To‘quvchilik


?>

To‘quvchilik tarixi
To‘quvchilik bu har bir millatning tarixida uzoq asrlarga borib taqaladigan mehnat turidir. Zotan, qadimda to‘qish orqali tayyorlangan bo‘z, ipak matolaridan keyingina kiyim tikish ishlari bajarilgan. Dastlab ip yigirish va to‘qish ishlari qo‘lda bajarilgan. Dastlab urchuqlarda ip yigirilgan, so‘ngra zamonaviy to‘quv dastgohlari paydo bo‘lgan. Chigit ekib, paxtadan ip olish va mato tayyorlash Markaziy Osiyoda milodning boshidayoq keng tarqalgan. Keyinchalik yog‘ochdan yasalgan dastaki to‘quvchilik dastgohi yaratilgan. Qo‘lda urchuq yigirish xalq orasida yaqin yillarga qadar bor edi. Dastgohlar hali ham o‘zbek xalqining ipak tayyorlash jarayonidagi amaliy mehnat turi sifatida saqlanib qolgan.

             

To‘quvchilikda ip turlari
To‘quvchilikdagi ip turlari ikki xil bo‘ldai: 1. Tabiiy tolalar – paxta, jun, ipak, zig‘ir, kanop kabi o‘simlik va hayvonlardan tayyorlanadi. 2. Sun’iy tolalar. Tabiiy tolalardan tayyorlangan iplar o‘zbek xalqining qadim madaniyati, xalq amaliy mehnat turida muhim o‘rin tutgan. Sifatlilik darajasiga qarab tabiiy tolalar farqlanadi. Jumladan, paxtadan tayyorlangan iplar chidamli bo‘lib, undan ko‘proq uylarga olacha tayyorlangan. O‘zbek xalqi qadimdan chorvachilik bilan shug‘ullangani uchun qo‘ylarning juniga ishlov berish tajribasini yaxshi o‘zlashtirganlar. Junlarning rangi albatta qo‘yning rangiga qarab farqlangan. Qo‘y junidan to‘qilgan kiyimlar qishda issiqligi bilan paxtali kiyimlardan qiymatliroq bo‘lgan. O‘zbek xalqi sharoitida qo‘y ko‘p bo‘lib, tuya juni nisbatan kamroq ishlatilgan. Tuya junidan to‘qilgan kiyimlar asosan bel va oyoq og‘rig‘i bor insonlarga davo sifatida tavsiya etiladi.

                

Ip tayyorlash jarayoni va urchuq yigirish
O‘zbek xalqida ip tayyorlash jarayoni har bir oilaning azaliy an’analari sifatida momolardan meros o‘tib kelgan. Kampir momolar albatta bu ko‘nikmalarni kelinlarga, qizlarga o‘rgatishgan. Bu jarayon asosan qishloq joylarida bajarilgan.
Ip tayyorlashda bir necha bosqich bor. Qo‘yning juni ma’lum mavsumga qarab qirqib olinadi. So‘ng tikonsiz joylari tanlab olinib, tozalanadi, yuvilib oftobda quritiladi. Qurigan toza ip tola-tola qilib ajratilib urchuqda aylantiriladi. Urchuq – bu ingichka, tepa qismiga yumaloq tosh kiritilgan tayoq bo‘lib, o‘zbek xonadonlarida maxsus saqlangan. Momolar urchuqqa jun ipni tola qilib o‘rayotgan paytida uzun ipni tizzasiga qo‘yib, keyin chilvir qilib aylantirib yuborishadi. Aylangan paytida ip mahkam bo‘lib qotadi. Urchuqning yuqori qismidagi toshdan pastga ip aylana qilib yig‘ilib ketilaveradi, bu bilan tayoq to‘ladi. Urchuq yigirish ham mahoratni talab etgan. Ozgina uquvsizlikdan ip uzilib ketishi yoki bo‘sh bo‘lib qolishi mumkin.

Paxta ipi ham xuddi shunday yigiriladi. Uzun qishlarda issiq tancha, sandal atrofiga paxta terib qo‘yilib, qo‘lda paxtani chigitidan ajratilgan. Bu qishloq joylarida oilalarning uzun qish kechalaridagi mashg‘ulotlaridan biri bo‘lgan. Kampirlar nevaralariga paxta chigitlashni o‘rgatib, o‘zlarining yoshlik yillarini, tarixini so‘zlab berishgan. Mashg‘ulot tufayli qish o‘zgacha xotirada qoladigan, fayzli o‘tgan. Paxtalar savag‘ichda titilib, quyoshga shishirilgan, so‘ng paxtadan ham tola-tola uzun iplar hosil qilinib, urchuqda yigirilgan. Iplar katta idishlarga solinib turli ranglarga bo‘yalgan.

To‘quvchilik turlari
To‘quvchilikdagi asboblar keyingi davrlarda boshqa millatlardan kirib kelgan ilmali to‘qish quroli (kryuchok) va simli yoki yog‘ochli to‘qish quroli (spitsa)larda bajarilgan. Ilmali to‘qish qurolida bo‘lajak kelinchaklar sepiga ro‘molchalar to‘qishgan. Turli mato bo‘laklari to‘rtburchak shaklida qirqib olinib, matoning chetlariga iplardan gullar to‘qilgan. Ro‘molchaning gullari uni sovg‘a qiladigan odamning yaqinligiga qarab hashamdor bo‘lgan. Kuyov uchun to‘qilgan ro‘molcha chetlarida gullar bilan uning ismi yozilgan. Ro‘molchaning gullari to‘qib tugatilgach shodalar qilinib, uchlariga pistonchalar, munchoqlar osib chiqilgan. Bu bilan to‘qilgan ro‘molchalar hashamdor, chiroyli ko‘rinishga ega bo‘lgan. Qiz kelin bo‘lib tushgan joyida kuyovning o‘rtoqlari va qarindosh bolalarga o‘zi to‘qib kelgan ro‘molchani sovg‘a qilgan. Hozirgi kunda bu an’ana yo‘qolib ketdi, uning o‘rniga tayyor dastro‘mollar qilinmoqda. Aynan ro‘molcha to‘qish, jiyak to‘qish, yana gulli yostiqlar to‘qish amaliy san’at turi sifatida keng rivojlangan edi.

                          

Bugungi kunda ilmali to‘qish quroli asosida turli kiyimlar, uy jihozlari, o‘yinchoqlar to‘qilmoqda. Bunda sun’iy ipak tolalaridan foydalaniladi. Qo‘lda kiyim to‘qish ham amaliy san’at darajasiga ko‘tarilgan.
Simli yoki yog‘ochli to‘qish quroli asosida jundan tayyorlangan iplardan ustki kiyimlar, paypoqlar to‘qilgan. Jundan to‘qilgan kiyim issiq bo‘lgan-u, biroq uzoq vaqtga chidamagan, ba’zida hasharotlardan zararlangan. Keyingi davrlarda sun’iy ipak tolalaridan yengi yo‘q nimchalar, qalin jemferlar to‘qildi. Biroq hozirgi kunda ko‘proq ilmali to‘qish qurolida bajarilgan ishlar ommalashgan.

Manbalar
(225) ЖУН ИП ОРТИДАН МИЛЛИОНЕРГА АЙЛАНГАН ТАДБИРКОР - YouTube
(225) Спицада Гул кийимларни безаш учун - YouTube
(225) Tikuvchilik va to'quvchilik sirlari - YouTube