Do‘ppido‘zlik
?>
Do‘ppido‘zlik tarixi
Do‘ppichilik – do‘ppi tikish san’ati. Do‘ppi Markaziy Osiyo xalqlari orasida o‘rta asrlardanoq milliy kiyim turiga aylangan. “Do‘ppi” – so‘zi turkiy “Tyube” so‘zidan olingan bo‘lib, tepa, yuqori degan ma’noni bildiradi. O‘zbek do‘ppilari boshqa millatlarning bosh kiyimidan shakli, bezagi bilan farqlanadi. Do‘ppi tikuvchi usta – do‘ppido‘z, do‘ppi tikish kasbi – esa do‘ppido‘zlik deb ataladi.
Erkaklar do‘ppisini tikishda asosan qora satin yoki baxmaldan foydalaniladi. Ayollar do‘ppisiga shoyi, baxmal, parcha matolar ishlatiladi. U turli munchoqlar, toshchalar bilan bezatiladi.
Do‘ppi tikish usuli va turlari
Do‘ppi tikishda har bir hududning o‘ziga hos uslubi bor. Do‘ppining iroqi, Chust do‘ppi, gilam do‘ppi, chakma to‘r, qizil gul, piltado‘zi, zardo‘ppi, to‘ldirma deb nomlanadigan xillari mavjud. XX asr boshlarida Toshkent do‘ppilari yarim sharga o‘xshash bo‘lib, “kanda xiyol” choki yordamida (bosma chokning bir turi) tikilgan. Mazkur do‘ppilarning ba’zilari “chakmato‘ri” texnikasi bo‘yicha ishlangan. Keyinchalik “iroqi” usulida tikish ham keng tarqalgan.
Do‘ppilarning viloyatlarga ko‘ra turlari
Samarqand do‘ppilari
Samarqand do‘ppilari och kumushsimon yoki zarhal parchadan tayyorlanib, yorqin rangi bilan ajralib turadi. Ularning tepa qismi qora yo‘lchalar bilan to‘rt qismga bo‘linib, har bir bo‘lakka gullar tasviri tushirilgan butoqchalar kashta yordamida tikiladi.
Chust do‘ppisi
Do‘ppichilikda Chust do‘ppilari mashhurlikda alohida o‘ringa ega. Chust do‘ppilarida sakkizta chok uslubi qo‘llaniladi: zanjira, to‘g‘ri chok, chita, kungura, yetalatma, taroq, ova, pildiroqlar asosiy tikish choklari hisoblanadi. Qora yuzaga oq ipak bilan bosma chokda to‘rtta qalampir (garmdori) nusxa tikiladi.
Farg‘ona do‘ppisi
Farg‘ona vodiysida do‘ppining bir necha turlari mavjud. Iroqi nusxa do‘ppilarda gullar, qushlar, hayvonlar tasvirlanadi. Marg‘ilon do‘pilarida qalampir tasvirlari Chust do‘ppilaridagi qalampir shaklidan biroz nozik va uzunroq qilib tikiladi.
Shahrisabz do‘ppisi
Ushbu do‘ppining kashtasi gilamga o‘xshaydi. Shuning uchun uni ko‘pincha “Iroqi” yoki “gilam do‘ppi” deb atashadi. Ushbu tushuncha Amir Temur keltirgan iroqlik ustalar tufayli paydo bo‘lgani haqida afsonalar mavjud. Bezaklarning har biri o‘ziga xos ma’noni anglatadi. Masalan, sabzavot – tabiatning go‘zalligi, saxovati uchun Allohga minnatdorchilik ifodasi va hayot ramzi. Yashil – tiriklik, qizil – shijoat, ko‘k – beg‘uborlik, poklik, sariq – quyosh nurini aks ettiradi va omad keltiradi. Shahrisabz gilam do‘ppilari shakli konussimon, turli iplardan foydalanishi bilan ajralib turadi. Gullari esa tikish uslubiga qarab tanlanadi. Masalan, “sanama”, (sanab tikish) yoki “chizma” (oldin chizib olib keyin tikish) usulida ishlangan.
Buxoro do‘ppisi
Buxoro do‘ppilari ko‘proq zar iplar bilan tikiladi. Oltin va kumush iplar bilan ham bezatilgan. Buxoroning “kallapo‘shi buxori” deb ataladigan do‘ppilari ko‘rinishi jihatidan farqlanadi. Buxoro do‘ppilari duxoba va sidirg‘a baxmal matolariga tikilgan. Tayyor bo‘lgan do‘ppining chetlari jiyak bilan gir aylana qilib hoshiyalangan. Buxoroda zardo‘zlik san’ati qadimdan rivojlangani uchun do‘ppilarga ham zar qo‘shib tikiladi, shuning buxorolik do‘ppido‘zlarning buyumlari kelinlar sepini bezaydi.
Surxondaryo, Boysun do‘ppilari
Surxondaryo va Qashqadaryoda yumaloq shakldagi do‘ppilar tikiladi. Surxondaryo do‘ppido‘zlik maktabida amaliy bezak san’atining milliy kashtachilikka xos uslublari qo‘llanadi. Xotin-qizlar do‘ppilari dumaloq shaklda bo‘lib, mayda munchoqlar tizib, gul tikiladi. Do‘ppilarning atrofiga “yo‘rmado‘zi” usulidagi jiyak qadaladi. Erkak va ayollar do‘ppilarining jiyaklari gul nusxalariga ko‘ra farqlanadi. Do‘ppiga jiyak tikib bo‘lingach, jiyakning tutashgan joyiga turli rangdagi ipaklardan popukcha qadab bezatiladi.
Boysun do‘ppilari do‘ppi chekkasi va tig‘dor uchi boshqalar do‘ppilardan farq qiladi. Bosh kiyimining pastki qismida egasini yomon kuchlardan himoya qiladigan jiyak naqsh mavjud. Yuqori qismida geometrik naqshlar bor, ularning ma’nosi rangga bog‘liq.
Andijon do‘ppilari
Andijon do‘ppisida barcha naqshlar bir-biri bilan kesishadi. Ko‘pincha ular anorlar, atirgullar va ilon izi deb nomlanadi.
Manbalar
Садикова, Ш. Х. Ўзбекистон дўппилари / Ш. Х. Садикова. – Текст: непосредственный // Молодой ученый. – 2020. – № 30 (320). – С. 320-322.
Булатов С. Ўзбек ҳалқ амалий безак санъати. Тошкент-1991. б.313. Совет Ўзбекистони санъати. 1991. № 12. б.29.
(166) SURXON DO'PPILARI HUNARMAHD IQLIM TOSHBOYEVA - YouTube
http://dkm.gov.uz/ru/cto-eto-znacit-sekrety-uzbekskoj-tubetejki