“Ramazon qo‘shig‘i” bilan bog‘liq marosimlar
?>
Ramazon tarixi
Ramazon qo‘shiqlari bizning mavsumiy marosim qo‘shiqlarimiz tarkibiga kiradi va kelib chiqish tarixi juda qiziq. Ilk paydo bo‘lgan paytlarda ayrim hududlarda oyning birinchi va so‘nggi uch kunida, ba’zi joylarda faqat oxirgi kunlari ijro etilgan. Bugungi kunda esa muborak oyning har kunida aytiladi. Ramazon oyi har yili o‘n ikki kun oldinga surilib keladi. Qadimda “Boychechak” marosimida shahar-u qishloqlarda odamlar ikki guruhga ajralgan holda qish va yozning teatrlashtirilgan marosimini o‘tkazgan. Hozirgi kunda bu bolalar folklorining namunasi sifatida qolgan. Bizga Islom dini kirib kelganidan keyin boychechak qo‘shig‘i ham, marosim shakli ham, ohangi ham Ramazon qo‘shig‘iga o‘tgan va ma’naviyatimizga xizmat qiladigan qo‘shiqlardan biriga aylangan.

Markaziy Osiyoning deyarli barcha hududida Ramazon qo‘shiqlari aytilgan. Lekin arab yoki boshqa xalqlarda ijro etilgani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q. Tun va kunning ko‘klam paytidagi teng kelishi Markaziy Osiyo hududiga mos tushgani bois ham Ramazon qo‘shiqlari va ohanglari bizning xalqlar ichida juda mashhur.

Ramazon qo‘shig‘ining ma’rifiy ahamiyati
Ramazon qo‘shiqlarining matni hududlarga qarab, odamlarning yashash sharoiti, turmushidan kelib chiqib, bir-biridan farqlangan. Masalan:
Oq tanga, ko‘k tanga,
Chiqara qoling jon yanga.
Oq obaki, ko‘k obaki,
Chiqara qoling jon amaki,
degan so‘zlari bor qo‘shiqlar Toshkentda aytilgan.
Ramazonchilar xonadon va o‘sha oila vakillarini ta’riflab, ularni ro‘za tutishga targ‘ib qilishgan. Ramazon qo‘shiqlari mazmun-mohiyati bilan ma’rifiy xarakterdagi qo‘shiq hisoblangan.

Avvallari Ramazon qo‘shiqlarini katta yoshdagilar ham aytib, uyma-uy yurgan. Chunki bunga bayram qo‘shig‘i sifatida qaralgan. Yuqorida aytib o‘tilgan, ya’ni 1980-yilda yozib olingan qo‘shiq matni qadimiy holatiga uyg‘un keladi. Lekin bugun Toshkent va boshqa hududlarda aytilayotgan matnlar unutilayotgan yoki qisqartirilgan varianti hisoblanadi. Masalan, “Chiqara qoling ming so‘m pul” yoki “Chiqara qoling besh yuz so‘m pul” kabi so‘zlar qo‘shilgan.
Manbalarda Toshkent va Turkistonning ko‘pgina shaharlarida ro‘za boshlanishi bilan mahallada istiqomat qiluvchi bolalar qo‘shnilari, tanish-bilishlari hamda qarindosh-urug‘larining hovlisiga kirib, Ramazon oyi sharafiga qo‘shiqlar aytgan.
Ramazon qo‘shig‘i
Ramazon aytib keldik eshigingizga,
Qo‘chqordak o‘gil bersin beshigingizga.
O‘choqda kul, karmonda pul,
Chiqara qoling ming so‘m pul.
Ming so‘m pulni bog‘i bor,
Bog‘ida anori bor,
Anorini ichida,
Shaqir-shuqur pullar bor.
Opchiqing, opchiqing etagizga sop chiqing
Etagizga sig‘masa tog‘oraga sob chiqing.
Bor bo‘lsa qolaylik, yo‘q bo‘lsa ketaylik.
Manbalar
Jo‘rayev M. O‘zbek mavsumiy marosim folklori. – Toshkent: Fan, 2008. – 294 bet.