“Shox moylar” marosimi


?>

Marosim tarixi

Dehqonchilik madaniyati bilan bog‘liq an’analar tizimida bahorgi ekish mavsumida dalaga birinchi marta qo‘sh chiqarish marosimi muhim amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan. Chunki dalalardan olinajak hosilning mo‘l bo‘lishi va yil barakali kelishi ekish mavsumini o‘z vaqtida sifatli qilib o‘tkazishga bog‘liq bo‘lgan. Dalaga qo‘sh chiqariladigan kunni qishloq oqsoqollari belgilab berishgan. O‘rta Osiyoda yashovchi xalqlar o‘zlari yashab turgan hududning tabiiy-iqlimiy sharoitlaridan kelib chiqqan holda ekish mavsumiga oid turli-tuman an’analarni kashf etganlar.

Qoyatoshlarga chizilgan suratlardagi inonchlar

Birinchi qo‘sh marosimi bilan bog‘liq arxaik inonchlar bugunga kelib, asosan, unutilib ketilgan bo‘lsa-da, ayrim arxeologik yodgorliklar, xususan, qoyatoshlarga chizilgan suratlar ajdodlarimizning marosim folklorida mavjud bo‘lgan qadimiy agrar rituallarning tarixiy ildizlari, shakllanish jarayoni va mohiyati haqida so‘z yuritish imkonini beradi. Xususan, Farg‘ona vodiysidagi Saymalitosh nomli joydan topilgan qadimgi qoyatosh suratlari orasida dalaga birinchi marta qo‘sh solish manzarasi tasvirlangan lavhalar ko‘pligi ham xalqimiz orasida “Shox moylar” yoki “Birinchi qo‘sh” nomi bilan yuritilgan bu agrar marosimning tarixiy ildizlari juda olis zamonlarga borib taqalishini ko‘rsatadi. Saymalitosh suratlaridagi bir juft ho‘kizni qo‘shga qo‘shib yer haydayotgan dehqon obrazi tasvirlangan 32ta lavhani tahlil qilgan Y.N.Golenduxin miloddan avvalgi III ming yillikning oxiri – II ming yillikning boshlarida yashab, Saymalitosh petrogliflarini chizib qoldirgan qabilalar, asosan, dehqonchilik bilan shug‘ullanishganligini aniqladi. Zero, qoyatoshdagi chizgilarda aks ettirilgan shamsiy timsollardagi nurlar soni 7, 12, 13, 15, 28 tarzida izchil takrorlanadi. Bu esa dala ishlarini bajarish muddatlarini aniq ifodalovchi an’anaviy taqvimni qo‘llagan ajdodlarimiz muayyan astronomik va matematik bilimga ega bo‘lishgan deb xulosa chiqarishga asos beradi. Bu yodgorlikdagi qo‘sh haydash holati tasvirlangan suratlarda ritual-e’tiqodiy lavha, ya’ni bahorda ilk bor yer haydab, ekin ekish marosimi aks ettirilgan.

O‘rta Osiyo xalqlari qadim zamonlardan buyon echki, qo‘chqor, arxar, olqor va boshqa jonivorlar shoxiga alohida magik kuchga ega bo‘lgan narsa deb qaraganlar. Teshiktosh g‘orida tog‘dan yiqilib halok bo‘lgan yosh bolani dafn etgan neandertallar mayyit jasadining boshi uzra tog‘ takalarining shoxini yarim oy shaklida terib qo‘yishgan. Shu orqali ham marhumni jonivor qiyofasida namoyon bo‘ladi deb tasavvur qilingan mifologik homiylar o‘zga olamga kuzatib borishi bo‘lgan ishonch-e’tiqodlarni namoyish etishgan. Muqaddas joylarda, shuningdek, ayrim xonadonlarda qo‘chqor va olqorlarning burama shoxlarini osib qo‘yish an’anasi ham qadimda mavjud bo‘lgan shox-suyak kulti bilan aloqador xalq qarashlarining qoldiq holda yetib kelgan ko‘rinishi hisoblanadi. Erta bahorda dalaga birinchi qo‘sh solayotganda ho‘kizlar shoxini “is yog‘i” bilan moylash udumida ham jonivor shoxining magik qudrat kasb etishi, serhosillik g‘oyasi bilan bog‘lanishi kabi inonchlar o‘z ifodasini topgan.
“Shox moylar” dehqonchilikda baraka so‘rash ramzi
O‘zbek dehqonlari navro‘z yoki yilboshi arafasidagi chorshanba kuni dalaga birinchi marta qo‘sh solishni xayrli, deb bilishgan ekan. Chunki chorshanba chosh, ya’ni mo‘l-ko‘l don uyumi timsoli deb tasavvur qilingan. Qo‘sh haydaladigan kuni dehqonlar o‘zaro maslahatlashib, eng yaxshi ho‘kizlardan bir juftini dalaga chiqarishga tayyorlashgan. O‘sha kuni ertalab ho‘kizlarga ivitilgan somon ustiga ozgina un sepib yedirishgan. Momolar bug‘doy yormasidan “qo‘sh oshi” pishirishgan. Odatda uni pishirishdan avval uyma-uy yurib, masalliq uchun un, don-dun yig‘ishgan. Har bir oila kelayotgan yil hosil mo‘l, ro‘zg‘or but, bola-chaqasi sog‘-omon bo‘lishini niyat qilib, “qo‘sh oshi”ga imkon qadar o‘z hissasini qo‘shishga harakat qilishgan:

Dehqon dala aylandi,

Ho‘kiz shoxi moylandi,

Omoch, mola, cho‘nka tish,

Bobo dehqon shaylandi.

Bugun bayram –Yilboshi,

Yilboshiga qo‘sh oshi,

Har ro‘zg‘orning himmati,

Palovmi yo so‘k oshi.

Momo quying go‘jani,

Tovoqni tut ichgani!

Dehqon bobo, bo‘sh kelmang,

Kuzda sanar jo‘jani.

Dalaga qo‘sh olib chiqilayotganda momolar: “Ilohim oqlikka buyursin, to‘qlikka chiqaylik! Sening sharofating bilan tog‘ora-tog‘ora un elaylik!”, deb ho‘kiz shoxi orasiga bir chimdimdan un sepishgan. Birinchi qo‘sh chiqqan kuni hamma xonadonlarda bo‘g‘irsoq pishirib, “is” chiqarilarkan. Ana shu pishiriqni ko‘pchilik yesa yil barakali keladi, deydilar. Bo‘g‘irsoq pishirilgan moy bilan ho‘kizning shoxi, bo‘yni va omochning tig‘i moylanadi. Shundan keyin oqsoqollardan biri el-yurtga omonlik, tinchlik-xotirjamlik va mo‘l hosil tilab, duo o‘qiydi.

Manbalar
Jo‘rayev M. O‘zbek mavsumiy marosim folklori. – Toshkent: Fan, 2008. – 294 bet.
Жўраев М. Ўзбек халқ аграр маросимлари тизимида “Шохмойлар” ёки “Биринчи қўш” удуми // “Ўзбекистон ҳудудида деҳқончилик маданиятининг тарихий илдизлари ва замонавий жараёнлар” номли йиғилиш материаллари. – Тошкент, 2006. – Б. 83–90.
Голодухин Ю.Н. Вопросы классификации и духовный мир древнего земледельца по петроглифам Саймалы-Таша // Первобытное искусство. – Новосибирск: Наука, 1971. ‒ С. 202.