O‘ymakorlik


?>

O‘ymakorlik san’at turi sifatida

Oʻymakorlik – amaliy sanʼatning qadimiy va keng tarqalgan turi bo‘lib, yogʻoch, ganch, metall, tosh, suyak, terrakota va boshqalarni oʻyish, yoʻnish, kesish yoʻli bilan badiiy shakl yasash sanʼatidir. Buyumlar, turli asboblarni nafislashtirishda, binolarni bezashda, kichik shaklli haykaltaroshlik kompozitsiyalari yaratishda keng qoʻllanadi. Oʻymakorlikning foydalanadigan xom ashyosiga koʻra yogʻoch oʻymakorligi, ganch oʻymakorligi, tosh oʻymakorligi, metall oʻymakorligi (kandakorlik), suyak oʻymakorligi kabi turlari bor.

O‘ymakorlik tarixi

Oʻzbekiston hududida oʻymakorlik juda qadimdan rivojlangan. Ibtidoiy odamlar yogʻoch, suyak, hayvon shoxlaridan oʻzlari uchun zarur qurollar yaratib, ularni bezashgan, turli ramziy chiziq va belgilar ishlashgan, toshlarga rasmlar chizishgan. Oʻzbekistonning janubidagi Oqtom va Quyi Mozordan topilgan hayvon shoxi hamda suyak boʻlagiga chizib ishlangan tasvirlar miloddan avvalgi 2 – 1-ming yillarga mansub. Yumaloqtepa qaʼrida milodiy 5-6-asrlarga oid yogʻoch oʻymakorligi namunalari saqlangan. Fayoztepa, Qoratepa, Ayritom poydevorlari marmar, toshdan ishlanib oʻymakorlik bilan bezatilgan yodgorlik namunasidir.

Arablarning bu hududga kirib kelishi bilan bezak sanʼatida koʻproq geometrik va islimiy naqshlar keng oʻrin egallab, ular xalqning maʼnaviy estetik qarashlarini aks ettiruvchi vositaga aylandi.Shohizinda majmuasidagi devor orasidan topilgan yogʻoch oʻymakorligi namunasi 12-asrga mansub. Shayx Sayfiddin Boharziy maqbarasida yogʻoch taxtadagi naqshlar, ganch oʻymakorlik namunalari gʻoyat murakkab va nafis. Amir Temur va temuriylar davrida yaratilgan oʻymakorlik namunalari yuksak mahorat va nozik did bilan bajarilgan, unda ustaning mahorati, xalqning falsafiy-estetik qarashlari, goʻzallik va jannat toʻgʻrisidagi tushunchalari ramziy shakllarda oʻz ifodasini topdi (Shirinbeka ogʻo maqbarasi oʻyma naqshlari, Qusam ibn Abbos majmuasi eshiklari, Amir Temur maqbarasidat tosh oʻymakorligi namunalari va panjaralar). 

Oʻymakorlikning yangi taraqqiyot bosqichi 16-17-asrlarga toʻgʻri keladi, meʼmoriy qismlar (ustun, eshik, darvoza va boshqalar) bilan bir qatorda uy jihozlarini bezash ham keng tus oldi. 18-19-asrlarda oʻymakorlikning oʻziga xos maktablari rivojlandi, biri biridan jozibador sanʼat namunalari yuzaga keldi. 19-asr oxiri  20-asrda Xiva (O. Polvonov, S. Bogʻbekov), Buxoro (Usta Shirin Murodov, A. Boltayev), Qoʻqon (Najmiddinov Haydar va uning oʻgʻli Q.Haydarov) va boshqalarda mohir, qoʻli gul ustalar yetishib chiqdi, ular Xudoyorxon oʻrdasi, Knyaz Romanov saroyi, Kalontarov uyi, Sitorayi Mohi Xosa kabi meʼmoriy yodgorliklarni mahorat bilan bezadi.

20-asrda oʻymakorlik yangi mazmun va shakllar bilan boyidi, mintaqalardagi mahalliy xususiyatlar bir-biri bilan uygʻunlashib ajoyib tasvirlar yaratildi (Navoiy teatri, Muqimiy teatri, Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi va boshqalar).

Zamonaviy oʻymakorlik mustaqillik davrida bunyod etilayotgan meʼmoriy inshootlarning barcha turlarida qoʻllanib, ular jozibador bezatilmoqda. Yogʻoch oʻymakorligida qoʻqonlik Q. Haydarovning shogirdlari A. Abdullayev, H. Umarov, toshkentlik S. Xoʻjayev, N. Ibrohimov, O. Fayzullayev, S. Rahmatullayev, N. Sohibnazarov, H. Odilov, A. Azlarov, samarqandlik M. Jumaboyev, A. Jalilov, N.Narzullayev va boshqalar; ganch oʻymakorligida M. Usmonovning shogirdlari M. Sultonov, A. Sultonov, Abdurahim Umarov, Mirvohid Usmonov va boshqalarning xizmatlari katta.

An’anaviy o‘ymakorlik

Bir necha o‘nlab o‘ymakorlik usullari mavjud. Ular quyidagilar:

Bag‘dodiy – an’anaviy uchraydigan eshiklar, shuningdek, stol va
sandiqlarni yasashda ishlatiladigan chiroyli geometrik bezak.

Pargori – bu ism forsiycha pargor” so‘zidan olingan bo‘lib, sirkul” ma’nosini beradi. Bu naqshni yaratishda usta ushbu o‘ziga xos vositadan foydalanadi, degan ishorani beradi. Uning yordamida nafaqat dumaloq bezaklarni, balki kvadrat va hatto uchburchaklar ham yaratish mumkin. Naqsh nozikligi va nafisligi” bilan ajralib turadi.

Islimiy – bu juda tajribali usta bajarishi mumkin bo‘lgan naqsh. U naqshlarning eng muhtasham va chiroyli talqinidir. Asosiy motivlar gulli bo‘lib, uni 3 o‘lchamli bosma mahsulot bilan taqqoslash mumkin, chunki bezak chuqur fonga ega.

Tarixan Qo‘qon, Toshkent va Xiva shaharlari ushbu san’at markazlari bo‘lgan va shuning uchun ushbu me’moriy markazlarning har biriga xos o‘ymakorlik an’analari bor.

Yog‘och o‘ymakorligining o‘zbek an’analarida asosiy vazifa daraxtning tabiiy go‘zalligini aks ettirish, uning afzalliklarini oshirishdir. Chunki har bir chorburchakning o‘ziga xos bezaklari bor. Ushbu maqsadlar uchun qoida tariqasida quyidagi yog‘och turlari ajratiladi: chinor, yong‘oq, qarag‘ay, archa, terak, tut va o‘rik.

O‘ymakorlik bilan bir qatorda yog‘ochni bo‘yash san’ati ham e’tiborga olinishi kerak. Unda har xil ustunlar, stolcha, stullar, g‘aladonlar, ko‘rpa-to‘shaklar, to‘siqlar va qutilar bezatilgan. Shuni ham ta’kidlash kerakki, qadimda o‘zbekistonlik ustalar faqat o‘ziga xos xomaki ishlab chiqarilgan o‘simlik bo‘yoqlari ishlatgan.

Manbalar

Yog‘och o‘ymakorlik san’ati tarixi | Qadriyatlar beshigi (youtube.com)

O‘ymakorlik haqida — U kim, bu nima — QOMUS.INFO