Ro'mol va paranji


?>

Ro‘mol va uning turlari

XX asr boshlaridan e’tiboran ayollar ham erkaklarga o‘xshagan astarining ichiga pilta qo‘yib tikilgan do‘ppi kiyib yuradigan bo‘ldi. Ayollaming do‘ppisi erkaklarnikiga qaraganda ancha yassi, kashtasi mayda, rang-barang va jozibali ko‘rinishga ega bo‘lgan. Ayollar do‘ppisining araqchi turi keng tarqalgan edi.

Ayollarning an’anaviy bosh kiyimlari kiyim egasining oiladagi mavqeyini aniq ifodalagan. Chunonchi, bosh kiyim va soch turmagiga qarab qiz bolani turmushga chiqqan kelindan, yosh onani farzandsiz ayoldan, o‘rta yoshli ayolni keksa momodan ajratish mumkin bo‘lgan. Bosh kiyimlar, odatda, ikki guruhga bo‘lingan: boshga kiyiladigan kiyimlar (qalpoq, do‘ppi, ya’ni taqya va kallapo‘sh, quloqchin, bo‘yrak hamda telpak) hamda boshga o‘raladigan yoki yopiladigan ro‘mol, peshonaband lochak, durra, durracha, lokki, yovlik va h.k. 

Ayollarning yoshiga qarab mavsumiy tarzda o‘raladigan ro‘mollar dudoq ro‘mol, ip ro‘mol, shol ro‘mol, jun ro‘mol, to‘r ro‘mol, ipak ro‘mol, doka ro‘mol, misqali doka ro‘mol, g‘ijim ro‘mol, qalayaki ro‘mol, qurokdi ro‘mol, besh gulli ro‘mol, balxi ro‘mol, gardi ro‘mol kabi nomlar bilan atalgan. Yosh qiz va kelinchaklar oq va yorqin rangli, keksalar esa oq nimrang hamda kichik hajmli ro‘mollar o‘ragan. 

Farg‘ona vodiysida ro‘molning alohida turi keng tarqalgan bo‘lib, u chorsi shaklida, uchlari burchakma-burchak qilib taxlanib, boshga o‘ralib, ustidan qora yoki qoramtir tusdagi durracha tashlangan. Durracha peshonaga tang‘ilib, uchlari gardanda kesishtirilgan va peshona ustiga o‘tkazilib bog‘langan qora ro‘mol orasiga qistirib qo‘yilgan, so‘ngra ustidan bir parcha mato, ya’ni doka bog‘langan. Buxoroda doka o‘rniga uzun shasha doka ishlatilgan. Hozirgi kunda ham ro‘mol ustidan bog‘langan durrachani Toshkent viloyatining ayrim tumanlarida yashovchi ayollarning boshida uchratish mumkin. Aksariyat hollarda kichikroq ro‘mol, ya’ni durra o‘raladi. 

Paranji

Paranji XX asrning birinchi choragigacha o‘zbek ayollari ko‘chaga chiqayotganda kiyilishi majburiy bo‘lgan ust-bosh hisoblangan. Har bir ayol va qizning, albatta, paranji va chachvoni bo‘lishi shart edi. Ayollar va qizlar paranjini ustiga yopib, yuz-ko‘zini chachvon bilan berkitgan. 

Samarqandda chachvon “chashmand” deb atalgan. Paranji va chachvon xonadan olib chiqilganidan keyin hovlida, avvalo, ayollar boshiga paranji tashlab, darvozadan chiqayotganda, ostonada yuziga chachvon tutilgan. Boy xonadonning ayollari qimmatbaho matodan rang-barang bezaklar berib tikilgan paranji-chachvon yopingan bo‘lsa, kambag‘al ayollar esa eski paranji-chachvon tutgan. 

Qishloq joylarda paranji-chachvon kamdan kam ishlatilgan, o‘shanda ham, asosan, olis safarga chiqilganda va turli marosimlar paytida ishlatilgan. Paranji yopinish odati mavjud bo‘lmagan hududlarda ayollar boshlariga turli xil yopinchiqlar, ko‘pincha, bolalarning to‘nini tashlab yurishgan. Samarqand va Shahrisabzda yo‘l-yo‘l matodan tayyorlangan yopinchiq, Xorazm va uning atroflarida esa jegda yopib yurilgan. Jegdaning uchlari ayolning beligacha tushib turadigan darajada uzun bo‘lib, ba’zan yengga o‘xshatib chatib qo‘yilgan. Ish bilan band bo‘lganda jegdaning uchlari bo‘yinlariga o‘rab olingan. Lo‘lilar chachvonni ot yolidan tayyorlagan. Boylarga mo‘ljallangan chachvonlar havorang yoki pushti munchoqlar bilan bezatilgan va uning hamma tomoniga mag‘iz tikilgan.
      Manbalar:

  1. Abduraxmonov F. O‘zbek xalqi va uning shakllanishi haqida. – Toshkent, 1999.
  2. Bo‘riev O. O‘zbek xalqi boqiy qadriyatlari. – Qarshi: Nasaf, 2005.
  3. Bo‘riev O. O‘zbeklar: etnik tarixi va etnomadaniy jarayonlar. - Samarkand, 2008.
  4. Tarixiy manbashunoslik, tarixnavislik, tarixiy tadqiqot metodlari va metodologiyasining dolzarb masalalari, 6-ilmiy to‘plam / Mas’ul muharrir M. Isxoqov. — Toshkent: TDShI, 2014.