Naqqoshlik
?>
Naqqoshlik san’at turi sifatida
Naqsh arabcha tasvir, gul degan ma’noni bildiradi. Qush, hayvon, o‘simlik, geometrik va boshqa shakllarni ma’lum tartibda takrorlanishidan hosil qilingan bezakdir. Islom talablari asosida jonivorlar, parrandalar va odamlarni tasvirlash yo‘qolib borib naqqoshlik rivoj topdi. Arab yozuvi o‘zlashtirildi. Natijada naqshlar bilan unvonli yozuv (epigrafika) uslubi paydo bo‘ldi. Arab yozuvi naqshlar bilan birga chizildi. Arab yozuvi ham bezak, ham duo-afsunlar vazifasini bajardi.
Badiiy naqqoshlik ranglarning uyg‘unligida va o‘ziga xos kompozitsiyalarda go‘zallik yaratish san’atidir. Naqqosh usta o‘z ishida rangning tabiiy jilosidan, bejirim shakldan, material tarkibidan mohirlik bilan foydalanib yorqin ifodalikka erishadi.
Naqqoshlik tarixi
O‘rta Osiyo naqqoshlik san’ati qadimdan dunyoga mashhur. O‘tmishda ota-bobolarimiz ko‘rgan muhtasham binolar hozirgi kungacha maftunkor jilvasini yo‘qotmagan. Naqqoshlik xalq-amaliy bezak san’atning bir turi sifatida qadimdan o‘zbek madaniyatining muhim bo‘lagi hisoblanadi. Ko‘p asrlar mobaynida uning badiiy an’analari vujudga keldi. Naqshlarda san’atning boshqa hamma turlaridan farqli ravishda avlodlarning chambarchas bog‘liqligi, an’analarning davomiyligini ko‘rish mumkin. Naqqoshlik an’analari san’atning ana shu turini o‘rganish metodlari sifatida ham bobodan otaga, otadan o‘g‘ilga o‘tib kelgan. Ana shu davomiylik tufayli naqsh san’ati hozirgacha saqlanib kelmoqda. Naqshning eng yaxshi namunalari boy ijodiy fantaziya orqali birlashtirilgan shakllarning maqsadga muvofiqligi va go‘zalligi bilan farqlanadi. Bunda xalq ustalarining atrof-muhitga qarashlaridagi tafovut aks etadi. Naqshdagi chizgilar o‘yini musiqadagi ohang singari, qo‘shiq va ertak kabi “xalq hayotiy tajribasining katta umumlashmasidan” iborat bo‘ladi.
O‘zbekistonning an’anaviy me’morchiligida naqqoshlik, asosan, shiftlarni, saroy ustunlarini, masjidlar, maktablar, boylarning uylari, yogochdan yasalgan buyumlarni bezashda qo‘llangan. Nozik o‘simliksimon-geometrik naqshdagi o‘zaro singib ketgan novdalar, shoxlar va hashamatli tasvirlangan gullarning ritmik harakati, o‘zbek ustalarining ishlaridagi islimi va girih naqshlarining klassik motivlari shiftlarning shakliga moslangan. Naqsh ko‘proq interyerlarni va yopiq ayvon, peshayvonlarni bezashga xizmat qiladi. Hozirgi paytda naqshdan me’morchilikda, uy jihozlari, sovg‘alar, mayda yog‘och o‘yinchoqlar, musiqa asboblari va turmushda kerakli buyumlarni bezashda foydalaniladi.

Naqqoshlikda kompozitsiya va bezak usullari
Xalq amaliy san’atining qaysi bir turi bo‘lmasin uning zaminida naqsh elementlaridan tuzilgan kompozitsiya yotadi. Naqsh kompozitsiyasining bezak elementlari esa tabiatda uchrovchi gul, novda, barg, parranda va hayvonot dunyosini tasvirlashda hosil qilinadi. Har bir voha va shaharlarning naqsh kompozitsiyalari bir-biridan ajralib turadi. Xorazm, Toshkent, Farg‘ona naqqoshlik maktablarining o‘z ornament va rang koloritlari mavjud. Mustaqil naqsh tuzish jarayonida stilizatsiya orqali naqsh elementlarini o‘zaro biriktiradilar. Naqsh bo‘laklarining vazifalari va ravon chizilishiga e’tibor beriladi. Gul, barg, novda, bofta va qo‘sh bandlikdan naqsh elementlari tuziladi. Ustalarning fantaziyalari, mavjud naqsh elementlarini ma’lum qonun-qoidalarga amal qilgan holda joylashtirishda ular ma’lum bilim va malakaga ega bo‘lishlari lozimligini taqozo etadi. Birgina “Bodom”, “Qalampir” nusxalari shaklidan naqqoshlik, zargarlik, kulolchilik, kashtachilik, zardo‘zik kabi xalq amaliy san’atida turli-tuman o‘ziga xos naqsh namunalarini yaratish mumkin. Kompozitsiya tuzish yo‘llari va ularning xomaki namunalarini tayyorlash naqqoshlik, ganchkorlik, yogoch o‘ymakorlik va boshqa amaliy san’at turlari uchun umumiydek ko‘rinsa-da, aslida qo‘llaniladigan xom ashyosi, ijro pardoz turlari bilan farqlanadi. Bunda tanlangan naqsh kompozitsiyasiga ko‘ra uning elementlari qog‘oz yuzasida bir-biriga bog‘liq holda joylashib, yaxlit kompozitsiyani hosil qiladi.
Naqshlarning mazmuni
Naqshlar mazmuniga ko‘ra o‘simliksimon, geometrik naqshlarga, gulli girih, ramziy va boshqa turlarga bo‘linadi. O‘simliksimon naqsh tabiatdagi barg, band, daraxt, buta, g‘uncha va boshqa narsalarni naqqosh tomonidan stillashtirib olingan shaklini ma’lum qonuniyatlar asosida takrorlanishidan hosil qilingan. Geometrik naqsh turlaridan biri girih bo‘lib, chigal, tugun ma’nosini anglatadi. Handasiy naqsh – murakkab naqsh turi. U geometrik naqsh turlaridan biri bo‘lib, turtburchak, uchburchak, aylana va yoylardan hamda ko‘pburchaklardan iborat bo‘ladi. Naqqoshlik atamalari Ruta – ikki tomonga ulanuvchi naqsh taqsimi, ya’ni hoshiya naqsh. Uning o‘lchami ko‘pincha 14-20 sm atrofida bo‘ladi. Hoshiya naqsh turli xil bo‘lib, uning mehrobga, xonaga ishlanishiga qarab lula hoshiya, ishkom va boshqa turlari bo‘ladi. Munabbat – arabcha o‘stirmoq degan ma’noni anglatadi. Asosi kvadrat yoki to‘rtburchakdan tashkil topib, to‘rt tomonga takrorlanadigan naqsh taqsimi. Katta yuzalarni bezashda munabbatdan foydalaniladi. Munabbatning o‘simliksimon, geometrik va boshqa kompozitsion turlari bor. Uning munabbati mehrob, munabbati bofta, munabbati islimi, munabbati girih va boshqa atamalari mavjud.
Manbalar
Naqqoshlik - Vikipediya (wikipedia.org)
https://www.youtube.com/watch?v=uRf7PJYYgjA