Abdulhamid Cho‘lpon


?>

(1897–1938)

Turkistonni Rossiya imperiyasidan qutqarish, milliy davlatchilikni tiklash ishiga o‘zini bag‘ishlagan tolmas va qo‘rqmas kurashchi. Jadidchilik milliy harakatining yirik va yorqin vakili. Ilmiy va ma’rifiy yuksalish g‘oyalarini olg‘a surgan buyuk shaxs.

Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon 1897-yili Andijon shahri “Qatorterak” mahallasida, savdogar Sulaymonqul Mulla Muhammad Yunus o‘g‘li oilasida tug‘ilgan.

Otasi – Sulaymonqul (1874). Gazmol savdosi bilan shug‘ullanuvchi katta savdogar bo‘lib, o‘z davrining o‘qimishli, taraqqiyparvar kishilaridan bo‘lgan. Gazeta va jurnallar o‘qib, Turkistondagi va dunyodagi yangiliklardan xabardor bo‘lib borgan. Adabiyotga qiziqishi tufayli she’rlar ham yozib turgan. “Rasvo”, “Vola” taxalluslari bilan ijod qilgan. 1914-yili “Sadoyi Farg‘ona” nashr qilina boshlaganda Sulaymonqul gazetaning obuna va e’lon qabul qiluvchi vakili bo‘lgan.

Onasi – Oysha (). O‘zbek xalq og‘zaki badiiy ijodining bilimdoni. Ular 14 ta farzand ko‘rganlar. Ulardan faqat to‘rttasi omon qolgan.
Singlisi – Komila (1902).
Singlisi – Fozila (1905–1994).
Singlisi – Foiqa (1908–1995).

Cho‘lpon dastlab maktab, so‘ng madrasada ta’lim olgan. Arab, fors, turk tillarini puxta egallagan.
Cho‘lpon adabiyotga juda erta kirib kelgan. Uning milliy matbuotdagi ilk chiqishlari “Sadoyi Turkiston” va “Sadoyi Farg‘ona” gazetalaridan o‘rin olgan. “Sadoyi Farg‘ona” gazetasida Cho‘lponning “Vatanimiz Turkistonda ziroat va dehqonchilik” maqolasi chop etilgan. Unda dehqonlarning paxta yetishtirganda g‘o‘zapoyasigacha, bug‘doy eksa, somonigacha qarzlari badaliga boylarga berishlari va keyingi yil hosilidan berish sharti bilan boylardan pul olib, qishni bir amallab o‘tkazishlari haqida yozib, Turkiston iqtisodiyotining og‘ir ahvolini ko‘rsatishga harakat qilgan.

Cho‘lpon maqolalardan tashqari “Qurboni jaholat” va “Do‘xtur Muhammadyor” kabi hikoyalar ham yozgan bo‘lib, ular orqali Turkiston jamiyatidagi muammolar keskin fosh qilingan. “Qurboni jaholat”da davr kirdikorlariga chiday olmay joniga qasd qilgan yigit fojiasi ko‘rsatib berilgan. Hikoyaning bosh qahramoni Eshmurodning ayanchli taqdirini ko‘rsatish orqali xalqni ma’rifatli bo‘lishga chorlagan.

“Do‘xtur Muhammadyor” hikoyasida ham Turkistondagi ilmsizlik tanqid qilingan va bunday jaholatdan qutulish uchun jamiyatlar tuzish, maktab, teatr, gazeta va jurnallar zarurligi ta’kidlangan.

Cho‘lpon Germaniyada tahsil olayotgan, moddiy yordamga muhtoj talabalar haqida ham gazetalarda maqola berib turgan. Jumladan, Germaniyadagi Oliy ziroat maktabida o‘qiyotgan Abduvahob Murodiy (1901–1937)dan kelgan xatdan ta’sirlanib, “Chetdagi talabalarimizga yordam” maqolasini yozgan. Maqolada o‘qishi davrida iqtisodiy ta’minotini qilib turishini bo‘yniga olgan tadbirkorning vafoti sababli Abduvahob Murodiy pulsiz qolgani va Vatanidan yordam so‘ragani ochiqlangan.

