Shalvar va lozim


?>

Etimologiyasi

O‘zbek milliy liboslari tarkibida muhim o‘rin tutuvchi kiyim turlaridan biri bu shalvar va lozimdir. Shlavar va lozim  gavdaning belgacha boʻlgan pastki qismiga kiyiladigan ustki kiyim hisoblanadi. “Shalvar” so‘zi forscha “shol” (jun) va “bar” (kiyim) so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, dastlab "jundan tayyorlangan ishton" ma’nosini bildirgan. “Shol” so‘zi forscha شال bo‘lib, o‘z ildizini sanskritga bog‘lash mumkin. Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit‑turk”da ham “shalashu” (“Chin to‘qimasidan biri”) so‘ziga o‘xshash shakl keltiriladi. Qadimiy Mesopotamiya, Eron to‘qarisidagi hududlarda III asr avv. miloddan boshlab keng ishtonlar mavjudligi haqida arxeologik dalillar mavjud. Skif‑sarmat qabilalari jangchilari orasida keng ishtonlar keng tarqalganini yunon manbalari ham tasdiqlaydi. Mo‘g‘ullar va keyinchalik Shayboniylar, Ashtarxoniylar davrida shalvar O‘rta Osiyoda (xususan Amudaryo–Sirdaryo) keng yoyilgan.

“Lozim” esa arab tilidan kirib kelgan bo‘lib, “zarur bo‘lgan narsa” yoki “pastki kiyim” degan ma’noni anglatadi. Ikkala kiyim turi ham o‘zbek xalqining turmush tarzi va madaniyatiga mos ravishda shakllangan. Shalvar va lozim qadim zamonlardan beri o‘zbek xalqi orasida kiyilib kelinmoqda. Shalvar erkaklar orasida keng tarqalgan bo‘lsa, lozim asosan ayollar kiyimi sifatida tanilgan. Ikkalasi ham harakat uchun qulaylik yaratishi, issiq va sovuq ob-havoga mosligi tufayli keng qo‘llanilgan. O‘zbek xonliklari, xususan Buxoro va Xiva xonliklarida lozim atlas, adras, baxmal matolardan tikilib, yuqori tabaqa ayollari orasida keng tarqalgan. Buxoro amirligi harbiylarida ham oq rangli shalvar uniforma sifatida foydalanilgan

Shakli va bezagi

Shalvar erkaklar tomonidan kiyiladigan, keng bichimli, ba’zida pochasi torayib boradigan pastki kiyimdir.  U ko‘pincha paxta, jun yoki oddiy matolardan tikiladi. Ayollar lozimi esa nafis, ko‘pincha atlas, adras, baxmal yoki zardo‘z matolardan tikilib, chiroyli naqshlar bilan bezatiladi. Lozimlar uzun, keng va ko‘ylak bilan uyg‘unlikda kiyiniladi. Ayollar lozimining pochasiga maxsus kashtali yoki zarli tasma qadalgan va u jiyak deb atalgan.  Bayram, to‘y, tantanalarda ayollar atlas lozim va ko‘ylaklar bilan bezakli libos sifatida kiyinishadi. Shalvar va lozim o‘zbek xalqining turmush tarzida muhim rol o‘ynagan.  

Shalvar erkaklar uchun ish, safar va harbiy maqsadlarda mos bo‘lgan bo‘lsa, lozim ayollarning go‘zalligi, nafisligi va didini ifoda etgan.  Zamonaviy o‘zbek modasida lozim va shalvarlar yangi dizaynlar asosida, an’anaviy va zamonaviylik uyg‘unligida ishlab chiqilmoqda.  Ular har ikki jins vakillari orasida yana ommalashmoqda.

 

Manbalar:

  1. Oyina.uz elektron nashri

  2. Otamurodov Otaxon Berdiyevich (2022). Kiyim turlari va ularning kelib chiqishi haqida. Talqin va tadqiqotlar ilmiy-uslubiy jurnali, 1 (13), 164-166.