Lola sayli


?>

Lola sayli tarixi

Gul bilan aloqador an’anaviy xalq saylining qadimiy namunalaridan biri “Lola sayli” bo‘lib, asosan, Farg‘ona vodiysida, Toshkent, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarining lola va qizg‘aldoqlar ochiladigan tog‘li hududlarida o‘tkazilgan. Asrlar davomida xalqimiz orasida bahorda lola sayliga chiqish o‘ziga xos an’ana hisoblangan. Binobarin, lola ochilgan paytni tantana qilish udumi jahonning boshqa xalqlariga ham ma’lum. 

“Lola sayli” xalqimizning navro‘z bilan aloqador an’anaviy sayillaridan biri bo‘lib, kishilarda tabiatga muhabbat hissini tarbiyalashda muhim amaliy ahamiyat kasb etgan. An’anaga ko‘ra, tog‘ yonbag‘irlarida o‘tkazilgan “Lola sayli”ni dastavval “lolachilar” boshlab berishgan. Dala-qirlarda lola ochilganini ko‘rgan “lolachi” bolalar tol yoki terak shoxini kesib olib, uni lola bilan bezatishgan. Ular ana shu “gulchaman”ni ko‘tarib, qishloq ko‘chalari bo‘ylab aylanib yurganlar. “Lolachi”larni ko‘rgan odamlar bolalar ko‘tarib yurgan “gulchaman” shoxiga ro‘molcha, mato bo‘lagi bog‘lab, dillaridagi orzu-istaklarini izhor etishgan. “Lolachi” bolalar qishloqni aylanib chiqishgandan keyin, lola gullari bilan bezatilgan “gulchaman”ni ko‘targancha tog‘ yonbag‘ri tomon yo‘l olganlar. Ular gullar bilan burkangan daraxt shoxini lolazorning o‘rtasiga o‘rnatib qo‘yishgan. Shundan so‘ng qishloq oqsoqollari “Lola sayli”ni boshlash uchun oq fotiha berganlar. 

Toshkentda lola ochilgan paytda bolalar quyidagi qo‘shiqni kuylaganlar:

Oppoqjon dastidan,

Qizil gullar ochildi,

Qizil gulning xumchasi (g‘unchasi),

Oppoqjonning bachasi,

Oppoqjon o‘libdi,

Ko‘k ko‘ylakni kiyibdi,

Oq ko‘ylakni yoyibdi,

Olma bilan otibdi,

Yumalanib yotibdi.

“Lola sayli” Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida, hatto, Toshkent shahrining atroflarida ham o‘tkazib kelingan. Dalalarda qizg‘aldoqlar barq urib qiyg‘os ochilgan paytda, qishloqlarning aholisi baland tepaliklarga chiqishib, “Lola sayili”ni o‘tkazishgan. Sayilda asosan yosh yigit qizlar ishtirok etishgan. Sayil qatnashchilari childirma chalib, ashula aytishgan, lapar, o‘lan ijrochilarining bellashuvlari bo‘lib o‘tgan. Qizlar sho‘h ohanglar og‘ushida raqsga tushganlar. Aytishlaricha, Parkent kanali bo‘yidagi tepaliklar azaldan sayilgoh vazifasini o‘tab kelgan. An’anaviy dunyoqarashda qizil rang qon, hayot ramzi bo‘lgani uchun qiz juvonlar “Lola sayli”ga atab qizil rangli matodan yangi ko‘ylaklar tikib kiyishgan.

Picture background

“Lola sayli” bilan bog‘liq xalq qo‘shiqlari

O‘zbek folklorida “Lola sayli” bilan bog‘liq xalq qo‘shiqlari ko‘p uchraydi. Qo‘shiqlarda lola “elning chiroyi” ekanligi, bu gul ochilishi odamlar diliga farax baxsh etishi, chaqmoqdan, sellardan qo‘rqmay ko‘kargan lola odamlarni ommaviy sayilga chorlashi tarannum etilgan:

Lola, lola, lolajon,

O‘sar joying dalada.

Lola, lola, lolajon,

Chidash berding jalaga.

Lola, lola, lolajon.

Chaqmoqdan ham qo‘rqmagin,

Lola, lola, lolajon,

Jaladan ham qo‘rqmagin.

Lola, lola, lolajon,

Sellar olsa qo‘rqmagin.

Lola, lola, lolajon,

Sovuq tursa qo‘rqmagin.

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi tog‘ qishloqlarida har yili ko‘klamda lola sayliga chiqish an’anaviy marosimlardan biri hisoblangan. Ana shu marosim chog‘ida ijro etilgan xalq qo‘shiqlarida tabiatning ko‘klamgi uyg‘onishi, lola nafosati baxsh etgan ezgu tuyg‘ular tarannum etilgan:

Lolachada ishim bor, ey lola,

Kissamda kishmishim bor, hey lola,

Kishmish bo‘lsa mayliga, hey lola,

Qiz bolada ishim bor, hey lola.