Cho‘lponning qayd qilishicha, 1923-yil 23-noyabrda Toshkent yoshlari yig‘ilish o‘tkazib, xatni yig‘ilganlarga o‘qib eshittiradilar. Yig‘ilganlar bir ovozdan oyliklarining yigirma besh foizini berishga qaror qilganlar va bir milliardga yaqin pul yig‘ilgan. Bu mablag‘ Abduvahob Murodiyning bir yillik ta’minotiga yetishi hisoblab aniqlangach, Toshkentning Eski shahar qismida adabiyot kechasi o‘tkazish belgilanadi. Abduvahob Murodiydan boshqa yoshlarning ham bir yillik o‘qishi, yashash puli to‘lab berilgani inobatga olinib, ular ham o‘qishini yakunlaguniga qadar iqtisodiy ta’minotini amalga oshirish uchun jiddiy chora ko‘rilishi kerakligi ta’kidlanadi va ikki kishi bu masalaga mas’ul qilinadi.

Rossiya imperatori Nikolay (1868–1918) o‘z xohishi bilan taxtdan voz kechgach, imperiyaning mustamlakalarida mustaqillikni tiklash umidi paydo bo‘lgan. Cho‘lpon ham boshqa jadidlar singari ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylangan. “Sho‘royi islomiya” tomonidan Toshkentning Eski shahar qismida tashkil qilingan qiroatxonada nozir bo‘lib ish boshlagan. Cho‘lpon muxtoriyatchilik harakatida ham faol qatnashgan. Turkistonning turli shaharlariga borib, targ‘ibot ishlari bilan shug‘ullangan.

1917-yil 27-noyabrda tuzilgan Turkiston Muxtor Respublikasini qizg‘in qo‘llab-quvvatlagan, unga atab yozgan “Ozod turk bayrami” she’ri Turkiston Muxtor Respublikasining o‘ziga xos alyoriga aylangan.

Turkiston muxtoriyati tuzilgach, etnik tatar xotini Mohirro‘ya bilan Orenburgga jo‘nab ketgan va Boshqirdiston hukumati raisi kotibi lavozimida ish boshlagan.

Ish boshlagan. Hukumat ishlarini tashkillashtirishda ishtirok etgan. Turkiston muxtoriyatining qonga botirilishining bevosita guvohi bo‘lmagan.
Cho‘lpon 1919-yili Turkistonga qaytgan va Abdurauf Fitrat (1886–1938) bilan uchrashib, uning “Chig‘atoy gurungi”ga a’zo bo‘lgan. Cho‘lpon 1919-yil oxirlaridan Qo‘qonda chiqadigan “Yangi Sharq” gazetasida ish boshlagan. Gazeta 1921-yil yanvardan “Mehnat bayrog‘i” nomi bilan chiqqan.

Cho‘lponning hayot yo‘li va faoliyati bir muddat Buxoro bilan ham bog‘liq bo‘lgan. U Abdurauf Fitrat taklifiga ko‘ra kelgan va Buxoroda 1921-yilning bahoridan 1922-yil bahorigacha yashagan. Buxoro Xalq Sovet Respublikasining o‘zbek tilida, haftada 2–3 marta chop etiladigan nashri bo‘lgan “Buxoro axbori” gazetasining 4-sonidan (1921-yil 30-iyun) 67-sonigacha (1922-yil 25-yanvar) bosh muharrirlik qilgan. Cho‘lponning ushbu gazetada “Xalq”, “Ag‘darilish”, “Kleopatra uyqusi”, “Kel beri”, “Men qochmadim”, “Tarixdan...”, “Kuz”, “Yotoqdan”, “Qizarish”, “Og‘riganda”, “Barg”, “Kulmak istading”, “Yurt yo‘li”, “Uch-to‘rt yulduz”, “Balandlikda” she’rlari e’lon qilingan. Bugun uchun ham eskirmagan mashhur “Xalq” she’rini Cho‘lpon Buxoro xalqiga qarata yozganini aytib o‘tish joiz.

