Pichoqchilik
?>
Pichoqchilik tarixi
Pichoqchilik qadimda qurolsozlikning eng keng tarqalgan sohasi bo‘lib, ko‘plab omillar tufayli alohida kasb-hunar sifatida ajralib turgan. Pichoqchilik rivoji bilan o‘ziga xos atamalar ham yuzaga kelgan. Temir paydo bo‘libdiki, temirchilik rivojlanib, kundalik turmushda uy-ro‘zg‘or buyumlari va harbiy qurollar takomillashib bordi. Oddiy temir mohir ustalar qo‘lida san’at asariga aylandi. Vaqt o‘tishi bilan temirchilikni muhim san’at darajasiga olib chiqqan soha ustalari, ya’ni harbiy qurollar: qilich, xanjar, pichoq, nayza, qalqon, sovut va dubulg‘a yasaydigan ustalar yetishib chiqdi. Markaziy Osiyo shaharlari Buyuk Ipak yo‘lida joylashganligi, turli davrlarda turli hukmdorlar tasarrufida bo‘lganligi sababli bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan holda rivojlangan. Ushbu shaharlarda oddiy hunarmandchilik turlari mohir ustalar tufayli takomillashib, ular tomonidan yaratilgan buyumlar juda qadrlangan. Qadimgi va o‘rta asrlarda Markaziy Osiyo shaharlarida tayyorlangan pichoqlar juda sifatli bo‘lib hukmdorlar, savdogarlar, ayg‘oqchilar va harbiylar tomonidan e’zozlangan.
Pichoqlarning ramziy ma’no anglatishi
Markaziy Osiyoda pichoq alohida ramziy ma’no kasb etadi. Masalan, dandon sopli pichoq ilohiy hisoblangan va ins-jinslardan, yomonliklardan asraydi, pichoq dastasini ushlash ilon chaqishidan, ayollarni esa farzandsizlikdan asraydi deb hisoblangan. Bunday pichoqlar hozir ham noyob hisoblanadi. Pichoq yasash jarayonida pichoq tig‘ini o‘tkirlash uchun ishlatiladigan suv tomoq og‘rig‘i hamda yurakni davolashda ishlatilgan. Bundan tashqari kulolchilikda, me’morchilikda va kashtachilikda pichoq ramziy holatda tasvirlangan.

Pichoqlarning turlari
Pichoqlar tuzilishiga ko‘ra to‘g‘ri, qayiq va bodomcha turlariga bo‘linadi. Hajmiga ko‘ra o‘rta suyamli, kezlik, bola pichoq, chalabuzar, mardona va boshqalar. Bezatilishiga ko‘ra sodda, guldor, chilmix, gulli, ro‘fta; dastasi tuzilishiga ko‘ra yog‘och sopli, suyak sopli, dandon sopli, o‘nbesh sadaf turlariga bo‘linadi.
Pichoqlar xom-ashyosiga ko‘ra “damashqiy” (Damashq po‘latidan), “isfaxoniy” (Isfahon po‘latidan), “farangi” (Yevropa po‘latidan), “o‘rusiy” (rus po‘latidan), “turkona” (mahalliy po‘latdan) kabi turlarga bo‘linadi; tuzilishi va tig‘iga ko‘ra “yakkadam” (bir tomoni tig‘), “dudama” (ikki tomoni tig‘), “qo‘shpichoq” (buklama), “o‘roqi” (o‘roq kabi, tig‘i ichki tomonida) bo‘ladi; foydalanilishiga ko‘ra “ro‘zg‘ori”, “oshpichoq”, “chopqipichoq”, “sallohi” (qassoblar pichog‘i), “mardona” (erkaklar belbog‘iga osib yuradigan), “shamshirak” (qilichdan kichikroq pichoq, shamshir), “dukot” (tirnoq oladigan), “qalamtarosh” (qamish qalamlarning uchini chiqaradigan), “harbo‘zi” (qovun so‘yadigan), “chol pichoq” (suyak tozalashga moslangan buklama pichoq) deb ataladi. Pichoqchilar orasida ayrim pichoqlarni ham, barcha turdagi pichoqlarni ham yasay oladigan mohir ustalar ko‘p.
Pichoqchilik maktablari
Hozirda O‘zbekistonda Qorasuv, Shahrixon, Chust, Poytug‘, Qo‘qon, G‘uzor, Xonqa pichoqchilik maktablari faoliyat ko‘rsatmoqda. Xufiyalar va ayg‘oqchilarga atab maxsus tayyorlangan Axsikent pichoqlari, dandon sopli mustahkam G‘uzor, Samarqand va Marv pichoqlari, chet ellik mehmonlar uchun maxsus tayyorlangan chiroyli, bejirim, hashamdor Gurganch va Xiva pichoqlari xaridorlar tomonidan yuqori baholangan.
Xiva pichoqlari guldor bo‘lib o‘zining nozikligi, bezakdorligi hamda metali mohirona qayta ishlanganligi bilan chiroylidir. Xiva pichoqlarining tig‘ini yuza qismi nozik islimiy naqshlar bilan bezatilib, naqshlarning ichi kumush va tilla bilan qadama naqsh qilingan, qinbog‘i kumush, jez, misdan yasalib, islimiy naqshlar bilan bezatilgan.
Pichoq uch qismdan iborat bo‘ladi: tig‘, dasta va qin. Pichoqni tayyorlashda temir, zok, gulband, piston kabi materiallar, o‘choq, dam, sandal, bigiz, ko‘kqalam, qayroq, bozgardon, chilmix, parma, sadaf arra kabi asboblar ishlatiladi.
Pichoqchilik muhim kasb bo‘lgani uchun deyarli har bir shaharda pichoqchilar faoliyat ko‘rsatgan. Ba’zi joylarda bu kasb san’at darajasiga ko‘tarilib, maktablar shakllangan. Farg‘ona vodiysida Qo‘qon, Chust, Shahrixon, Qorasuv maktablari mashhur.
XX asr boshlarida mullo Is’hoq Qosimov, usta Mahmudxon Muhammadjonov kabi ustalar o‘z pichoqlari bilan Parij va Jeneva ko‘rgazmalarida qatnashib, kumush va bronza medallar bilan taqdirlangan.
XX asr o‘rtalarida usta Mamadali pichoqchi, mulla Orifjon mahsum, ota-bola Qodirjon va Odiljon pichoqchi kabi ustalar faoliyat ko‘rsatdilar. Usta Omonjon Umarov Qo‘qon pichoqchiligi shuhratini olamga taratib, Fransiya, Germaniya, Rossiya, Bolgariya, Vengriya, Polsha, Malayziyada o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmalarda yuksak sovrinlar olishga erishgan.
Manbalar
PIChOQChILIK TARIXIDAN — Teletype
Shahrixonning pichoqchilik hunari tarixi | Qadriyatlar beshigi (youtube.com)