Hoji Muin Shukrullo
?>
(1883–1942)
Jadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan Hoji Muin Shukrullo Turkistonni Rossiya imperiyasidan qutqarish, milliy davlatchilikni tiklash ishiga o‘zini bag‘ishlagan tolmas va qo‘rqmas kurashchi bo‘lib, ilmiy va ma’rifiy yuksalish g‘oyalarini ilgari surgan buyuk shaxsdir. U o‘qituvchi, noshir, jurnalist va dramaturg bo‘lib, arab, fors, turk, ozarbayjon va rus tillarini mukammal bilgan.
1883-yil 15-martda Samarqand shahrining “Ruhobod” guzarida tug‘ilgan.
Otasi – Shukrullo Mirsaid o‘g‘li (1863–1895).
Onasi – Nusratoy Bobokalоn qizi (1866–1890).
Bobosi – Mirsaid Muhammadsharif o‘g‘li (tug‘ilgan yili noma’lum).
Ota-onasi vafot etgach, 12 yoshli Hoji Muinni Ruhobod guzari masjidida imomlik qilgan bobosi tarbiyasiga olgan. Bobosi 1902-yili 76 yoshida vafot etgan. Bobosining otasi Muhammad Sharif o‘g‘li Samarqanddan 120 kilometr uzoqda bo‘lgan Keshut qishlog‘idan bo‘lgan. Amir Nasrullo hukmronligi davrida Buxoroda o‘qigan. O‘qishni tamomlagach, Samarqandga kelib, madrasalardan birida mudarrislik qilgan hamda Ruhobod guzaridagi masjidda imomlik qilgan. 1846-yili 82 yoshida vafot etgan.
Dastlab maktab, so‘ngra madrasada ta’lim olgan. 12 yoshida savodi chiqqan, 15 yoshgacha hisob ilmini, kasr va tanob qoidalarini o‘rgangan. 18 yoshgacha arabcha sarf, nahv va diniy ilmlar bo‘yicha tahsil olgan.
Hoji Muin 1900-yili Turkiston jadidchilik harakatining otasi Mahmudxo‘ja Behbudiy (1875–1919) bilan tanishgan. Shu tariqa, Hoji Muin Mahmudxo‘ja Behbudiyni o‘ziga ustoz deb bilgan va uning haqiqiy izdoshiga aylangan.
Hoji Muin madrasani tamomlab, eski maktabda muallimlik qilgan. Abduqodir Shakuriy (1875–1943) “Hoji Nisbatdor” mahallasidagi yangicha maktabdan ta’sirlanib, 1903-yili o‘zi ham shunday maktab ochgan va 1916-yilgacha 1000 tagacha bolaning savodini chiqargan.Hoji Muin o‘qituvchilik qilish bilan birga maktab o‘quvchilari uchun darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar ham yozgan. 1908-yili tojik tilida “Rahnamoi savod” (“Savod yo‘li”), Rahmatullazoda bilan hamkorlikda o‘zbek tilida “O‘qituvchi” alifbo kitoblarini va 1915-yili esa “Yangi adabiyot” darsligini nashr ettirgan.
Hoji Muin arab, fors, turk, ozarbayjon va rus tillarini mukammal bilganligi sababli adabiy tarjimonlik bilan shug‘ullangan. Abdurauf Fitrat (1886–1938)ning 1911-yili yozilgan “Hindistonda bir farangi bilan buxorolik bir mudarrisning jadid maktablari xususinda qilg‘on munozarasi” asarini fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 1915-yili Imom Moturidiy (853–944)ning aqidalari asosida Munavvarqori Abdurashidxonov (1878–1931) tomonidan tuzilgan “Aqidai islomiyа” (“Islom aqidalari”) asarini fors tiliga o‘girib, Samarqandda nashr qildirgan. Shuningdek, Abduqodir Shakuriyning iltimosiga binoan, bolalar uchun tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan turkiy she’rlarni fors tiliga tarjima qilgan hamda Mahmudxo‘ja Behbudiy ko‘magida “Guldastayi adabiyot” nomi bilan nashr ettirgan. To‘plamda o‘zining “Xitob va go‘daki beilm”, “Nasihat”, “Muxammas”, “Ittifoq”, “Shikoyat”, “E’tirof” kabi she’rlari ham o‘rin olgan.
Hoji Muin Nahif (Ojiz) va Mehriy taxalluslari bilan she’rlar yozgan. She’rlarida ilm olishning ahamiyati, jamiyatdagi illatlar, ijtimoiy va siyosiy masalalar yetakchilik qilgan. Jumladan, XX asr boshlarida Turkiston jamiyatida tobora ildiz otib borayotgan poraxo‘rlik illati haqida Mulla Junbul taxallusi bilan bir nechta she’rlar yozgan. “Mashrab” jurnalining 1924-yil 15-sonida “Xizmatlarim”, 1925-yil 16-sonida “Pora ber” she’rlari chop qilingan.
