Abdulla Qodiriy


?>

(1894 – 1938)

Turkistonni Rossiya imperiyasidan qutqarish, milliy davlatchilikni tiklash ishiga o‘zini bag‘ishlagan tolmas va qo‘rqmas kurashchi. Jadidchilik milliy harakatining yirik va yorqin vakili. Ilmiy va ma’rifiy yuksalish g‘oyalarini olg‘a surgan buyuk shaxs. O‘zbek romanchiligining asoschisi.

1894 yil 10 aprelda Toshkent shahri “Samarqand Darvoza” mahalasida tug‘ilgan.
Otasi – Qodirmuhammad Hojimuhammad o‘g‘li (1821–1924).
Onasi – Josiyat Azizboy qizi (1862 – 1936).
Akasi – Rahimberdi (1879 – 1963).
Ukasi – Qudratilla (1898 – 1956).

Abdulla Qodiriy 1914 yili toshkentlik ishbilarmon Rasulmuhammad-boyning (tug‘ilgan va o‘lgan yili haqida ma’lumot hozircha ma’lum emas) katta qizi Rahbaroyga (1897 – 1943) uylangan.
Qizlari – Nazifa (1916 – 1987), Adiba (1924), Anisa (1928).
O‘g‘illari – Habibulla (1918 – 1988), Mas’ud (1926 – 1997).

Abdulla boshlang‘ich bilimni eskicha maktabda olgan. Ikki yilcha o‘qigach, 1906 yili ota-onasi uni maktabdan olib, Rasulmuhammadboy uyiga xizmatchilikka berganlar. Jamiyatda o‘zgarishlar qilish tarafdori va jadidlar bilan yaqin bo‘lgan, ishbilarmon Rasulmuhammadboy Abdulladagi iste’dod va qobiliyatni anglab, ruscha o‘qish-yozishni biladigan kishiga ehtiyoji borligi sabab, uni 1908 yili rus-tuzem maktabida o‘qitgan.

1912 yili maktabni tugatgach, Rasulmuhammadboy unga mirzalik ishlarini topshirgan. Abdulla Qodiriy mirzalik qilish bilan bir paytda arab, fors, turk, rus tillarini pishiq o‘rgangan. Rasulmuhammadboy uyiga tashrif buyuruvchi oydinlar bilan tanishib, unda ham ilmga rag‘bat paydo bo‘lgan. Shu tariqa, u 1916 – 1917 yillari Abulqosim madrasasida o‘qigan.

Abdulla Qodiriyning qaynotasi Rasulmuhammadboyning uyida tez-tez ilmiy va ma’rifiy yig‘inlar bo‘lib turar, ularda asosiy qatnashchilar jadidlar edilar. Yig‘inlarda “Sadoyi Turkiston”, “Oyina”, “Samarqand”, “Turon” kabi gazeta va jurnallar o‘qilib, muhokama qilinar edi. Abdulla Qodiriy o‘z ijodi boshlanishini ushbu muhit ta’siri bilan bog‘lagan.

Abdulla Qodiriyning ilk maqolasi – “Yangi masjid va maktab” “Sadoyi Turkiston” gazetasining 1914 yil 5 noyabr sonida e’lon qilingan. Unda toshkentlik bir boyning masjid yonida jadid – yangicha maktab uchun uch xonali imorat soldirgani haqida so‘z ketgan. Shu gazetada bir nechta she’rlari ham e’lon qilingan allamoning ilk chiqishlari millatsevarlik, ma’rifatparvarlik ruhida yozilgan. U jaholatni qoralab, ilm o‘rganish zarurat ekanini ta’kidlaydi, millatni ogohlikka chorlab, uyg‘oqlik va fikrlashga da’vat etadi.

1917 yil fevralda Rossiyada imperatorning taxtdan voz kechishi natijasida Turkistonda sodir bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar Abdulla Qodiriyning davlat idoralarida faoliyat yuritishiga turtki bergan. U xalq milisiyasiga ko‘ngilli bo‘lib ishga kirgan. Shu bilan birga, “Najot” gazetasida hikoyalar e’lon qilib borgan. Jumladan, gazetaning 1917 yil mart sonida e’lon qilingan “Shodmarg” hikoyasida bosqinchi hukumatning mansablarga tayinlash borasidagi kirdikorlari, bunday tartiblarga qarshi chiqqan insonlarning soxta ayblovlar bilan qamoqqa olinishi va qatag‘on qilinishini Mulla Karim oxundning ayanchli taqdiri misolida ko‘rsatib bergan.

