Milliy qo‘g‘irchoqlar yaratish san’ati
?>
Qo‘g‘irchok tikish san’ati tarixi
O‘zbekistonda qo‘g‘irchoq teatri an’analari eramizdan avvalgi VI-IV asrga, Ahamoniylar hukmronligi davriga borib taqaladi. Biroq, qo‘g‘irchoq teatri XIV asrga, Amir Temur hamda Temuriylar hukmronligi davriga kelib keng tarqala boshlagan. Ipli qo‘g‘irchoq hamda qo‘lqopli qo‘g‘irchoq teatrlari alohida ommabop bo‘lgan. Qo‘g‘irchoq teatri qo‘g‘irchoq tikish bilan bog‘liq bo‘lganidan ko‘rinadiki, bu san’at turi Markaziy Osiyoda ko‘p asrlik tarixga ega.
O‘tgan asrning elliginchi yillaridan keyin qo‘g‘irchoqbozlikning asriy an’anaviy turlari bir muddat unutila boshlandi. Hozirgi kunga kelib qo‘g‘irchoqlarni yasovchi hunarmandlarning say’i harakatlari tufayli o‘sha an’analar tiklanishga yuz tutdi. Bunday ustalar ichida Xorazm viloyatining Xonqa tumanida yashovchi Mansur Quryazov alohida o‘ringa ega. Chunki u o‘z ijodida qo‘g‘irchoq tayyorlash san’ati bilan uni o‘ynatish san’atini qamrab olgan.
Qo‘g‘irchoq tayyorlash san’atining namoyondalari sifatida Toshkent shahridan Shofayzi Shomuhiddinov, Po‘latjon Doniyorov, Azim Burunlarni, Xivalik Mayoqub Voisov, Yusuf To‘xtayevlarni, Buxorodan Doniyar Shohsuvorov, Kenja Jumayev, Olim Shamsiyevlarni, Farg‘ona viloyatidan Sharifjon Mirzarahimov, Tillaxon Matyoqubova, Mirzakarim G‘afurovlarni, Samarqanddan Kuli bobo Navvotov, Karim Majid, Xolmurod Siddiqov, Narzullo Hamroyevlarni, Shahrisabzdan Mustafo Berdiyev, Tari Ashurovlarni, Andijondan Abdusamat Yo‘ldoshev, Jo‘raboy Otaboyevlarni keltirish mumkin.
O‘zbek qo‘g‘irchoq tomoshalari
O‘zbek qo‘g‘irchoq tomoshalari an’anaviy xalq tomosha san’atining alohida yo‘nalishi bo‘lib, o‘z an’analariga ega. Bu san’at Surxondaryoda “Suvxotin”, Xorazmda “Ashshadaroz”, “Masxaraboz”, “Polvon” nomlari bilan yuritilgan.
Qo‘g‘irchoq o‘ynatishning turlari mavjud bo‘lib, uni milliy qo‘g‘irchoqbozlar quyidagi nomlar bilan ataydilar:
“qo‘l qo‘g‘irchoq” – qo‘lqop sifatida kiyiladigan qo‘g‘irchoqlar uchun;
“ip qo‘g‘irchoq” – marionetka qo‘g‘irchoqlari uchun;
“mayda qo‘g‘irchoq” va “katta qo‘g‘irchoq”.
Qo‘g‘irchoq tomoshalari katta sayil va tomoshalarda an’anaviylikni saqlagan holda zamonaviy ko‘rinishlardan ham foydalanadi. Bunda “Ot o‘yin”, “Sherboz” (sher o‘ynatuvchi) singari tomoshalar ham qo‘shilib, karnay-surnay, doira va nog‘oralardan tashkil topgan ansambl jo‘rligida namoyish etiladi.
Milliy o‘yinchoqlar bolalarda milliy qadriyatlarga muhabbat ruhini singdirishda katta rol o‘ynaydi, o‘yinchoqlar kelajakdagi o‘ylari va orzularini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Manbalar
Qodirov M. Tomosha san’ati o‘tmishidan lavhalar. – T.: Fan, 1993. 163-bet.
Milliy Qo`g`irchoq tayyorlash (youtube.com)
Milliy qo‘g‘irchoqlar- millat ruhiyati, ma‘naviyati va san‘ati ko‘zgusi (youtube.com)
Milliy qo‘g‘irchoqlar



Nasiba Ahmedovaning qo‘g‘irchoqlar galereyasi


