Abdurauf Fitrat
?>
(1886 – 1938)
Turkistonni Rossiya imperiyasidan qutqarish, milliy davlatchilikni tiklash ishiga o‘zini bag‘ishlagan tolmas va qo‘rqmas kurashchi. Ilmiy va ma’rifiy yuksalish g‘oyalarini olg‘a surgan buyuk shaxs. Jadidchilik harakatining yirik va yorqin vakili. Siyosiy va ma’rifiy qarashlari XX asr boshlarida Turkiston milliy uyg‘onish harakatining norasmiy dasturiga aylangan hamda yoshlar dunyoqarashining o‘zgarishi va ularning jadidlar safiga kelib qo‘shilishiga sababchi bo‘lgan.
Buxoro shahrida 1886 yili savdogar oilasida tug‘ilgan.
Otasi – Abdurahimboy (tug‘ilgan va vafot etgan yili noma’lum). Avvaliga sarrof bo‘lgan, so‘ngra tijorat va savdogarchilik bilan shug‘ullangan. U kasbi nuqtayi nazaridan oilasini tez-tez tashlab, uzoq o‘lkalarga savdo-sotiq qilish uchun ketgan va 1913 yili Koshg‘arga savdo ishlari bilan ketib, qaytmagan.
Onasi – Bibijon (ayrim tadqiqotlarda Mustafabibi, Nastarinbibi deb atalgan) (1866 – ?). Nozikta’b shoira ayol bo‘lib, farzandlar ta’lim-tarbiyasi bilan asosan u shug‘ullangan.
Ukasi – Abdurahmon.
Singlisi – Mahbuba.
Ular haqida ma’lumotlar juda oz saqlanib qolgan. Abdurahmon XX asrning 10-yillarida Yangi Buxoro (hozirgi Kogon) bosmaxonasida harf teruvchi bo‘lib ishlagan. Mahbubaning she’riyatga qiziqishi baland bo‘lib, she’rlari nashr qilib turilgan.
Abdurauf Fitratning birinchi turmush o‘rtog‘i Mutal Burhonovning ammasi Fotimaxon Burhonova bo‘lgan. Ayrim sabablarga ko‘ra, u bilan ajrashib, Hikmatoy Fitratovaga uylangan va o‘gay qizi Sevaraxon Fitratova bilan yashagan.
Abdurauf dastlab Buxorodagi eski maktabda, so‘ngra Mir Arab madrasasida tahsil olgan. 1908 yili Buxoroda Abduvohid Munzim tashabbusi bilan tuzilgan “Tarbiyai atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) jamiyatining moddiy va ma’naviy yordami bilan Istanbulga o‘qishga ketgan.
Abdurahim dastlabki she’rlarini Mijmar (cho‘g‘don; xushbo‘y narsalar solib tutatiladigan idish nomidan) taxallusi bilan fors tilida yozgan. 1909 yili Istanbulda fors tilida e’lon qilgan “Hindistonda bir farangi ila buxorolik mudarrisning jadid maktablari xususinda qilg‘on munozarasi” asarida ilk marta Fitrat Buxoroli taxallusini qo‘llaydi.
Istanbul dorilfununida tahsil olayotgan Usmonxo‘ja (1878 – 1968), Abdurauf Fitrat va boshqalar Turkiyada o‘qiyotgan vatandosh o‘quvchi-talabalarga ham iqtisodiy, ham ma’naviy yordam ko‘rsatish, Buxoro va Turkistondan talabalar kelishini ko‘paytirish hamda muntazamlashtirish maqsadida “Tarbiyai atfol”ning Istanbul shoxobchasiga asos soladilar va uning mukammal Nizomnomasini ishlab chiqadilar. Bu hujjat 1909 yilda Istanbulning Vazirxon ko‘chasida joylashgan “Matin” tipografiyasida nashr qilingan bo‘lib, 4 bobdan iborat.
