozixonasida mirzolik qila boshlaydi. Tog‘asi qozilikdan bo‘shagach, Kobud volosti qozisi Mulla Zubayr Yaxshiboy o‘g‘li qabulida mirzolik qila boshlaydi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy ikki marta — 1899–1900-yillari va 1914-yili haj ziyoratini amalga oshirgan. Haj ziyorati davrida Istanbul, Makka, Madina, Bayrut, Quddus, Yofo shaharlaridagi maorif, san’at va madaniyat, ayollar hamda yoshlar masalalariga e’tibor qaratib, Turkistonda ham ilmiy, fanniy va madaniy yangiliklarni zudlik bilan amalga oshirish vaqti kelganini chuqur anglab yetgan. Istanbuldagi xayriya jamiyatlari faoliyati bilan tanishgan va aloqalar o‘rnatgan.

Mahmudxo‘ja Behbudiy millatning kelajagini belgilab beruvchi maktab masalasiga alohida e’tibor qaratgan. Yangi usul maktablari ochib, ularda zamonaviy fanlarni o‘qitishni joriy qilgan.

Mahmudxo‘ja Behbudiy 1903-yili Samarqandda 3 ta jadid maktabi ochilishiga boshchilik qilgan. Uning qo‘llab-quvvatlashi bilan ochilgan birinchi maktab Siddiqiy Ajziy (1864–1927) maktabi bo‘lib, 1903–1916-yillari Halvoyi qishlog‘ida faoliyat yuritgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy boshchiligida ochilgan ikkinchi maktab Hoji Muin (1883–1942) maktabi bo‘lib, Xo‘ja Nisbatdor mahallasida faoliyat yuritgan. Samarqanddagi yangi usul ta’lim muassasalarining eng mashhuri Abduqodir Shakuriy maktabi bo‘lgan. Abduqodir Shakuriy (1875–1943) 1903-yili Mahmudxo‘ja Behbudiy yordami bilan otasidan qolgan bog‘da 25 bola tahsil olishi mumkin bo‘lgan jadid maktabini ochgan.

Mahmudxo‘ja Behbudiy maktablar uchun “Alifbo maktabi islomiya” (1904), “Muntaxabi jug‘rofiyayi umumiy” (Qisqacha umumiy jug‘rofiya, 1906), “Kitobat ul-atfol” (Bolalar uchun kitob, 1908, 1914), “Muxtasari tarixi islom” (Islomning qisqacha tarixi, 1909), “Amaliyoti islomiya” (1908), “Madxali jug‘rofiyayi imroniy” (Aholi jug‘rofiyasiga kirish, 1905), “Muxtasari jug‘rofiyayi Rusiy” (Rossiyaning qisqacha jug‘rofiyasi, 1905), “Hisob” (1918) darslik va o‘quv qo‘llanmalarini yozgan.

Mahmudxo‘ja Behbudiy qizlar ta’limiga alohida e’tibor qaratgan. Qizlarga ta’lim berish joizligini asoslab berish uchun shaxsiy namuna ko‘rsatib, qizi Parvinxonni jadid maktabida o‘qitgan, xususiy muallima yollab, fransuz tilini o‘rgatgan. Parvinxon Samarqand shahri yaqinidagi Qoziqo‘rg‘on qishlog‘ida yoshlarga fransuz tilidan dars bergan.

Mahmudxo‘ja Behbudiy zamonaviy kutubxona tashkil qilishda ham birinchilardan bo‘lgan. U 1908-yil 11-sentabrda shaharning “Yangi rasta” qismida kutubxona ochgan.

1914-yili Mahmudxo‘ja Behbudiy kutubxonani o‘z hovlisiga ko‘chirgan va unga “Behbudiya kutubxonasi” deb nom bergan. Mahmudxo‘ja Behbudiyning vafotidan keyin kutubxona qarovsiz qolgan. 1924-yilga kelib kutubxonasida saqlanayotgan 659 ta turkiy, 923 ta rus tilidagi kitoblari qayerga olib ketilgani va saqlanayotgani noma’lum bo‘lib qolgan. Kutubxonadan mas’ul ishchilar ham xabar olmay qo‘ygan.

Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z bosmaxonasiga ham ega bo‘lgan. “Nashriyoti Behbudiy” deb atalgan bu bosmaxona qachon ochilgani, bosmaxona asboblari qayerdan sotib olingani haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q. Taxminan kutubxona ochgan yili ishga tushgan bo‘lishi mumkin. Bosmaxonada ilk bor Behbudiyning turkiy tilda tuzgan Turkiston, Buxoro, Xiva xaritasi, darsliklari, qo‘llanmalari, “Padarkush” dramasi va Fitratning “Hind sayyohi qissasi” ruschaga o‘girilib chop etilgan. Behbudiy bu kitoblarni o‘z hisobidan nashr qilib, tarqatgan. Nashriyot 1915-yilgacha, ya’ni “Oyna” jurnali faoliyati to‘xtaguniga qadar faoliyat yuritgan.