Abdulla Qodiriy 1918 yili Eski shahar oziq qo‘mitasida sarkotib sifatida faoliyatini boshlagan. 1919 yili ushbu qo‘mitaning davriy nashri “Oziq ishlari” gazetasi chiqa boshlagach, uning muharriri etib tayinlangan. Keyinchalik “RosTA” devoriy gazetasida muxbir, “Ishtirokiyun”, “Qizil bayroq” gazetalarida xodim, “Mushtum” jurnali tuzuvchisi va tahririyat a’zosi sifatida 1924 yilgacha mehnat qilgan. Ushbu gazeta va jurnallarda 1923 yilgacha 50 dan ortiq maqola va kichik asarlari to‘plami chop qilingan. Ularni asosan “Julqunboy” taxallusi bilan yozgan. Umuman esa, Abdulla Qodiriy o‘z ijodiy faoliyati davomida yigirmadan ortiq, jumladan, Jirqinboy, Julboy, Ubay, Boyqush, Indamas so‘fi, Dumbulboy o‘g‘li, Dumbulboy devona, Shakkok kabi taxalluslardan foydalangan.

1922 yili “Inqilob” jurnalida “O‘tkan kunlar” romanining ilk boblarini chop ettirgan. 1925 – 1926 yillari kitob holida nashr qilingan ushbu asar 32 yoshni qarshilagan Abdulla Qodiriyga katta muvaffaqiyat olib kelgan, adabiyotshunoslar tomonidan e’tirof etilgan. Abdurahmon Sa’diy, Ne’mat Hakim, Vadud Mahmud, Qayum Ramazon, Ali Ismoilzoda bir ovozdan Abdulla Qodiriyni mohir adib deb tan olganlar.

1924 yili Moskvaga SSSR davlat jurnalchilar institutida tahsil olish uchun jo‘nab ketgan Abdulla Qodiriy oilaviy sharoiti tufayli bir yildan keyin Toshkentga qaytib kelgan va “Mushtum” jurnalida faoliyatini davom ettirgan. Jurnalning 1926 yil 2-sonida “Ovsar” taxallusi bilan “Yig‘indi gaplar” maqolasini nashr qildirgan. Unda sovet hokimiyatining kirdikorlarini O‘zbekiston SSR Markaziy ijroiya qo‘mitasi boshlig‘i Yo‘ldosh Oxunboboevning (1885 – 1943) saviyasiz ma’ruzasi orqali ayovsiz fosh qilgan. Uning ta’lim tizimi haqidagi fikrlarini tahlil qilar ekan, o‘zbek xalqining savodli bo‘lishiga dushman kishining qarashlari deb baholaydi.

Abdulla Qodiriy aynan shu maqolasi uchun hukumat rahbarlarini obro‘sizlantirishda ayblangan va tergovga tortilgan. Uch oylik tergovdan so‘ng, O‘zbekiston SSR Oliy sudi jinoyat ishlari hay’atining 1926 yil 16 iyundagi hukmi bilan, u O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 73-moddasida (inqilobga qarshi tusdagi adabiyotlarni tarqatish va tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash) ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Biroq O‘zbekiston SSR Markaziy ijroiya qo‘mitasi rayosatining 1926 yil 17 iyundagi qaroriga asosan adib jazodan ozod etilgan.

Ushbu voqeadan so‘ng, Abdulla Qodiriy jurnal tahririyatiga ishga bormay qo‘yadi va o‘zining ikkinchi buyuk asari “Mehrobdan chayon”ni yozib tugallaydi. Ammo kitobni chop etishda bir qator to‘siqlarga qaramay, 1928 yili u dunyo yuzini ko‘rgan.