Fitrat 1913 yil bahorida Istanbuldan Buxoroga qaytadi va o‘qituvchilik qilgan. 1915 yildan Yosh buxoroliklar harakatining so‘l qismiga boshchilik qilgan. 1917 yil aprelda Buxoro amirining farmoni e’lon qilingandan keyin uyushtirilgan namoyish oqibatida Samarqandga ketgan. 1917–1918 yillarda chiqqan “Hurriyat” gazetasiga muharrirlik qilgan.
Fitrat 1917 yil 27 noyabrda e’lon qilingan Turkiston Muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlagan. “Hurriyat” gazetasining 1917 yil 5 dekabrda e’lon qilingan “Muxtoriyat” maqolasida Turkiston Muxtoriyatini qutlab, uni saqlab qolish kerakligini ko‘rsatgan.
Rossiyada hokimiyatni egallagan bolsheviklar Xiva xonligi va Buxoro amirligini tugatib, ularni butunlay o‘z mustamlakasiga aylantirishga qaror qilgan. Turkiston Muxtoriyati hukumatini 1918 yil fevralda qonga botirgan bosqinchilar Buxoro amirligini egallashga kirishdi. 1918 yil 2 martda Turkiston Xalq Komissarlari Soveti raisi F. Kolesov (1891 – 1940) amirlikka qarshi harbiy harakatlarni boshlaydi.
Urush bosqinchilarning mag‘lubiyati bilan tugaydi. Buxoro amiri Olimxon (1880 – 1944) urushning boshlanishiga sabab bo‘lgan, F. Kolesovga yordam bergan Yosh buxoroliklarni ayblaydi va ularga qarshi keskin choralar qo‘llay boshlaydi. Buning oqibatida Fayzulla Xo‘jayev (1896 – 1938) boshchiligidagi Yosh buxoroliklar amirlik hududidan qochishga majbur bo‘ladilar.
Abdurauf Fitrat Kolesov voqeasidan keyin Toshkentga ko‘chib kelgan va 1919–1920 yillari Afg‘onistonning Toshkentdagi vakolatxonasida tarjimonlik qilgan. 1919 yili “Chig‘atoy gurungi” ma’rifiy-adabiy uyushmasini tuzgan. Shuningdek, 1920 yil aprelida “Tong” jurnaliga asos solgan.
Buxoro amirligi tugatilib, o‘rniga Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tashkil topgach, Abdurauf Fitrat 1921 yili maorif noziri, 1922 yili xorijiya – tashqi ishlar noziri, 1923 yili xalq xo‘jaligi kengashi raisi, Butunbuxoro MIQ va Xalq Nozirlar Sho‘rosi raisining o‘rinbosari hamda boshqa lavozimlarda xizmat qilgan.
O‘z faoliyati davomida BXSR mablag‘i hisobiga 70 nafar turkistonlik istiqbolli yoshlarning Germaniyaga borib o‘qishi, Buxoroda Sharq musiqa maktabining tashkil etilishi, fan va madaniyat tarixiga doir xalq qo‘lida sochilib yotgan noyob qo‘lyozmalarni to‘plashda tashabbuskor bo‘lgan.
1923 yil iyunida Moskvadan Ya. E. Rudzutak boshchiligida kelgan maxsus vakolatli komissiya Fitrat va boshqa 7 nafar nozirlarni ishdan olib, ularni Buxoro hududidan badarg‘a qilgan. Fitrat Rossiyaga “chaqirib olingan” deb e’lon qilingan va 1923–1924 yillari Moskva Sharqshunoslik ilmiy tadqiqot institutida ilmiy va adabiy faoliyat bilan jiddiy shug‘ullangan. 1926 yili Turkiston olimlaridan birinchi bo‘lib professor unvonini olgan.
1925 yil boshlarida O‘zbekiston SSRga qaytgan Fitrat hibsga olinguniga qadar Samarqanddagi Oliy pedagogika instituti (hozirgi Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti) hamda Toshkentdagi Til va adabiyot
Instituti hamda O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti huzuridagi Fan qo‘mitasida ilmiy faoliyat olib bordi.
Ijtimoiy va siyosiy jarayonlarda faol ishtiroki hamda o‘qituvchilik qilishdan tashqari, Fitrat samarali ilmiy-badiiy ijod bilan shug‘ullangan, istiqlol uchun kurashga da’vat etuvchi she’rlar va asarlar yozgan.