1922–1923-yillari Cho‘lponning “Uyg‘onish”, “Buloqlar” she’riy to‘plamlari chop etilgan. “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamiga o‘ndan ortiq she’rlari kiritilgan. 1923-yili Toshkentga qaytgan Cho‘lpon ilmiy, ma’rifiy, adabiy ishlar bilan shug‘ullangan. Shu yilning iyul–sentabr oylarida “Darxon” gazetasida ishlagan. 18 ta soni chiqqach, faoliyati to‘xtatilgan. Shundan so‘ng Cho‘lpon “Farg‘ona” gazetasida faoliyatini davom ettirgan. 1924-yili O‘zbek bilim hay’ati Cho‘lponga uning mas’uliyati ostida 3 jilddan iborat qiroat kitobi (xrestomatiya)ni tuzish ishini topshirgan. Buning amaliy natijasi o‘laroq 1926-yili O‘zbekiston davlat nashriyoti tomonidan Abdulhamid Sulaymon va Ashurali Zohiriy (1885–1938)lar hammuallifligida “Adabiyot parchalari” darslik-majmuasi nashr etilgan.

1927-yildan boshlab Cho‘lpon tarjimonlik bilan shug‘ullangan. Unga davriy nashrlar, nashriyotlar chet tilidagi asarlar tarjimasini buyurtma qilib turgan. A. Pushkin (1799–1837)ning “Dubrovskiy”, “Boris Godunov”, M. Gorkiy (1868–1936)ning “Ona”, “Yegor Bulichev”, Abulqosim Lohutiy (1887–1957)ning “Yevropa safari”, Karlo Gotsiy (1720–1806)ning “Malikai Turandot”, U. Shekspir (1564–1616)ning “Hamlet” va boshqa ko‘plab asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Cho‘lponni qatag‘on qilish uchun harakatlar aslida 1925-yili boshlangan edi. Rossiya Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining 1925-yil 18-iyundagi “Partiyaning badiiy adabiyot sohasidagi siyosati haqida” deb chiqargan qaroridan keyin adabiyotda bolsheviklar mafkurasining gegemonligi va yot mafkuraga qarshi kurash keskin kuchaytirilgan. Natijada Fitrat, Cho‘lpon kabi ijodkorlar haqida adolatsiz tanqidiy maqolalar bosila boshlagan. O‘rtacha ijod qiladigan adiblar uchun bu qarorning qabul qilinishi ayni muddao bo‘lib, barcha e’tiborlarini bu ikki siymoning nomini qoralashga qaratganlar.

1936-yildan Cho‘lpon va Fitratni “fosh qiluvchi” maqolalar paydo bo‘la boshlagan. Bunday maqolalar Fitrat va Cho‘lponga nisbatan o‘rinsiz tuhmat va hujumdan boshqa narsa emas edi. Cho‘lpon bu kabi bo‘htonlarga javob berishi tabiiy. 1937-yili yozilgan 14 betdan iborat nutqida XX asrning 20–30-yillaridagi ijtimoiy, adabiy faoliyati, tarjimonlik ishlari, bu sohada boshdan kechirgan qiyinchiliklari, ularni anglashda mazkur davr adabiy tanqidining qo‘pol kamchiliklari, adolatsiz baholar, yoshlar tarbiyasidagi nuqsonlar, badiiy mahorat va uslub sirlarini egallash, mumtoz adiblar merosini o‘rganish va to‘g‘ri tushunish haqidagi muhim fikrlari o‘z aksini topgan.

1937-yil 14-iyulda sovet hokimiyati tomonidan qamoqqa olingan. Unga “Milliy ittihod” aksilinqilobiy millatchi tashkilotining a’zosi bo‘lganlik, aksilinqilobiy maxfiy millatchi tashkilotning a’zosi sifatida tizimli ravishda ham og‘zaki shaklda, ham yozma shaklda tashviqotlar yuritganlik, ya’ni O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66-moddasi 1-qismi va 67-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik aybi qo‘yilgan. Uzoq vaqt jismoniy zo‘ravonlik ostida tergov qilishdan tashqari soxta ma’lumotlar, yolg‘on ko‘rsatmalar bilan Cho‘lpon eng og‘ir jazoga hukm qilingan va 1938-yil 4-oktabrda Toshkent shahri atrofida otib tashlangan.

Dilnoza Jamolova