Mahmudxo‘ja Behbudiy milliy matbuot sohasi rivojiga ham munosib hissa qo‘shgan. Uning “Samarqand” gazetasi 1913-yil 15-apreldan Samarqand shahrida haftada 2 marta o‘zbek, fors va rus tillarida 400–600 nusxada chiqqan. Hukumatning doimiy tazyiqi, qadimchilar tomonidan xalq orasida gazeta o‘qiganlarni kofir, deb targ‘ib qilinishi natijasida “Samarqand” gazetasi obunachilari soni keskin kamayib boravergan. 1913-yil 17-sentabrda bir betdan iborat “Samarqand” gazetasining oxirgi 45-soni chiqqan va faoliyati to‘xtagan.

Milliy matbuotga bo‘lgan muntazam qarshiliklarga qaramay, Mahmudxo‘ja Behbudiy “Oyna” jurnaliga asos solgan. Uning birinchi soni 1913-yil 20-avgustda chop etilgan. Behbudiy jurnalni “Mir’ot” (arab), “Ko‘zgu” (o‘zbek), “Oyna” (tojik) va “Zerkalo” (rus) deb to‘rt tilda nomlagan. O‘zbek hamda tojik tilidagi maqolalar qabul qilingan va nashr qilingan. Jurnalda rus tilida reklama va e’lonlar berib borilgan. Jurnalning birinchi soni 24 sahifadan iborat bo‘lib, ikkinchi soni 2 oydan keyin chiqqan. Ikkinchi sondan boshlab uzluksiz chiqqan va obunachilarga 52 ta jurnal yetib borgan. Jurnaldagi maqolalar siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va diniy mavzularni qamrab olgan.

1915-yilga kelib “Oyna” jurnali faoliyati butunlay to‘xtatilgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiy siyosiy jarayonlarda ham faol ishtirok etgan bo‘lib, XX asr boshidagi Turkistonning yirik siyosiy arboblaridan biri edi. Uning 1907-yili ishlab chiqqan yirik loyihasi “Turkiston madaniy muxtoriyati” hujjati mintaqa xalqlari manfaatlarining ifodasi bo‘lib, unda davlat ishlarini turkiy tilda yuritish, milliy idoralar tashkil etish va unga turkiy millatga mansub ziyolilardan Dumaga a’zolar saylash qat’iy belgilab qo‘yilgan. Rossiya imperiyasi tarkibidagi mustamlaka xalqlar nomidan Davlat dumasi o‘z bilganicha ish tutmasligi, har bir mamlakatning tabiiy, ijtimoiy va madaniy sharoitlaridan kelib chiqib qonunlar chiqarishi kerakligi ta’kidlangan.

1917-yil martda Turkistonda mustaqillik va milliy davlatchilikni tiklash harakatlari boshlanib, uning boshida Turkiston jadidchiligining yirik namoyandalari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xo‘jayev va boshqalar turganlar.1917-yil 26–28-noyabrda Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan Butunturkiston musulmonlarining favqulodda IV qurultoyida Turkiston Muxtoriyati hukumati tashkil qilingan. Qurultoy jarayonida Milliy Majlis tarkibiga Turkiston jadidchilik harakatining ko‘zga ko‘ringan vakillari Ubaydulla Xo‘jayev (1878–1937), Nosirxonto‘ra Kamolxonto‘ra o‘g‘li (1871–1938), Obidjon Mahmudov (1871–1936), Mahmudxo‘ja Behbudiy va boshqalar kiritilgan. Hukumatning dastlabki tarkibiga Ubaydulla Xo‘jayev harbiy vazir, Obidjon Mahmudov oziq-ovqat vaziri, Nosirxonto‘ra Kamolxonto‘ra o‘g‘li maorif vaziri (1917-yil dekabr) sifatida ham kiritilishi jadidlarning siyosiy jabhadagi mavqelarini ko‘rsatdi.

Milliy davlatchilikning qaror topishi birinchi navbatda jadidlarni quvontirdi va ular Vatanlari hamda xalqlarini Muxtoriyat bilan tabriklab, uni asrab-avaylashga chaqirdilar.Mahmudxo‘ja Behbudiy 1919-yili bolsheviklarga sotilgan Qarshi begining buyrug‘iga ko‘ra o‘ldirilgan. Uning qatl qilingani Samarqandda bir yil o‘tib ma’lum bo‘lgan. Qabri noma’lum.

Dilnoza Jamolova