Abdurauf Fitrat “Munozara”, “Hind sayyohi qissasi” kabi asarlarida Turkiston jamiyatidagi qoloqlik, ilm-fanga bo‘lgan e’tiborning susayishi, islom diniga kirib qolgan xurofotlarni keskin tanqid qilgan.
Fitrat 1916-yildan boshlab yaratgan “Begijon”, “Qon”, “Abu Muslim”, “Temur sag‘anasi”, “O‘g‘uzxon” kabi dramalarida tarixga murojaat etganiga qaramay, bolsheviklarning Turkistonda olib borgan g‘ayrimilliy siyosatiga faol munosabat bildirib, zulm va zo‘ravonlikka asoslangan “yangi tuzum”ni keskin qoralagan. Mutafakkir bolsheviklar tuzumiga qarshi istiqlol uchun kurash g‘oyasini “Chin sevish” (1920) va “Hind ixtilolchilari” (1923) asarlarida yorqin ifodalagan. U Turkistonda sovet hokimiyati yillarida sodir bo‘layotgan fojiali voqealarni Angliyaning mustamlakasi bo‘lgan Hindistonga ko‘chirib, ingliz mustamlakachilariga qarshi kurashayotgan hind ixtilolchilari (istiqlolchilari) siymosida, ma’lum ma’noda, o‘z vatandoshlarining timsolini yaratgan.Fitrat 1914–1916-yillarda “Rahbari najot” (“Najot yo‘li”), “Oila” va “Mavludi sharif yoki Mur’oti xayr ul-bashar”, 1917–1920-yillarda “O‘quv”, “Sharq siyosati” va “Yig‘la, Islom”, 1925-yilda esa “Muxtasar islom tarixi” asarlarini yaratgan. Fitrat bu asarlar orqali jamiyatda ro‘y berayotgan siyosiy-ijtimoiy masalalarga munosabat bildirib, islom olami uchun o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydigan ma’naviy va ma’rifiy qadriyatlarni tushuntirib bergan.
Fors tilida yozilgan “Rahbari najot” asarida tafsir, hadis, fiqh, kalom, shuningdek, lisoniy, falsafiy va dunyoviy ilmlar to‘g‘risida aniq tasavvur bergan. “Oila” kitobida esa oilaning muqaddas ekanligini asoslab berib, jamiyat va inson hayotidagi o‘rnini oshirishga qaratilgan fikr va mulohazalarini taqdim etgan.
O‘zbek adabiyoti yirik namoyandalari ijodini ilk bor o‘rganib, “Bedil” (1923), “Navoiyning forsiy shoirligi va uning forsiy devoni to‘g‘risida”, “Ahmad Yassaviy” (1927), “Yassaviy maktabi shoirlari to‘g‘risida tekshirishlar”, “Hibbat ul-haqoyiq”, “O‘zbek shoiri Turdi” (1928), “XVI asrdan so‘ngra o‘zbek adabiyotiga umumiy bir qarash”, “Muhammad Solih”, “Fors shoiri Umar Xayyom” (1929), “Mashrab”, “Farhodu Shirin dostoni to‘g‘risida” (1930) kabi katta ilmiy qiymatga ega asarlar yozgan.
“She’r va shoirlik” (1919), “Adabiyot qoidalari” (1926), “Aruz haqida” (1936) asarlari bilan adabiyot nazariyasi faniga asos solgan.
Abdurauf Fitrat 1937-yil 22-iyulda (bir hujjatda 1937-yil 24-aprelda deb yozilgan) sovet xavfsizlik idoralari tomonidan Toshkentda qamoqqa olingan. Bir yarim yilga yaqin vaqt mobaynida bolshevik chekistlarining tinimsiz qiynog‘i ostida so‘roqlarga javob bergan. 1938-yil 4-oktabrda Toshkent atrofida Bo‘zsuv sohilidagi jarlikda otib tashlangan. Fitratning jinoiy ishida unga o‘lim hukmi 1938-yil 5-oktabrda chiqarilgani ko‘rsatilgan.
Dilnoza Jamolova