Chaqaloq bilan bog‘liq marosimlar


?>

Marosimlarning ahamiyati

O‘zbek  xonadonlarida chaqaloq tug‘ilishi bilan bog‘liq turli marosimlar o‘tkaziladi. Bu marosimlarda qo‘llanadigan udumlar chaqaloqning sog‘ligi, toleyi haqida turli ramziy ma’no anglatishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Bulardan chilla saqlash, beshikka solish, beshik to‘y, aqiqa, tirnoq olish, soch olish, oyog‘idan kulcha yumalatish, sunnat to‘y, muchal to‘yi kabi jarayonlar an’ana, urf-odat tusiga kirib ketgan. O‘zbekistonning turli viloyatlarida bu jarayonlarda har xil marosimlar bajariladi. 

Chilla saqlash

Chaqaloqning dastlabki qirq kunlik hayoti davomida chilla tutish, ya’ni boshqa kishilardan alohida saqlashga amal qilishadi. Mana shu davr bilan bogliq qator irim-sirimlar borki, ularning shakllanishi mifologik tasavvurlar bilan aloqador. Chilla aslida faqat chaqaloq uchun emas, yangi kelin-kuyov, xatna-sunnat qilingan o‘g‘il bola, o‘lik chiqqargan xonadon egalari, hatto biror hayvon tug’ilgan uy uchun ham xosdir.

O‘tmishda chaqaloqning besh va to‘qqiz kunligi eng xavfli davr sanalib, shu kunlarda ularni turli ins-u jinslar va boshqa zarar yetkazuvchi parilar tegishidan omon saqlashni ko‘zlab, maxsus marosimlar uyushtirilgan. Bunga doyalar, momolar bosh bo‘lishgan. Marosim jarayonida ijro qilinadigan aytimlarda unda bajariladigan ritual xatti-harakatlar – irim-sirimlarga alohida ishoralar bor:

Bu kecha besh kechasi,

Beshdan o‘tdi – toshdan o‘tdi.

Choldevor hovlidan o‘tdi.

Choli bor hovlidan o‘tdi.

Otasining qo‘sh pichog‘i,

Onasining oshpichog‘i,

Buvisining ko‘zmunchog‘i,

Opasining ovunchog‘i.

Anglashilayotirki, “Besh kecha”da chaqaloq loy-guvaladan emas, balki tog‘ toshlaridan qurilgan va keksa insonlar: qo‘sha qarib, ko‘p farzand ko‘rib yashayotgan chol-kampirlar uyiga olib borilgan hamda ulardan duo olingan. Uyga kelgach, oshpichoq yoki qo‘shpichoq singari tig‘li predmet bilan silab qo‘yilgan. Bu bilan bolaga ko‘chadan ins-u jinslar ergashmasin, ko‘z – suq kirmasin, degan niyat ko‘zda tutilgan. Shundan so‘ng uning yo‘rgagiga keksalardan olingan ko‘zmunchoq ham shu maqsadda ilib qo‘yilgan.

Picture background

Besh va to‘qqiz kechada doya piyozga qozonkuya surtib, uni chaqaloqning peshonasiga, ikki yuzi va manglayiga, onasining ko‘kragiga va peshonasiga surtgan. Piyozning achchiqligi va qozonkuya ins-jinslarni quvuvchi kuchga ega, deb ishonish shunday irimga sig‘inishga olib kelgan.

To‘qqiz kecha kuni bola kunduz kuni hovliga olib chiqilib quyoshga, so‘ngra tunda ham tashqariga chiqarilib, oy va yulduzlarga ko‘rsatib olingan. Bu irim unga daxldor aytim-olqishlarda ham ta’kidlangani kuzatiladi:

Chaqaloqqa ko‘ylak kiydirish

Chaqaloqqa ko‘ylak kiydirish chilla davridagi muqaddas marosimlardan hisoblanadi. Chaqaloq uch kunga to‘lganda ilk marta ko‘ylak kiygizilgan. Shuning uchun go‘dak uch kunlik bo‘lganida uch-to‘rt nafar kampir ishtirokida chilla ko‘ylak yoki it ko‘ylak kiydirish marosimi o‘tkazilgan. Chaqaloqning it ko‘ylagi momosi yoki bobosining eski oq ko‘ylagidan tikiladi. It ko‘ylak chaqaloqning badaniga qattiq tegmasligi uchun uning choklari teskari qilib tikilgan. It kuylak tikishda qaychi ishlatmaydilar, chunki mato kesilsa, bolaning umri qirqiladi deb irim qiladilar. Chilla davri tugagach, bu ko‘ylak chaqaloqdan yechib olingan va bolaning ukalari uchun asrab qo‘yilgan. Bu ko‘ylak qirq kundan so‘ng chiqarib olinib, bir hovuch arpa, bug‘doy va makka bilan mozorga tashlab kelingan. Bu donlarni chumchuqlar terib yesa chaqaloq sog‘-omon bo‘lib o‘sadi deb tasavvur qilingan.  Hozirgi kunda bu marosim ham, unga aloqador irim-sirimlar ham deyarli qo‘llanmaydi. Chunki chaqaloqlar tug‘ruqxonadan uyga yangi kiyimda olib kelinadi va uni kiydirish maxsus marosim sifatida nishonlanmaydi.

