Abdulla Avloniy
?>
(1878 – 1934)
Jadidchilik milliy harakatining yirik va yorqin vakili. Ilmiy va ma’rifiy yuksalish g‘oyalarini olg‘a surgan buyuk shaxs. “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – halokat, yo saodat – falokat masalasidir” shiorini o‘rtaga tashlagan buyuk ma’rifatparvar.
Abdulla Avloniy 1878-yil 12-iyulda Toshkentda “Mergancha” mahallasida tug‘ilgan. Bobosi Mirne’matboy qo‘qonlik bo‘lib, o‘qchi-yo‘ychilik bilan shug‘ullangan. Toshkentga ko‘chib kelgan vaqti noma’lum.
Otasi – Miravlon (? – 1900) to‘quvchi.
Onasi – Fotima uy bekasi bo‘lgan.
Abdulla Avloniy 1900-yili toshkentlik savdogarlardan birining qizi Salomatxonga (1883 – 1971) uylangan.
O‘g‘illari – Asatilla (1917 – 1933), Otaliq (1925 – 1940),
Kenja (1927 – 1997).
Qizlari – Sora (1902 – 1948),
Karima (1912 – 2001) va
Hakima (1927 – ?).
Abdulla Avloniy 7 yoshidan “O‘qchi” mahallasidagi eski maktabda o‘qigan. Maktabda Akromxon domla dars bergan. Maktabni tamomlagach, 1890-yili shu mahalladagi madrasaga o‘qishga kirgan. So‘ng Shayxontohurdagi Abdumalikboy madrasasida Mulla Umar Oxun qo‘lida ta’lim olgan. Oilaviy sharoiti tufayli 1891-yildan faqat ish faslida madrasada o‘qigan. Qolgan payt g‘isht quyish, suvoqchilik, pechkachilik, duradgorlik qilib, oilasining moddiy ta’minotiga ko‘maklashgan.
Madrasada o‘qib yurgan payti adabiyotga qiziqish uyg‘ongan. Alisher Navoiy (1441 – 1501) va Fuzuliy (1498 – 1556) g‘azallarini o‘qigan. Fors tilini o‘rgangan. 1894-yildan she’rlar yoza boshlagan. Ammo bu davrdagi she’rlarini chop qildirmagani uchun saqlanib qolmagan. Faqatgina 1905-yildan keyin yozilgan she’rlari bizga ma’lum. She’rlarini “Hijron” taxallusi bilan, maqolalarini esa “Mulla Abdulla”, “Avloniy”, “Abdulla Avloniy” nomlari bilan e’lon qilgan. Uning ko‘p ishlatgan laqablaridan biri “Indamas” bo‘lgan.
Abdulla Avloniy 1904-yili Mirobodda jadid maktabi ochgan. Olti oyda o‘quvchilarga o‘qish-yozishni o‘rgatgan. Maktabda jug‘rofiya, hisob, tabiat kabi fanlarni o‘qitishni joriy qilgan.
1908-yili Abdulla Avloniyning Miroboddagi maktabi yopilgan: “Maktabimda yer, odamlar, tog‘-toshlar, daryo, osmon haqida suhbatlar o‘tkazmoqqa harakat qilganimni Mirobod johil kishilari bilishib, meni kofir bo‘lding, deb, maktabimni yopdilar...”.
Abdulla Avloniy 1909-yili “Degrez” mahallasida yana maktab ochgan. Bu maktabida qizlar ham o‘g‘il bolalar bilan yonma-yon o‘tirib tahsil olganlar. 1910-yil 23-mayda Abdulla Avloniy maktabida ulamolar, o‘quvchilarning otalari va ko‘plab kishilar ishtirokida tadbir bo‘lgan.
