Kulolchilik
?>
Kulolchilik san’at turi sifatida
Kulolchilik – hunarmandlikning loydan turli buyumlar tayyorlaydigan turi (terrakota, sopol idish, qurilish materiallari va boshqalar). Kulolchilikda asosiy xom ashyo – tuproq bo‘lib, kulolchilik – bu loydan turli xil kulollik buyumlarini yasash jarayonidir.
Kulolchilikda loy qancha koʻp pishitilsa, sopolning sifati shuncha yaxshi boʻladi. Kulolchilikda asosiy qurol kulollik charxi, usta unda idishlar tayyorlaydi va ularga shakl beradi. Tayyorlangan idishlar quritilib, xumdonda qizdiriladi. Idishlarning turlariga koʻra, xumdonlar ham turlicha (katta-kichik) boʻlishi mumkin. Sirlanadigan idishlar sirlanganidan soʻng yana bir bor xumdonda qizdiriladi. Odatda, kulollar maʼlum idishlar ishlab chiqarish boʻyicha ixtisoslashgan boