To‘y marosimlari
?>
Nikoh to‘yi marosimi jarayonlari
Nikoh to‘yi marosimi o‘zbek xalqining qadimiy an’analari sirasiga kiradi. O‘zbek oilalari ko‘p farzandli bo‘lgani uchun o‘g‘il uylantirish, qiz uzatish marosimlari ularning bir umrlik orzu-umidlarining ro‘yobi sifatida tashkil etiladi. Tantanalarga boy bu marosimlarda ko‘p bosqichli turli udumlar bajariladi. Jumladan, nikoh to‘yi tizimida bir qancha marosimlar mavjud: sovchilikka borish, unashtirish, uy ko‘rar (qiz ko‘rar), fotiha to‘yi, to‘y yuborish, qiz oshi (qizlar majlisi), nikoh o‘qitish, nikoh to‘yi, kelin salom, chorladi, quda chaqirdi kabi marosimlar va ular bilan bog‘liq urf-odatlar.
Sovchilikka borish, unashtiruv
Sovchilikka borish ham o‘zbeklarda juda nozik masala hisoblanadi. Bo‘lajak kelinning asli-nasli, yetti pushtiga qadar qarindosh-urug‘i, qo‘ni-qo‘shnilaridan surishtiriladi. Qiz so‘rab borgan o‘g‘il tomon xalq orasida “qulchilikka keldik”, “sizda bir gul bor ekan, bizda bulbul bor” tarzida maqsadlarini bildirishadi, ba’zilar esa qizning eshigini supurishadi. Sovchilikka borgan ayollar oilaning ro‘zg‘or tutishi, saranjom-sarishtali ekanligiga e’tibor beradi. Qiz sovchilar oldiga choy damlab chiqadi, o‘zining odobli-andishali, farosatli qiz ekanligini namoyish etadi.
Har ikki tomon murosaga kelsa, yigit va qiz yangalar hamrohligida uchrashtiriladi. Yoshlar bir-biriga ma’qul tushsa, oilaviy rishtalarni bog‘lovchi marosimlar boshlanadi. Kuyov tomon qand-qurslar bilan birga katta patir non va holva olib keladi. Yoshlarning hayoti shirin bo‘lsin deb shirinliklar ulashiladi. Qo‘sha qarib yursin degan maqsadda ikki patirni bir qilib sindirishadi. Patir sindirilishi – bu unashtiruv marosimi hisoblanadi va shu bilan yoshlar boshi bog‘langan bo‘ladi.
Unashtiruvdan so‘ng fotiha to‘yiga tayyorgarlik boshlanadi. Kuyov tomon qizni kiyintiradi, qiz ham o‘z navbatida yigitni boshdan-oyoq kiyimlarini olib beradi. Yigit va qiz bir necha yillar kiyim olmaydi. Olingan boshdan-oyoq sarpolar, lazzatli taomlar to‘la tog‘oralar hammasi qizni uyiga tantanali olib boriladi. Fotiha to‘yi bo‘lib o‘tgandan so‘ng qiz tomon o‘zi qilgan sarpolarni yigitni uyiga xuddi shunday tantanali qaytaradi. Kuyov yor-u do‘stlari bilan kichik to‘y marosimini nishonlaydi.
Qizning yanga-ammalari kuyovning uyini ko‘rishga kelishadi. Ajratiladigan xonalarga jihozlar va oynalarga pardalarning joylarini o‘lchaydi. Kelin tomonning uyni bezatib, parda tikish va osish jarayoni katta e’tibor bilan o‘tkaziladi. Kelinchak uyining ko‘rki albatta parda bilan yanada go‘zallashadi. Yoshlarga ajratiladigan uy kuyov va kelin tomonning kelishuvi asosida bezatiladi. Bu jarayonlarning qanchalik dabdabali o‘tishi oilaning moddiy ahvoliga ham bog‘liq.
Nikoh to‘y marosimi
Nikoh to‘yi kuni yoki bir kun oldin qiz tomonga to‘yning oshini pishirib yoki xomligicha yuboriladi. Qiz xonadonida el-yurtga osh beriladi, ba’zan kuyovnikida ham osh beriladi. To‘y kuni yoki bir kun oldin qizning uyida nikoh marosimi bo‘lib o‘tadi. Kuyov yaqin jo‘rasi, tog‘asi bilan bo‘lajak kelin uyiga boradi. Imom kuyovga er-xotinlik burchi va huquqlarini tushuntiradi. Qizdan ham roziligini olgach, “Xutbayi nikoh” (nikoh haqidagi duo) o‘qiydi. To‘y kuni kuyov jo‘ralari hamrohligida karnay-surnay, childirma, nog‘oralar bilan kelinnikiga keladi. Shu orada to‘qqiz tovoq marosimi bo‘lib o‘tadi. Kuyov to‘qqiz qavat ko‘rpacha ustiga o‘tqaziladi va mehmonlar oldiga to‘qqiz xil taom tortiladi. Suyuq ovqat, osh yeyilib bo‘lingach, kuyov jo‘ralar kuyovning sarposini kelin tomondan “sotib oladi”. Kuyovga chopon, salla kiygiziladi.
