Motam marosimlari
?>
O‘zbek motam marosimi
O‘zbek motam marosimida xalqimizning eng qadimgi tasavvurlari, diniy e’tiqodlari, marhumlarni dafn qilishga aloqador urf-odatlari o‘z ifodasini topgan. Motam marosimi oilaviy-maishiy marosimlarning katta, ommaviy, ijtimoiy-hayotiy bir turi bo‘lib, o‘ziga xos udumlari, tabiati, vazifasi jihatidan alohidalik kasb etadi. U o‘ziga xos maxsus hayot voqeligi asosida o‘tkaziladi. O‘zbek xalqining ko‘p asrlik madaniy-maishiy hayoti tarixida azadorlar belgilangan rangdagi aza kiyimida, tushkun, yig‘loqi kayfiyatda va ohangda maxsus motam qo‘shiqlarini ijro etadilar. Bu bilan o‘zlarining marhumga nisbatan munosabatlarini el ichida namoyish etadilar.
Insonning bir holatdan ikkinchi bir holatga o‘tishi hammavaqt marosimlar orqali qayd qilinib, belgilab qo‘yilgan. O‘lim yuz berganda insonning tiriklar orasidan o‘liklar orasiga ketishi, tiriklikdan marhumga aylanishi motam marosimi orqali maxsus qayd etilishi o‘ziga xos an’ana tusini olgan. Motam marosimida marhum xotirasini hurmat qilish, qadrlashdan iborat azaliy, an’anaviy odat davom etib kelmoqda. Motam marosimining o‘ziga xos qat’iy tartib-qoidalari, urf-odatlari, irim-sirimlari mavjud. Motam marosimi bevosita har bir xalqning o‘z urf-odatlari, irim-sirimlari, diniy e’tiqodi, folklor aytimlari asosida o‘tadi.
Motam marosimidagi rasm-rusumlar
Motam marosimi juda ko‘p rasm-rusumlardan, ichki marosimlardan tashkil topgan. 1. Hayot bilan vidolashayotgan kishiga xizmat ko‘rsatish. 2. Marhumni dafn etishga tayyorlanish. 3. Murdani dafn etish motam marosimi jarayoni. 4. Marhum ruhini hurmat qilish va xotirlash uchun o‘tkaziladigan tadbirlar.
Jon taslim qilayotgan kishining oson jon berishi va bu jarayondagi qiyinchiliklarni yengishi uchun yordam beriladi. Masalan, uning og‘ziga paxta bilan suv tomizib turiladi. Bu ishni ko‘proq jon berayotgan kishining yaqinlaridan ikki yoki uch kishi uning ko‘kragi, boshi yonida o‘tirib bajaradi.
Qadimgi e’tiqodlarga ko‘ra, jon tanani tark etishi o‘limga olib keladi. Jon kishi tanasini tark etayotganida uyaladi, cho‘chiydi deb hisoblab, og‘ir yotgan odam atrofida sukut saqlab o‘tirishgan. Ayollar, bolalar ichkariga kiritilmagan. Ba’zan jon talvasasi uzoq cho‘zilsa, og‘ir yotgan odamning mushkulini oson qilish maqsadida unga Qur’ondagi “Yosin” surasi o‘qilgan. Bu bilan bemor forschada “yo isin-buyoqlik”, «yo usun-u yoqlik” bo‘ladi, deb tushunilgan.
O‘lim yuz bergach, marhumning yaqinlari yig‘iladilar. Azaxonaga ta’ziya bildirish uchun kelgan qarindosh-urug‘lar, tanishlar huzurida yig‘i qilib, o‘limning qanday sodir bo‘lganligi haqidagi mungli voqelikni bayon etadilar.
Marhumni yuvish marosimi
Marhumni yuvish marosimining kelib chiqishiga ibtidoiy insonlarning suvni o‘liklar va tiriklar dunyosini birlashtirib turuvchi magik vosita deb qarashlari hamda “obi hayot”, ya’ni “tiriklik suvi” haqidagi mifologik tasavvurlari asos bo‘lgan. Bunda marhumni yuvish bilan uni qayta tiriltirish niyat qilinadi. Islomiy e’tiqodga ko‘ra marhum yuvilib poklanadi.