Hoji Muinning dramaturgiyaga qiziqishi va shu yo‘nalishda ijod qilishiga Abdurauf Fitrat va Mahmudxo‘ja Behbudiyning alohida o‘rni bor. Abdurauf Fitratning “Munozara” dramasini fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilish jarayonida ushbu yo‘nalishda o‘zini sinab ko‘rishga qaror qilgan. Nusratulloh Qudratulloh o‘g‘li bilan birga 1914-yili “To‘y”, 1915-yili “Eski maktab, yangi maktab”, keyingi yillarda “Ko‘knori”, “Mazluma xotin” (1916), “Maorif qurbonlari”, “Ju’vonbozlik qurbonlari”, “Boy ila xizmatchi”, “Qozi ila muallim” kabi sahna asarlarini yozgan. Hoji Muin yaxshi aktyor ham bo‘lib, teatr sahnasida bosh qahramonlardan birini mahorat bilan ijro etgan.
1913-yildan Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Samarqand” gazetasi va “Oyna” jurnalining nashr ishlariga ko‘maklashishni boshlagan Hoji Muin 1914-yili ustozining hajga ketishi munosabati bilan jurnalning 33–43-sonlariga muharrirlik qilgan. 1913–1915-yillari “Samarqand” gazetasi va “Oyna” jurnalida faoliyat ko‘rsatgan. 1916–1917-yillari mardikorlikka yuborilgan. 1917–1918-yillari “Hurriyat” gazetasiga muharrirlik qilgan.
1917-yili Rossiya imperiyasi markazida yuz bergan fevral voqealaridan keyin Hoji Muin ham o‘z ustozlari va safdoshlari kabi yurt ozodligi, millat erki uchun dadil qadamlar qo‘yish fursati kelganini his qilgan, matbuotdagi faoliyatini yanada kuchaytirgan. Chiqishlarida siyosiy masalalarga kuchliroq va kengroq urg‘u bera boshlagan. Turkiston Muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlagan Hoja Muin “Hurriyat” gazetasi orqali xalqni uyg‘onishga undab, ozodlik uchun kurashga chorlagan. Bolsheviklarga qarshi keskin munosabati ifodalangan “Yurt qayg‘usi”, “Sho‘royi islomiya va saylov”, “Bolsheviklar va biz”, “Namoyish to‘g‘risida” kabi maqolalari xuddi shu paytlarda e’lon qilingan.
1924-yili “Mashrab” hajviy jurnaliga asos solgan Hoji Muin Boturbek, Mashrab, Ezma, A’rofiy, Chaqqimchi, Mug‘ombir kabi taxalluslar bilan xalqning qoloqligi va nochorligini ko‘rsatuvchi, hukumat idoralaridagi boshboshdoqlik va talonchilik kabi illatlarni fosh qiluvchi hajviy maqolalarini e’lon qilib borgan.
1926-yilda senzura tufayli “Mashrab” hajviy jurnali faoliyati to‘xtatilgach, “Mushfiqiy” jurnali tahririyatida, 1929-yildan “Ovozi tojik” gazetasida musahhih bo‘lib ishlagan. Gazetaning 1929-yil 24-aprel sonida “1-may – Mehnatkashlar kuni”ni targ‘ib qiluvchi rus tilidagi “... da zdravstvuyet kommunisticheskiy internatsional!” shiorining tarjimasini tojik tilida “... nest bod kommunisti baynalmilal!” (“Yo‘qolsin kommunistik internatsional”) deb chop ettirgan. Ushbu “xatosi” tufayli 1929-yil 29-sentabrdan Sibirga surgun qilingan. 1932-yili Kansk okrugining Puchagan tumanidagi surgundan qaytgach, O‘zbekiston davlat nashriyotining tojik bo‘limida adabiy xodim (1932–1934), “Qizil Yulduz” gazetasi muxbiri (1934–1937) sifatida faoliyat yuritgan.
Hoji Muin 1938-yil 24-yanvarda “aksilsho‘roviy tashviqot olib borish, ingliz josusi Said Afandi Fazliddinov rahbarligidagi isyonchi guruh a’zosi” sifatida ayblanib, 10 yil surgun qilingan. 1942-yil 21-iyulda Rossiya Federatsiyasi Perm viloyatining Solikamsk shahrida azob-uqubatda vafot etgan.
Dilnoza Jamolova