Ota kasbini puxta egallagan Abdulla Qodiriy 1930 yili bog‘ yaratadi. Shaharning taniqli ustalari bog‘ o‘rtasida ikki qavatli shiypon quradilar. Shiyponning birinchi qavati qishin-yozin havosi mo‘tadil, qo‘sh derazali, katta eshikli havosi ko‘p uy bo‘lib, ikkinchi qavati o‘nta g‘ishtin ustunlardan iborat bo‘lgan. Shiypon xalq orasida “Julqunboy shiyponi”, “Abdulla Qodiriy bog‘i” nomi bilan mashhur edi. O‘sha paytda olimlar, adiblar, san’atkorlar shu shiyponda yig‘ilib, suhbatlar, mushoiralar o‘tkazganlar.

Abdulla Qodiriy qalami o‘tkir yozuvchi, qo‘rqmas va tolmas adib bo‘lgani uchun hukumat rahbarlarining doimiy e’tiborida turgan. O‘zbekiston SSR hukumati boshlig‘i Fayzulla Xo‘jaev (1896 – 1938) Abdulla Qodiriyni uch-to‘rt marta chaqirtirib, undan kolxozchilar hayoti haqida asar yozib berishini so‘ragan. Kolxozlar hayotiga oid yangi asar yozish uchun Toshkent atrofidagi qishloqlarga borib, ulardagi muhitni o‘rganadi. Ushbu o‘rganishlar natijasi o‘laroq 1932 – 1934 yillari “Obid ketmon” qissasini yozadi. Muallif asar qahramoni Obid orqali o‘sha davrning ijtimoiy hayotini haqqoniy ochib berishga harakat qilgan. Kolxozlar odamlarning tashabbuskorligi, xususiy egalik, manfaatdorlik tuyg‘ularini yo‘q qilib yuborishini uqtirgan.

Abdulla Qodiriy mohir tarjimon ham edi. U A. Chexov (1860 – 1904)ning “Buqalamun” hikoyasi, “Olchazor” asarini, Gogol (1809 – 1852)ning “Uylanish” piesasi, D. Didro (1713 – 1784)ning “Rohiba” (parcha), A. Dode (1840 – 1897)ning “Saodatli Avgustinning aziz duosi”, E. Zolya (1840 – 1902)ning “Lurd” (parcha), “Evergard avliyoning karomati”, M. Tven (1835 – 1910)ning “Dabdaba va tilanchilik”, “Muqaddas inkvizitsiya rohiblarining qiziq nayranglari”, “Rohiblar g‘aroyiboti”, E. Keyrosh (1845 – 1900)ning “Pater Amarunning jinoyati” (parcha), V. Margertning “O‘rtoq” (parcha), S. Gusev-Orenburgskiy (1867 – 1963)ning “Kaxetinka” asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan.

Abdulla Qodiriy chetdan qaraganda sovet hukumati bilan murosa yo‘lini tanlagani, ichida uni yomon ko‘rishi, xalqining erkin bo‘lishini istashi va shu yo‘ldi yashirincha harakatlarda qatnashib kelayotganini bolsheviklar juda yaxshi bilganlar, uni yo‘q qilishning payidan bo‘lganlar.

1937 yil 31 dekabrda Abdulla Qodiriy Ichki ishlar xalq komissarligi tomonidan qamoqqa olingan. To‘qqiz oydan ortiq cho‘zilgan tergov jarayonida qattiq qiynoqlarga solingan allomaga O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 58, 64 va 57-moddalari bo‘yicha, ya’ni O‘zbekiston SSRni SSSRdan ajratib olish maqsadida tuzilgan aksilinqilobiy millatchilik tashkilotining a’zosi bo‘lganlik va shu maqomda sovetlarga qarshi aksilinqilobiy faoliyatni olib borganlik ayblari qo‘yilgan.

Abdulla Qodiriy 1938 yil 4 oktyabrda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan Ichki ishlar xalq komissarligi maxsus otish maydonida otib tashlangan va shu yerdagi xandaqlardan birida yashirincha ko‘milgan.

Mustaqillikka erishilgach, 1991 yili Abdulla Qodiriy Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti va “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirlangan. 1994 yili Abdulla Qodiriyning 100 yilligi keng nishonlangan.

Abdulla Qodiriyning 125 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2019 yil dekabrda adib yashagan uy va bog‘da Abdulla Qodiriy muzeyi tashkil qilingan, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi ta’sis etilgan.

Dilnoza Jamolova