Bu odat zamirida chaqaloq itday sezgir, vafodor, serfarzand va rizq-ro‘zli, otday o‘ktam, chopag‘on bo‘lsin degan ma’no yotgan. Bundan tashqari, chaqaloqqa chilla davrida xavf solishi mumkin bo‘lgan xatarlarni ko‘ylak vositasida it yoki otga o‘tkazish bilan aloqador magik qarashlar ham o‘z ifodasini topgan. 

Beshik to‘yi

Beshik to‘yi (gavorabandon (beshikka bog‘lash) marosimi, odatda, dushanba yoki juma kunlarida uyushtiriladi. Buning ham qat’iy tartibi bor: eng oldinda yog‘och oyoqqa minib, qo‘lda qayroq bilan raqsga tushganlar va karnaychi-surnaychilar, ular ketidan boshlarida sovg‘a-salom solinib dasturxonga o‘ralgan la’li (patnis) ko‘targan ayollar va orqada yangi beshikni yelkasiga olgan beshikbardor uzun safda tizilishib, karnay-surnay navolari ostida borishadi. Bularni borkashlar deyishadi.

Borkashlar beshik to‘yi o‘tkaziladigan hovliga yetib kelganda, uy egalari ularni yuzlariga un surtish bilan kutib oladilar. Bu bilan chaqaloqning baxti oppoq bo‘lishiga ramziy ishora qilinadi.

Bolani beshikka bog‘lash gali kelganda, vakila yoki kayvoni ko‘zmunchoqlar, qo‘ng‘iroqlar, siyohdonali tumorcha tikilgan beshikpo‘sh yopintirilgan yangi beshikni uyning o‘rtasiga keltiradi. Beshikpo‘shlarni ochib, tuvak va tagpo‘shlarni soladi, belbog‘ichini tugadi. Bosh tomonga tagpo‘sh tagiga bir bosh piyoz va kichkina qayroq tosh qo‘yadi. Shundan so‘ng beshik yug‘usi ustida-ikki qubbasi yonida va o‘rtada jami uch joyda pag‘a holidagi paxtadan qov qo‘yilib yoqiladi va tezlik bilan bu kuyindilar yig‘ishtirib olinadi. “Qo‘r-qo‘r” deb ataluvchi shu irim tugagach, vakila chaqaloqni qo‘liga olib, dast ko‘taradi-da, “Bunday bog‘laymizmi? Bunday” degancha, uni dam chalqanchasiga, dam o‘ngiga yotqizmoqchi bo‘lib, beshik atrofidagilardan so‘raydi. Nihoyat, u chaqaloqni to‘g‘ri holatda beshikka qo‘yib, o‘tirganlardan “Ha” javobini olgach, bolani beshikka bog‘laydi. Bu jarayonda uning tomonidan shunday aytim ijro qilinadi:

– Qoch, qoch, babasi,

Keldi egasi.

Ota-onang gapirishsa,

Qichqirishsa, yana qo‘rqma,

Opalaring, akalaring

Baqirishsa, yana qo‘rqma.

Olapar it akillasa,

Qo‘rqib qolma.

Moshi mushuk xurillasa,

Qo‘rqib qolma.

Yaltoq hangsher hangillasa,

Tag‘in qo‘rqma.

Birov baland ovoz solsa,

Chaqirib qolsa,

Tag‘in qo‘rqma.

Vakila shu aytimni ayta turib, bolani beshikka bog‘lash jarayonini bajarayotgan paytida boshqa bir ayol beshik ustida yong‘oq chaqa boshlaydi. Chaqaloqni beshikka bog‘lash tugashi bilan chaqilgan yong‘oq mag‘izlari beshik ustidan sepiladi. Buning ikki ramziy ma’nosi bo‘lib, taqillash ovozidan bola cho‘chimasligi va yong‘oq mag‘zini sepishdan esa bolaning sermag‘iz, ya’ni kelajakda bola-chaqali bo‘lishi orzu qilingan.

Bolani beshikka bog‘lash tugashi bilan isiriq tutatilib, beshik ustidan uch marta aylantiriladi. 

Chaqaloqning tirnog‘ini olish marosimi

O‘zbek marosim folklorida chaqaloqning tirnog‘ini birinchi marta olish bilan aloqador bir qator udum, irim-sirim va aytimlar mavjud. Xususan, ayrim viloyatlarda chaqaloqning tirnog‘ini birinchi marta olayotganda maxsus kulcha yopganlar va bola tirnog‘i kulcha ustida olingan. Chaqaloqning tirnog‘ini mevali daraxt tagiga ko‘mishgan yoki devor yorig‘iga tiqib bekitib qo‘yishgan. Tirnoq daraxt tagiga ko‘milsa, bolaning rizqi mo‘l bo‘ladi deb o‘ylashgan. 

Chilla davrida ilk bor o‘g‘il bolaning tirnog‘i qo‘yning juni ustida olingan va mevali daraxtning tagiga ko‘milgan. Qiz bolaning tirnog‘i esa paxta yoki kashtaning ustida olingan. Bu odatning mohiyati o‘g‘il bola qo‘ydek yuvvosh, serfarzand va boy-badavlat bo‘lsin, qiz bola esa chevar bo‘lsin degan ma’no mujassam.

Manbalar

  1. Jo‘rayev M. O‘zbek mavsumiy marosim folklori. – Toshkent: Fan, 2008. – 294 bet.

  2. (116) "Gavorabandon" - bolani beshikka boğlash milliy marosimi tòğrisida... - YouTube

  3. Uzbekskaya kolыbel beshik – 2000 letnyaya traditsiya - smotret onlayn v poiske Yandeksa po Video