Kelinga oq libos kiydirilib, otasi, buvasi va tog‘a, amaki kabi yaqin qarindoshlari bilan xayrlashgani olib chiqadilar. Kelin ketar paytida otasidan bergan non va tuziga rozilik so‘raydi, xayrlashadi. Otasi qizining peshonasidan o‘pib, baxt tilaydi. Qiz butun yaqin qarindoshlari bilan xayrlashadi. Yoshi ulug‘ keksalar oq fotiha tilaydi va qiz ota uyini tark etadi. Yor-yor aytish marosimi qizning uyidan ketayotgan paytida aytiladi:
Tog‘da toychoq kishnaydi ey,
Ot bo‘ldim, deb.
Yor-yorey yot bo‘ldim, deb,
Uyda kelin yig‘laydi ey,
Yot bo‘ldim, deb.
Yor-yora yot bo‘ldim deb.
Yig‘loma qiz, yig‘lama yo,
To‘y saniki, yor-yor.
Yig‘loma qiz, yig‘lama yo,
To‘y saniki, yor-yor.
Ostonasi tillodan ey, uy saniki,
Yor-yorey uy saniki.
Ostonasi tilladan ey, uy saniki,
Yor-yoray uy saniki.
Nikoh kechasi katta to‘y-tantana shaklida bo‘lib o‘tadi. Har ikki tomonning yaqin tanishlari, qarindoshlari bezatilgan dasturxon atrofida o‘yin-kulgu qilishadi.
Xalqimiz orasida to‘y kuni kelin kuyovning uyiga olib kelinganda, ichkariga kirishdan avval xonadon ostonasi oldida uch marta egilib ta’zim qilish udumi mavjud. Bu marosimning kelib chiqishi ajdodlarimizning ostona kultiga doir mifologik tasavvurlariga bog‘lanadi. Kelinchak kiradigan uy ostonasiga poyandoz solinadi, kelin uch marta engashib, uy ostonasiga ta’zim qiladi. Bu bilan kuyovning xonadoniga bo‘lgan hurmat ifoda etiladi. Kelin qaynota kelib biron buyumni ataganidan so‘nggina o‘tiradi. Nikoh to‘yi marosimi kechasida kampir o‘ldi, tush ko‘rish marosimlari bo‘lib o‘tadi. Kelinchak boshqalarning ko‘zi tushmaydigan chimildiq ichkarisida o‘tiradi. To‘y marosimidagi urf-odatlar viloyatlarga qarab farqlanadi.
“Bet ochar” va “yog‘ to‘kdi” marosimi
Ayrim viloyatlarda “yog‘ to‘kdi”, ya’ni yangi tushgan kelinchakning o‘choqqa moy quyish udumi “bet ochar” marosimi kuni amalga oshiriladi. Kelinni qaynona o‘choq boshiga olib keladi-da, yonib turgan olovga bir qoshiq yog‘ quydiradi. “Qo‘ling yog‘lik bo‘lsin”, deyiladi. Bu udumda kelinning yangi oila a’zosiga aylangani hamda kuyov xonadoniga qut-baraka, to‘kinlik olib kelishi maqsad qilinadi. Xalq qarashlariga ko‘ra, o‘choqdagi o‘tda – shu xonadon ahli ota-bobolarining ruhi namoyon bo‘lar emish. Ayrim joylarda yangi tushgan kelin ro‘zg‘or ishlarini boshlashdan avval o‘choq bilan tandirni supurgan. Shunday qilsa, kelinning birinchi bolasi o‘g‘il bo‘ladi, deb umid qilganlar.
Aynan o‘sha kuni bet ochar marosimi ham bo‘lib o‘tadi. Kelin oila a’zolaridan yuzini bekitib yuradi, yuzi ochilgandan so‘ng ro‘molini ochadi. “Bet ochar” marosimida kuyov tomonidan amma, yangalarning yosh bolalari tanlanadi. Uchiga zar bog‘langan tayoq bilan kelinning yuzidagi to‘ri ochiladi. Marosimdagilar kelin tomonidan oldindan tayyorlangan ro‘molchalar, bezakli taqinchoqlar bilan siylanadi.
Kelin salom
Kelin salom marosimi to‘yning ertasi ertalab kuyovning ota-onasi va yaqinlariga hurmat yuzasidan tashkil etiladi. Kelin salom uchun maxsus qo‘shiq aytadigan xonanda olib kelinadi yoki mahallaning faol ayollari tomonidan olib boriladi. Kelin salomda qo‘shiq kuyovning ota-onasidan boshlab, oiladagi eng kichik bolalargacha, qoʻni-qoʻshnilargacha bagʻishlanadi. Kelin jim turgancha yuzida to‘ri bilan gap kimga qaratilgan boʻlsa, oʻshanga qarab egilib taʼzim qiladi.
Kelin taʼzim bilan egilib, qaynota va qaynonasiga salom qiladi, ular salom javobini berib, kelinning boshiga koʻrmanasini qoʻyishadi. Soʻng kuyovning aka-ukalari, yaqinlari navbat bilan kelib, ataganlarini beradilar. Dasturxonchi ularga kelin tomonidan tayyorlangan turli sovgʻalarni beradi.
Manbalar
- Jo‘rayev M. O‘zbek mavsumiy marosim folklori. – Toshkent: Fan, 2008. – 294 bet.
- "KELIN SALOM" MAROSIMI (XUDOYORXON O'RDASI, QO'QON, OMONYOR, FARG'ONA) - YouTube
- Saida Rametova - Kelin salom aytamiz (Official Music Video) - YouTube
- (205) KELIN SALOM YANGI YO'L NAVOIY KO'CHASI HD - YouTube
- (205) Iroda Toshkanova - Yor-yor | Ирода Тошканова - Ёр-ёр - YouTube
- Shahrizoda yor yor