SALLA
?>
Sallaning Markaziy Osiyoga kirib kelishi
Markaziy Osiyoda salla o‘rash odati qachon paydo bo‘lganligi va qaysi davlatdan kirib kelganligi noma’lum. Yunon tarixchisi Strabonning yozishicha, salla o‘rash qadimiy midiyaliklar orasida ham keng tarqalgan va Midiyadan Eronga o‘tgan. Etnograf Iso Jabborovning mulohazalariga qaraganda, Somoniylar davridan boshlab salla o‘rash odati qadimgi Markaziy Osiyo hududlariga ham tarqalgan, lekin xorazmliklar orasida ushbu odat deyarli uchramagan. Ushbu bosh kiyim, asosan, hozirgi O‘zbekistonning g‘arbiy-janubiy hududlarida keng tarqalgan.
Manbalarda keltirilishicha, salla butun Movarounahr xalqlari (xorazmliklardan tashqari)ning asosiy bosh kiyimi hisoblangan. XIII asrda ushbu hududga, shu jumladan, Samarqandga kelgan sayyohlaming yozishicha, nafaqat ruhoniylar, shu bilan birga oddiy xalq ham doim salla o‘rab yurgan.
“Salla” so‘zining etimologiyasi
“Salla” so‘zining ma’nosi va qayerda paydo bo‘lganligi xususida turli xil fikrlar mavjud. Ayrim olimlarning fikricha, “salla”, asosan, Toshkent shevasiga xos atama bo‘lib, “solmoq” so‘zidan olingan. Ba’zi manbalar, chunonchi, o‘rta asrlarga oid yozma yodgorliklarda esa “salla” so‘zi “savat”, “tuguncha” ma’nosini anglatadi, deb qayd etilgan. “Salla” so‘zi asli turkiycha bo‘lib, hozirgi tojik tilida ham ushbu so‘zning ma’nosi aynan shunday izohlanadi. Binobarin, o‘rta asrlarda salla hali asosiy bosh kiyimi sifatida odat tusiga kirmagan edi. “Salla” atamasining “savat” va “tuguncha” so‘zlariga nima aloqasi bor, degan savol tug‘iladi. XVIII asr o‘rtalarida buxorolik ayollar boshlariga to‘qilgan savat kiyib yurgan. Mazkur shaharda bayram va sayillar paytida xaloyiq oldida tomosha ko‘rsayotgan masxaraboz katta sallali qozi obrazini gavdalantirish uchun boshiga atrofi oq mato bilan o‘ralgan katta savat qo‘yib chiqqan. Shu tufayli “salla” deb atalgan bo'lishi mumkinligi ham ehtimoldan xoli emas.
“Salla” atamasi sug‘diycha “sallata” so‘zidan olingan, degan fikr ham mavjud. Yag‘nob shevasida “sallata” – “ayollar ro‘moli” degan ma’noni anglatadi. Agar ushbu fikr to‘g‘ri bo‘lsa, u holda salla avvallari ayollarning bosh kiyimi bo‘lgan, keyinchalik turli jarayonlar ta’sirida erkaklar bosh kiyimiga aylangan.
Markaziy Osiyoda sallaning ikki turi keng qo‘llanilgan:
katta salla;
kichik salla.
Salla o‘rash odati
Kichik salla ba’zi joylar, masalan, Samarqandda “futa” deb atalgan. “Futa” arabcha so‘z bo‘lib, Hindistondan kirib kelgan (bosh yo belni o‘rashga ishlatilgan, shuningdek, bosh yopiladigan bir bo‘lak matoni hindlar “fo‘ta” deb atagan) va asosan, turmushga chiqqan ayollar o‘raydigan bosh kiyimni anglatgan. Kelinga nikoh kuni otasining uyida salla kiydirilgan. Kuyovnikida salla о‘rash odati ham bo‘lgan. Sallani ayollar 45-50 yoshlargacha o‘rab yurishgan.
