Sumalak pishirish


?>

Sumalakning yaratilish tarixi

Qadimdan O‘rta Osiyo hududida istiqomat qilgan ajdodlarimiz bundan ming yillar avval ham ko‘klamni sumalak pishirish bilan kutib olganliklari haqida ma’lumotlar bor. Milodning I – II asrlarida yashab o‘tgan yunon olimi Plutarx qadimgi odamlarning bahoriy udumlari to‘g‘risida yozarkan, ular ilk ko‘klamda bug‘doydan maxsus taom pishirganliklarini qayd qilib o‘tgan.  XI asrning buyuk tilshunos olimi Mahmud Koshg‘ariy o‘zining “Devonu lug‘otit turk” (“Turkiy so‘zlar devoni”) asarida “suma – ivitilgan bug‘doy nomi, uni quritib tuyiladi, so‘ngra undan ugra osh va non qilinadi. Sharbat uchun qilingan, undirilgan arpa uchun ham shu so‘z qo‘llaniladi,” deb yozgan (3-jild, 253-bet). Demak, “sumamak” atamasi “sharbat uchun qilingan, undirilgan arpa” yoki erta ko‘klamda sharbatidan maxsus taom tayyorlash uchun ko‘kartirilgan bug‘doy ma’nosini anglatuvchi qadimgi turkiy so‘z – “suma”dan kelib chiqqan. Sumalak pishirish udumi O‘rta Osiyoda yashagan qadimgi ajdodlarimiz orasida keng rasm bo‘lgan.

Sumalak so‘zining ma’nosi haqida turli rivoyatlar bor. Bir rivoyatda aytilishicha, qadim zamonlarda bir kambag‘al ayolning yosh bolalari bo‘lib, qishdan qiynalib chiqishadi. Och qolgan bolalari non so‘rab yig‘laydi. Noiloj ona bolalariga “Biroz o‘ynab turinglar, men sizlarga ovqat pishirib beraman” deb qozonga suv solib, tagiga o‘t yoqibdi. So‘ngra dalaga chiqib, o‘tgan yilgi bug‘doyzordan bug‘doy tomirlarini, endigina chiqa boshlagan har xil o‘t-o‘lanlarni terib kelib, yuvib qozonga solibdi. Un xaltasidan oxirgi unni qozonga tashlab, qaynata boshlabdi. Tun yarmidan so‘ng charchab uxlab qolibdi. Shunda “si malak”, ya’ni o‘ttiz malak qozonni kavlab, qozonga tuz tashlab pishirib qo‘yadi. Tongda bolalar “Ona, bu ovqatning nomi nima?” deb so‘rashibdi. Ona esa “Bu maloyiklarning karomati bilan pishdi. Uning oti “Simalak”, debdi. Bu so‘z keyinchalik “Sumalak” bo‘lib ketgan, degan qarashlar bor. 

Naql qilishlaricha, tongga yaqin sumalak kovlayotgan ayollarning ko‘zini uyqu eltganda, falakdan uchib kelgan maloyikalar qozonga tuz tashlab ketisharkan. Sumalakka tuz solinmasligining siri ham ana shunda. Hatto, o‘zbek xalq topishmoqlaridan birida ham (“tuzsiz pishgan oshni ko‘rdim”) shunga ishora bor. 

Picture background

Sumalakning diniy e’tiqodlar bilan bog‘liqligi

Xalqimizning ko‘hna e’tiqodlaridan biri bo‘lmish yilboshini sumalaksiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ota-bobolarimiz navro‘zga tayyorgarlikni ham sumalak pishirish uchun maysa undirishdan boshlaganlar. Navro‘z va sumalakni bir-biridan ajratish mumkin emas. Ajdodlarimiz asrlar bo‘yi navro‘z oqshomi katta-katta doshqozonlarda sumalaklarni qaynatib, kelayotgan yangi yil barakali, qutli va serhosil bo‘lishiga umid bog‘laganlar. Sumalak pishirayotgan onaxonlarimiz qadimiy xalq qo‘shiqlarini, bayt-g‘azallarni aytib, bayram fayziga fayz qo‘shganlar. 

Picture background

An’anaga ko‘ra sumalak pishirishdan avval Bibi Fotimaning haqiga duo o‘qiladi, o‘choq boshida “is” chiqariladi, is chiroqlar eshib, yoqiladi, isiriq tutatiladi. Aytishlaricha, shunday qilinsa, sumalak pishiruvchilarga Bibi Fotima bosh-qosh bo‘lib turarmish. Ayni tong mahali sumalak kovlayotgan momolarning ko‘zlari ilinganda Bibi Fotima sumalakka besh panjasini urar, shunda bu bahoriy taom qiyomiga yetib, mazali bo‘lib pishar emish. Shuning uchun sumalak pishirilayotgan paytda momolar uning ruhidan madad so‘raydilar. Masalan, qozonga yog‘ solayotganda quyidagicha niyat bildiradilar.:

Bismillohir rahmonir rohiym!

Xudoyim o‘zi yor bo‘lsin,

Bibi Fotima madadkor bo‘lsin,

Qo‘lim yengil, yuzim yorug‘ bo‘lsin,

Yilboshimiz qutlug‘ bo‘lsin,

Sumalagimiz totlig‘ bo‘lsin! 

Sumalak bilan bog‘liq inonchlar

Sumalak pishirayotganda hamma xursandchilik qilishi, bir-birining dilini og‘ritmasligi kerak deydilar. Sumalak pishayotgan qozonga kattaroq munchoq, yong‘oq yoki tosh solinadi. Sumalak suzilayotganda kimning idishiga munchoq tushsa, birinchi farzandi qiz bo‘lar ekan, deb irim qiladilar. Mobodo tosh tushsa, turmushi toshdek mustahkam, yong‘oq tushsa bamisoli yong‘oqdek sermag‘iz, ya’ni serfarzand bo‘ladi deb suyunadilar.

