O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi
?>
O‘zbekiston amaliy san’ati va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi o‘zining noyobligi va boy tarixi bilan chet elda ham mashhur bo‘lgan muhim madaniy markazdir. Muzey binosi o‘zining me’moriy ahamiyati bilan ajralib turadi va uning tarkibiga 12 ta ko‘rgazma zallari hamda zaxiraraxonalar kiradi. Muzeyda II asrdan XXI asrgacha bo‘lgan davrlarni qamrab olgan, amaliy san’atning qo‘l kashtachiligi, zargarlik, kulolchilik, zardo‘zlik, gilamdo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi, naqqoshlik va boshqa turdagi eksponatlar saqlanmoqda. Bugungi kunda o‘n mingga yaqin eksponat nafaqat o‘zining estetik qiymati bilan, balki tarixiy va madaniy ahamiyati bilan ham ajralib turadi.

Tarixi
1937 y., O‘zR VM 18.08.1997 y. 405-sonli qarorlariga muvofiq tashkil etilgan. O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi. 1870 –yilda bunyod etilgan ushbu me’moriy obida sharq san’atidan bahramand bo‘lgan kolleksioner va elchi sanalgan A.A.Polovsovning qarorgohi bo‘lgan. Muqaddam qurilgan bino 1896-1904 yillar mobaynida bezalib, pardozlangan. Binoni bezash ishlariga Polovsovning shaxsiy ilmiy kotibi sharqshunos M.S.Andreev boshchilik qilib, O‘zbekistonning barcha hududlaridan mashhur xalq ustalarini jalb etgan. 1937 yilda xunarmandchilik asarlarini namoyish ko‘rgazmasiga mo‘ljallangan bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. Keyinchalik doimiy ko‘rgazma zaliga aylantirilib, muzey maqomi berilgan. 1938- yilda muzey qaramog‘iga XIX-asrga oid me’moriy bino topshiriladi.
O‘zR VM 20.12.2017 y. 1003-sonli qaroriga asosan O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi sifatida qayta tashkil etilgan.



Asarlar va artefaktlarning suratlari
“Girix” pannosi. Zardo‘zlik. O‘lchami: uzunligi-445 sm, kengligi-445 sm.
Ko‘k rangli barqutga zar iplar bilan tikilgan noyob panno. Asosi qizil rangli barqutga applikatsiya qilib besh yulduzli murakkab geometrik naqsh tikilgan. Panno markazida bezakdor rozetka va atrofida yulduzlar tikilgan. Kayma-qizil barqutga zar ipdan keng, naqshinkor va gullar naqshlari bilan bezatilgan medalyon tikilgan bo‘lib, atrofi relyefli naqsh bilan qamrab olingan. Buxoro. 1960 yil. Muallifi: V.Stolyarov, M.Ahmedova

Shaxmat va donachalari
Yog‘och naqqoshligi. O‘lchami: 56x55x11,5 sm.
Shaxmat taxtasining markazida qora va jigarrang rangdagi 64 dona kataklar joylashgan bo‘lib, ular islimiy naqshlar bilan bezatilgan. Bu bezaklarda to‘rt xil rang-to‘q sariq, oq, qizil va tillo ranglar ishlatilgan. Shaxmat taxtaning to‘rt cheti bo‘ylab sharqona miniatura syujetlari asosida ishlangan keng friz tasvirlangan. Toshkent. 1983 yil. Muallifi: B.Kudinov

Kashtali palos
O‘lchami: 295x171 sm.
Palos to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida bo‘lib, jun ipidan to‘qilgan bo‘lib, to‘qqiz ta tor uzun mato yo‘laklaridan tikilgan. Qo‘lda tikilgan kashta bilan bezatilgan. Markaziy maydonda 28 dona “gyoley” medalyonlari joylashgan. “Gyoley”larning ichki qismi keskin egilgan shoxlar “qo‘chqorak”, shaxmat figurasi va yulduzlar bilan to‘ldirilgan. Medalyonlar orasiga ustunchali shakllar bilan to‘ldirilgan romb shakllari joylashtirilgan, chetki ramkada esa ichida xochsimon shakllar joylashgan va zinapoyasimon romblar mavjud. Qashqadaryo. 1930 yil.
Doimiy ekspozitsiyalar (masalan, qadimgi tarix, san’at, arxeologiya):
Muzeyda 12 ta doimiy ekspozitsiya zallari mavjud.
Ular: Milliy matolar zali;
Qo‘l kashtachiligi;
Milliy liboslar va chitgarlik;
Mashina kashtachiligi;
Gilamlar va musiqa asboblari;
Markaziy zal;
Miniatyura;
Kulolchilik;
Chinni buyumlar;
Zargarlik va zardo‘zlik;
Yog‘och o‘ymakorligi va naqqoshligi;
Misgarlik.
Ekskursiyalar o‘tkazilgan tillar: O‘zbek, rus va ingliz tillari
Ish vaqti: Har kuni, soat 09:00 – 18:00.
Joylashgan manzili: Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani Rakatboshi ko‘chasi 15 uy
Muzey bilan bog‘lanish (telegram kanali): +998 71) 256-28-58
Muzeyga kirish chipta narxi:
Kirish chiptalari narxi – 40 000 so‘m
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ayrim toifalari uchun chegirmalar mavjud.
Muzey veb sahifasi: new.muzeyart.uz