Ayollar sallasi kiygich yoki do‘ppi hamda o‘ramdan iborat bo‘lgan. O‘z navbatida, o‘ramning ham har xil shakllari mavjud bo‘lib, boy ayollar 14 metr mato (“Boy bosh”)dan, kambag‘allar esa 6 metr mato (“Kambag‘al bosh”)dan salla o‘ragan. Kambag‘allar yaxlit mato topolmasalar, kalta latta va paxta, salla uchun esa ko‘k yoki qizil rang ishlatishgan. Salla o‘rami ustidan to‘rttadan yettitagacha, kambag‘allar esa bitta qizil ro‘mol o‘rashgan. Shuningdek, ma’rakalarda katta yoshdagi ayollar o‘n metr oq matodan salla o‘rab, ustidan oq ro‘mol bog‘lagan bo‘lsa, o‘rta va kichik yoshdagi juvonlar esa o‘n metrdan iborat havo rang satin salla o‘ragan.
Salladan tashqari qiz bolalar uzoq yillar davomida qalpoq kiyib yurgan (do‘ppi ayrim joylarda qalpoq deb ham ataladi). Samarqand, Urgut va uning atrofidagi qishloqlarda keng tarqalgan qalpoqlar tog‘lik tojik va Markaziy Osiyo yahudiylari qalpog‘iga o‘xshagan yumaloq ko‘rinishda bo‘lib, hozirda butunlay yo‘qolib ketgan. Shuni qayd etish kerakki, bosh kiyimlar bilan bog‘liq bir qancha urf-odatlar mavjud bo‘lgan. Masalan, to‘y o‘tgandan keyin qalpoqcha ustidan peshona durra, shuningdek, birinchi farzand tug‘ilganidan so‘ng esa qalpoq o‘rniga ro‘mol o‘ralgan. Ko‘pincha qo‘shaloq ro‘mol tikilgan: birinchisi boshlariga shundoq tashlab, uchlarini orqaga yig‘ib qo‘yilgan bo‘lsa, ikkinchi ro‘mol esa uning ustidan peshonasi bilan bog‘langan.
Bosh kiyim – yoshga qarab farqlash asosi
Ko‘p joylar, xususan, qishloqlarda bosh kiyim yoshiga qarab farqlangan. Qiz bolalar popuk to‘ppi (do‘ppi) kiygan bo‘lsa, turmushga chiqqan kelin esa birinchi farzand tug‘ilganiga qadar to‘ppi ustidan durra o‘ragan (u Samarqand va Qashqadaryoda peshonaband deb ataladi). Peshonaband turli ko‘rinishda bog‘lanib, durraning ikkinchi uchi 3-4 marta taxlog‘liq va bosh ustidan yonboshga osilgan holda o‘ralgan yoki orqaga tashlangan. Ba’zi hududlarda boshga sarandoz ham solib yurilgan. Qadimda chetlariga kashta tikilgan yakkaband ishlatilgan bo‘lib, yakkabandning uchlariga shoh (popuk), o‘rtasiga moh tikilgan. Birinchi farzandi dunyoga kelgach, yosh juvonlar sochlarini qo‘shkokil qilib o‘rib, boshiga kulut deb atalgan kashtali qalpoq kiygan bo‘lsa, qari onaxonlar esa oq qalpoqda yurganlar.
Manbalar:
Abduraxmonov F. O‘zbek xalqi va uning shakllanishi haqida. – Toshkent, 1999.
- Bo‘riev O. O‘zbek xalki boqiy qadriyatlari. - Qarshi: Nasaf, 2005. 41.
Bo‘riev O. O‘zbeklar: etnik tarixi va etnomadaniy jarayonlar. - Samarkand, 2008.
Tarixiy manbashunoslik, tarixnavislik, tarixiy tadqiqot metodlari va metodologiyasining dolzarb masalalari, 6-ilmiy to‘plam / Mas’ul muharrir M. Isxoqov. — Toshkent: TDShI, 2014. – 344.