Sumalakni oila a’zolari bahamjihat bo‘lib tanovul qilishgan. Agar u oz bo‘lsa, har kim jimjilog‘i bilan bir martadan yalab ko‘rgan. Shu bois, xalq orasida “Sumalak - bir yalamak” degan naql ham bor.

Picture background

Sumalak tarqatilgandan keyin yaxshi niyat qilgan ayollardan biri doshqozonni yuvadi-da, qozon ichidan chiqqan suvni birorta mevali daraxtning tagiga to‘kadi.

Sumalak pishirish udumi tabiatning o‘lib-tirilishi, ya’ni kuzda ramziy ma’noda “uyquga” ketgan o‘simliklar olamining erta ko‘klamda yana qayta jonlanishi haqidagi qadimiy xalq qarashlari asosida kelib chiqqan chinakam xalqona an’analarimizdan biridir.

Sumalak uchun undirilgan bug‘doy maysasining shirasini qozonga solayotganda ayollar qizil ko‘ylak kiyib, boshlariga qizil ro‘mol o‘raydilar, quloqlariga esa qizg‘aldoqlardan taqib oladilar. Qizil ko‘ylak kiyib, qizil ro‘mol o‘rashning ham muayyan ramziy ma’nosi bor: shunday qilinsa, sumalak qip-qizarib pishadi deb umid qilganlar.

Xalqimiz an’anasiga ko‘ra, ko‘klam kunlari ko‘pchilik bo‘lib tayyorlanadigan bu g‘aroyib taomni ilk marta jimjiloq bilan tatib ko‘rilsa, yil barakali keladi, deydilar. Shu bois, navro‘z kunlari dasturxonga sumalak tortilganda, ko‘klam taomini birinchi bor tatib ko‘rayotgan pir-u badavlat otaxonlarimiz-u tabarruk onaxonlarimiz: “Yangilik, yangilik, ilohim hech ko‘rmaylik yomonlik, niyatimiz omonlik-somonlik. Ilohim yanagi oy, yanagi yillarga, boshimiz eson, bag‘rimiz butun bo‘lib, o‘ynab-kulib yetishaylik!” deyishib, jimjiloqlari bilan sumalakni tatib ko‘radilar. 

Sumalak pishirish jarayoni

Jaydari qizil, qayroqi bug‘doy tozalanib, sovuq suv bilan yuviladi. Zanglamaydigan sirli idishga solinib, uch kun ivitiladi. Bug‘doy nish urgach, toza taxta (teshikchalar ochilgan) ustiga 1 – 1,5 sm qalinligida yorug‘roq, lekin quyosh nuri tushmaydigan joyga yoyiladi va har kuni ertalab suv sepib turiladi. Bug‘doy maysasi igna bo‘yi bo‘lganda (3–4 kundan so‘ng) uni bo‘laklarga bo‘lib, taxtadan ajratib olinadi. Bug‘doy ko‘ki qiymalanadi yoki o‘g‘irda tuyiladi va ustidan suv quyib aralashtiriladi, sharbati dokada suziladi. Shu tariqa uch marta sharbat olinib, alohida idishlarda saqlanadi, 0,5 kg undirilgan bug‘doy uchun 2 kg bug‘doy uni, 1 kg paxta yog‘i kerak. Qozonda paxta yog‘i dog‘lanib sovitiladi. Yog‘ga un va birinchi suzilgan sharbat aralashtirilib, baland olovda qaynatiladi. So‘ng ikkinchi suzilgan sharbat quyiladi, bu ham qaynab bo‘lgach, uchinchi suzilgan sharbat quyilib, baland olovda qaynatiladi. Qozonga yopishib, tagi olmasligi uchun qozonga yong‘oqdek keladigan 15–20 ta silliq toshchalar va 10–12 dona yong‘oq yuvib solinadi va yog‘och kurakcha bilan to‘xtovsiz kovlab turiladi. Sumalak 10–12 soat qaynatiladi. Tayyor sumalakning rangi och jigarrang, quyuq ataladek, mazasi shirin bo‘ladi. Sumalak yetilgach, qozonning olovi olinib, 5–6 soat dimlab qo‘yiladi.

Sumalakning foydali xususiyatlari

Sumalak  shifobaxsh taom bo‘lib, unda qonga va limfa suyuqliklariga so‘riladigan monoxorid bor. Uning oqsili ham juda nozik bo‘lib, odam tanasidagi hujayralar uchun eng yaxshi ozuqadir. Sumalakda S va E darmondorilari ko‘p.  E darmondorisi erkaklarni naslsizlik kasali va ayollarni bevaqt homila tashlash kasalidan asraydi. Sumalak qon bosimi kasalligiga ham yaxshi davo bo‘lib, u qon tarkibini yaxshilaydi. Tomirlar toraygan bo‘lsa, qonni suyultiradi. Yana sumalak oshqozon va ichak yo‘lini tozalaydi, uning faoliyatini kuchaytiradi. Kishining issig‘i ortib ketsa me’yorlashtiradi, asablarni tinchlantiradi.  

Manbalar

  1. Jo‘rayev M. O‘zbek mavsumiy marosim folklori. – Toshkent: Fan, 2008. – 294 bet.

  2. Sumalak haqida qiziqarli ma’lumotlar / Сумалак ҳақида қизиқарли маълумотлар

  3. Секреты древнего блюда сумаляк сохраняются уже 8000 лет!