Yuvish marosimi oxirida marhum yuvilgan joyga piyolada suv va oqqand, suprada un qo‘yib qo‘yadilar. Bu bilan marhum ruhi shu narsalardan quvvat oladi deb tasavvur qilinadi. Mayit yuvilgan xonada yana qirq kungacha marhum ruhi kelib turadi deb, chiroq yoqib qo‘yish an’anaga aylangan.
Kafan – marhumlarning u dunyo kiyimi, abadiy libosi hisoblanadi. Uni o‘rashda juda ehtiyotkorlikka rioya qilinadi. Kafan har kimga nasib qiladigan narsa emas. Shuning uchun har bir musulmon bu dunyodan oxirat to‘nini kiyib, tinch, osuda ketishni niyat qiladi. Kafansiz ketganlar shahid hisoblanadi.
Marhum yuvib, kafanlab, tobutga solinib, so‘nggi yo‘lga kuzatiladi. Marhum ustiga so‘zana yopish bilan uning ko‘zga ko‘rinmaslar olami vakiliga aylanib, ruhlar dunyosiga ketayotganligiga ishora qilinadi.
Dafn marosimi
Dafn – xotira marosimlari marhum xotirasiga oddiygina hurmat ko‘rsatishni o‘zida ifoda etadi. Marhumlar bilan aloqador marosimlar va ishonchlar barcha dinlarda yetakchi o‘rin tutadi. Hatto ko‘pchilik diniy marosimlar dafn marosimlaridan kelib chiqqan. Hozirda xalqimiz odatiga ko‘ra, o‘lgan kishining tanasi tuproqqa topshiriladi. Chunki islomiy e’tiqodga muvofiq, inson tanasi Olloh tomonidan tuproqdan yaratilgan. Shu sabab u o‘lgach, yana tuproqqa qorishib, asliga qaytishi va abadiy hayotga erishishishi ko‘zda tutiladi.
Marhumlar maxsus joy – qabristonga ko‘miladi. Odatga ko‘ra, marhumni qabristonga faqat erkaklar olib boradi. Ayollar marhumni eshikkacha kuzatadilar, xolos. Ularning dafn marosimi kuni qabristonga borishlari qat’iy ta’qiqlanadi.
Marhum qabristonga tobutga solib olib boriladi. Tobutlar quti, narvon yoki qopqoqli sandiq ko‘rinishida bo‘ladi. Qadimda yirik sopol xum ko‘rinishidagi qopqoqli tobutlardan foydalanilgan.
Marhumlarni tobutga solishning o‘ziga xos tartiblari mavjud. Marhum qaysi jinsda bo‘lishdan qat’iy nazar, uni faqat erkak kishi tobutga soladi. Marhumlarni, odatda, akasi, otasi yoki tog‘asi tobutga soladi. Lekin bu ishni eri bajara olmaydi. Chunki o‘limdan so‘ng nikoh haqiqiy hisoblanmaydi, eri unga nomahram bo‘lib qoladi. Shuningdek, ayolning amakisi yoki erining biror qarindoshi bu ishni amalga oshirishga huquqsiz sanaladi. Ular marhumaga nomahram hisoblanadi. Agar marhumani tobutga soladigan yaqin kishisi bo‘lmasa, u holda biror keksa erkak kishi uni tobutga soladi va u marhuma uchun “qiyomatli aka” qilib belgilanadi. Marhuma unga shu daqiqadan “qiyomatli singil” hisoblanadi.
Tobutga marhum ko‘rpa ichida o‘rab, bolishi teskari qo‘yib yotqiziladi. Shuning uchun tiriklarning ko‘rpa ustiga chiqib yoki bolishni teskari qo‘yib yotishi irim qilinadi, ta’qiqlanadi.