Abdulla Avloniy 1909 – 1917-yillar davomida maktab o‘quvchilari uchun o‘ndan ortiq darsliklar yozgan. Uning “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim”, “Turkiy Guliston yoxud axloq”, “Maktab gulistoni” singari darsliklari, “Adabiyot yoxud milliy she’rlar” to‘plami nafaqat o‘z maktabida, balki Turkistonning ko‘plab yangi usul maktablarida foydalanilgan.
Abdulla Avloniy “Uchinchi muallim”, “Maktab jug‘rofiyasi”, “Hisob masalalari” darsliklarini ham yozgan. Ammo ular bizga noma’lum sabablarga ko‘ra nashr qilinmagan.
1913-yili Abdulla Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq” asari nashr qilingan bo‘lib, 1917-yili ikkinchi marta chop etilgan.
Abdulla Avloniy 1907-yili “Shuhrat” gazetasiga asos solgan. Uning birinchi soni 1907-yil 1-dekabrda chop etilgan. Gazetaning har bir soni 1000 nusxa atrofida chiqqan. Uning birinchi betida o‘zbek va arab tillarida “Chin mamlakatida bo‘lsa ham ilm talab qiling” deb yozilgan. Bu bilan gazeta ilm, ta’lim va ma’rifat masalalariga alohida e’tibor qaratishini bildirgan. Gazeta 10-soni chiqqandan keyin hukumat tomonidan yopilgan.
Abdulla Avloniy 1917-yil fevral voqealaridan keyin Turkistonda vujudga kelgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylangan. 1917-yil 22-aprelda “Yashasin xalq jumhuriyati!” shiori ostida “Turon” gazetasini chiqargan. “Turon” gazetasi 20-sonidan so‘ng “Turk so‘zi” nomi bilan chiqa boshlagach, Abdulla Avloniy gazetadagi faoliyatini butunlay to‘xtatgan.
Abdulla Avloniy xayriya va siyosiy jamiyatlar tuzish ishlarida ham faol ishtirok etgan. 1906-yil 17-sentabrda Toshkent shahrining sarmoyadorlari va jadidlari Ko‘kaldosh madrasasida to‘planib, xayriya jamiyati tuzishga qaror qilganlar.
Oradan uch yil o‘tib, Munavvarqori Abdurashidxonov (1878 –1931)va Abdulla Avloniy tashabbusi bilan Toshkentda 1909-yili “Jamiyati imdodiya”ga asos solingan.
1913-yil oxirlarida “Jamiyati imdodiya” negizida “Turon” jamiyati tuzilgan. Jamiyat aholi o‘rtasida sahna ishlari va xayriyaga jiddiy munosabat hamda muhabbatni rivojlantirish; xalq uchun spektakl ko‘rsatish, unga sog‘lom tomosha berish, kechalar, konsertlar, spektakllar va boshqa ommaviy tomoshalarni o‘tkazish; Turkiston o‘lkasi hududida yashovchi muhtoj musulmonlarga moddiy yordam berib, ma’naviy va moddiy jihatini yaxshilashni maqsad qilgan.
Shu yilning o‘zida “Turon” jamiyati negizida Abdulla Avloniy yoshlardan iborat “Turon” teatr guruhini tuzgan. Abdulla Avloniy sahnalashtirgan birinchi asar Behbudiyning “Padarkush” dramasi bo‘lgan. U 1914-yil 27-fevralda Toshkentda 2000 kishilik “Kolizey” teatrida sahnaga qo‘yilgan.
Abdulla Avloniy teatr jamoasi uchun “Avdokatlik osonmi?”, “Pinak”, “Biz va Siz”, “Ikki sevgi”, “Purtugaliya inqilobi” kabi dramalarni yozgan, “Qotili Karima”, “Uy tarbiyasining bir shakli”, “Xiyonatkor oilasi”, “Badbaxt kelin”, “Xo‘r-xo‘r”, “Jaholat”, “O‘liklar” kabi sahna asarlarini tatar va ozarbayjon tilidan o‘zbek tiliga o‘girgan.