Qo‘shiqda “lolacha” obrazi ramziy ma’noda loladek qizil ko‘ylak kiygan qizning o‘ziga teng. Yigitning sayilga kelishdan maqsadi lola terish emas, aslida, “lolacha”da “ishi borligi”ni bildirish, ya’ni o‘z sevgisini izhor etishdan iboratdir. Xalq lirikasida mevalar, mevali daraxtlar, bog‘ u yoki bu jihatdan sevgi, oila, farzand g‘oyalari bilan bog‘liqligini ko‘pgina olimlar qayd qilib o‘tishgan. Yuqoridagi qo‘shiqda ham yigit “kissasidagi kishmish” - bo‘lajak oila poydevori, chin sevgi timsolidir. “Lola sayli”da yigitlar o‘z sevgililariga yosh bolalar orqali turli shirinlik va sovg‘alar qatorida mayiz yuborishlarini nazarda tutsak, bu poetik detalning sevgi magiyasi bilan bog‘liq, jihatlari yanada oydinlashadi. Qo‘shiqda bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan yigit bilan qiz o‘rtasida “vositachilik” qiluvchi bola obrazining timsoliy talqini ham mavjud:

Tom ustida piyola, hey lola,

Ichi to‘la gul lola, hey lola,

Nari turing bo‘z bola, hey lola,

Uyaladi qiz bola, hey lola.

Tom ustida nelar bor, hey lola,

O‘rdak bilan g‘ozlar bor, hey lola,

O ‘rdak ketib g‘oz qolsin, hey lola,

Dushman ketib do‘st qolsin, hey lola.

Ma’lumki, xalq og‘zaki ijodida “tom”  oila, “g‘oz” – xabarchi ramzi bo‘lib keladi. G‘oz obrazining xabarchi sifatida timsollashtirilish an’anasi “Alpomish” dostonida ham bor. 

Yuqoridagi to‘rtliklarda tasvirlangan “tom”  – oila ramzi deb qaralsa, “o‘rdak”  sevishganlarga xayrihoh bo‘lmagan g‘animlar, “g‘oz” esa ularning xayrihoh do‘stlari timsolidir. “G‘oz” deganda yigitlar sovg‘asini ma’shuqaga yetkazuvchi bolakaylar ham nazarda tutilgan. Bolalar vositachiligining badiiy talqinini yaratishda “g‘oz” obrazining xabarchi sifatidagi an’anaviy xususiyatlari asosga olingan.

Picture background

Lola sayli tarixi

“Lola sayli”ning tarixiy asoslari O‘rta Osiyoda yashagan qadimgi ajdodlarimizning o‘lib-tiriluvchi tabiat kultlari bilan aloqador mifologik tasavvurlariga borib taqaladi. San’atshunos G.A.Pugachenkova tomonidan tahlil qilingan qadimiy osori atiqalardan biri, fanda “Kvatspileyevodan topilgan idish” (Rossiya federasiyasining Perm shahri yaqinidagi Kvatspileyevo qishlog‘idan topilgani uchun shu nom bilan atalgan) nomli idishga chizilgan suratlarda tasvirlangan ayollar qo‘lida lola ko‘tarib turganligi ham bu gul bilan bog‘liq inonchlar qadimiyligidan dalolat beradi. Mutaxassislar tomonidan qadimgi So‘g‘d hunarmandlari tomonidan yasalgan deya e’tirof etilgan mazkur kumush idishning devorida tasvirlangan ayollardan biri ikki qo‘lida lola ko‘tarib turgan bo‘lsa, ikkinchisining bir qo‘lida lola, ikkinchisida bola bor. Uchinchi ayolning o‘ng qo‘lida lola bo‘lsa, chap qo‘lidagi idishni uzum to‘la vaza deb tahmin qilish mumkin. To‘rtinchi va beshinchi ayol esa bir qo‘lida qushni, boshqasida allaqanday qutichani ko‘tarib olganligi tasvirlangan. Shuningdek, xuddi shunga o‘xshash kumush idish Permning o‘zida o‘tkazilgan arxeologik qazilmalar chog‘ida ham topilgan bo‘lib, unda qo‘llarida lola ko‘tarib turgan ikki ayol surati mavjudligi aniqlangan.

Qadimgi So‘g‘dda har yili ko‘klamda birinchi lola ochilgan paytda odamlar dalalarga chiqib, tabiatning ko‘klamgi uyg‘onishiga timsol qilingan bu gulga bag‘ishlangan marosimni o‘tkazishgan. Marosimning XX asrgacha saqlanib qolgan ko‘rinishida uni “lolachilar” boshqarishgani kabi qadimda ham “Lola sayli”ni o‘tkazishga maxsus kohinlar bosh-qosh bo‘lib turishgani ehtimoldan xoli emas. Shunga ko‘ra, yuqorida qayd qilingan kumush idishlarda tasvirlangan “lola ko‘targan ayollar” obrazini qadimgi So‘g‘d “lolachi”larining timsoli deb talqin qilish mumkin.

Manbalar

  1. Jo‘rayev M. O‘zbek mavsumiy marosim folklori. – Toshkent: Fan, 2008. – 294 bet.

  2. Andijonda lola sayli bez montaj

  3. (116) Қизғалдоқ соғинчи... - YouTube