Murda tanasi tobutga ehtiyotkorlik yuzasidan mahkam tang‘ib bog‘lanadi. Ba’zi joylarda marhumning yaqinlari mayitni tobutga olishdan avval cho‘bin otni dast ko‘tarib, uning ostidan uch yoki besh kishi bir-birlarining bo‘yinlariga qo‘l tashlagan holda jar solishadi. Bu bilan marhumning o‘z xonadoni, ahli oilasi, qavm-u qarindoshlari bilan vidolashuvi va ruhini Alloh yorlaqashidan iborat istak izhor qilinadi. So‘ngra tobut yerga qo‘yilib, mayit unga olinadi va jarchilar uni ilk bor qo‘lma-qo‘l olishib janoza maydonigacha eltadilar. Janoza o‘qimaguncha tobut yelkada ko‘tarilmaydi. Tobutni ko‘taruvchilar tobutkashlar deyiladi. Tobutkashlarning esa o‘z odati bor. Odatga ko‘ra, hamma odam, hatto begona yo‘lovchilar ham marhum tobutiga bir yelka tekkizib, ikki tomonidan kamida yetti qadamdan ko‘tarib borishi talab qilinadi. Ko‘pchilik bu odatni savob deb biladi. Bu odatning aslida ikki xil real ma’nosi bor: birinchisi – bu jamiki inson farzandining bir-biriga do‘st-birodar, qon-qarindosh ekanligini anglatsa, ikkinchisi – bu kun har bir kishining boshida bor haqiqat ekanligini bildirib turadi.
Islom diniga sig‘inuvchi xalqlar hayotida vafot etgan kishiga bag‘ishlab janoza marosimi o‘tkaziladi. Marosim chog‘ida Qur’ondan oyatlar o‘qiladi. Diniy qoidaga ko‘ra, janoza chog‘ida xotin-qizlar qatnashmaydi.
Motam marosimida aytiladigan qo‘shiqlar
Yig‘ilarning qadimiy namunalaridan biri Siyovush o‘limiga bag‘ishlangan xalq qo‘shiqlaridir. Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asarida Alp Er To‘nga (Afrosiyob) marsiyasi keltirilgan. Bu ma’lumotlarning barchasi motam marosimiga aloqador yig‘i va yo‘qlov janrlarining juda qadimiyligini va o‘ziga xos badiiy taraqqiyot bosqichini bosib o‘tganligini namoyon etadi. Shuningdek, inson xotirasini e’zozlash, uning tirikligida el-u yurti uchun qilgan xizmatlarini xotirlash an’anaviy odatlarimizdan biri ekanligi haqida guvohlik beradi. Bu odat esa insoniyatning ma’naviy dunyoqarashi, ijtimoiy turmush tarzi bilan bog‘liq holda shakllangani bois to hozirgacha o‘z an’anaviyligini saqlab kelmoqda.
Tobutni kuzatib borish chog‘ida erkaklar tomonidan ijro qilinadigan hassakashlar yig‘isida marhumning o‘z yaqinlarini tashlab, oxirat yo‘liga ravona bo‘lgani aytiladi:
Hassa tutib boraman, voy otam,
Hassa yakka, man yakka, voy otam.
Suyanchig‘im edingiz, voy otam,
Endi kimga suyanaman, voy otam.
Hassakash va tobutkashlar marhumni dafn qilib, qabristondan qaytib kelgan lahzada o‘lgan kishining yaqinlari tomonidan bir-birlariga suyanilgan holda hassakashlarni kutib olish yig‘isi ijro etiladi:
Dupur-dupur ot keldi,
Ko‘chaga yig‘lab chiqdim.
Otajonimsiz ot keldi,
Yuragim tig‘lab chiqdim.
Umuman, motam marosimida aytiladigan aza qo‘shiqlari o‘zbek xalqining qadimiy an’analari sirasiga kiradi. Qadimda ayollar aylana bo‘lib girya tushishgan, girya chog‘ida aza qo‘shiqlarini ijro etganlar.
Manbalar
Jo‘rayev M. O‘zbek mavsumiy marosim folklori. – Toshkent: Fan, 2008. – 294 bet.
Safarov O. O‘zbek xalq og‘zaki ijodi. – Toshkent: Musiqa, 2010.