Uning bolsheviklarga yaqinlashishi 1917-yilning iyuniga to‘g‘ri keladi. 1917-yil 6-iyundan Eski shahar oziq-ovqat komissiyasi a’zosi, shu yilning 20-noyabridan Rossiyaning boshqa viloyat va guberniyalariga Sirdaryo viloyatidan yuboriladigan eng zarur oziq-ovqat mahsulotlarini ushlab qolish va Eski shahar oziq-ovqat komitetiga ma’lum qilish huquqi bilan nazorat etuvchi vakil qilib tayinlangan.
Bu ishlardan tashqari o‘qituvchilik bilan ham shug‘ullangan. 1917-yil 1-avgustda Qozonda Butunrossiya musulmon o‘qituvchilarining II syezdida qatnashgan. 1918-yili Kommunistik partiyaga a’zo bo‘lib kirgan. Turkiston o‘lka sovetiga saylangan. Toshkent partiya tashkiloti, shahar ijroiya qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlagan. Bir muddat “Ishtirokiyun” gazetasiga muharrirlik qilgan.
1919-yil iyunida Abdulla Avloniy RSFSR hukumatining topshirig‘i bilan Afg‘onistonga borgan. 1919-yil 28-sentabrdan 1920-yil 20-iyulgacha Hirotda bosh konsul bo‘lib ishlagan. Afg‘onistondagi faoliyati davrida Abdulla Avloniy bolsheviklar hukumatining bosqinchi, ikkiyuzlamachi va zulm siyosatini tushunib yetgan. O‘zlarini haqiqat kurashchisi deb jar solgan rus bolsheviklarining sobiq chor hukumatidan mutlaqo qolishmasligiga amin bo‘lgan.
Avloniy 1920-yili sog‘lig‘i yomonlashgach, Kobuldagi yetti oylik konsulligini yakunlab, Toshkentga qaytgan va Turkbyuroning madaniyat bo‘limiga boshliq qilib tayinlangan. Shu yili “Kasabachilik harakati” jurnalining muharriri, “Qizil bayroq” gazetasining tahrir hay’ati a’zosi sifatida ham ishlagan.
1921-yili Toshkent o‘zbek bilim yurtida, 1923-yili Toshkent xotin-qizlar bilim yurtida mudir, 1924-yili Lenin nomli harbiy maktabda o‘qituvchilik qilgan. 1925 – 1930-yillari O‘rta Osiyo Kommunistik universiteti (SAKU), O‘rta Osiyo Qishloq xo‘jaligi maktabi (SAVKSH), O‘rta Osiyo Davlat universitetida (SAGU) dars bergan. Pedagogika fakultetining til va adabiyot kafedrasi professori, so‘ng mudiri bo‘lib ishlagan.
Ijtimoiy-siyosiy faoliyat bilan birga Abdulla Avloniy “Ishtirokiyun” va “Turkiston” gazetalarida, “Kasabachilik harakati” jurnalida maqolalar va she’rlar nashr qildirib turgan.
Fors, rus, ozarbayjon, arab tillarini yaxshi bilgan Abdulla Avloniy 1930-yili SAGU pedagogika fakultetining til bilimi kafedrasi professori etib tasdiqlangan.
Abdulla Avloniy 1927-yili “Mehnat qahramoni” unvoni, 1930-yili “O‘zbekiston xalq maorifi zarbdori” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
1934-yil 24-avgustda tish og‘rig‘i bilan shifoxonaga borgan Abdulla Avloniyga og‘riq qoldiruvchi ukol o‘rniga zaharli modda yuborilishi oqibatida 25-avgust kuni vafot etgan. Uning jasadidan ham qo‘rqqan sovet amaldorlari Botkina qabristonida ikki xavfsizlik xodimi qabri o‘rtasida dafn qildirganlar.
Faqatgina 2023-yili qarindoshlarining iltimosiga binoan Abdulla Avloniyning tuprog‘i Chig‘atoy qabristoniga ko‘chirilgan.
Dilnoza Jamolova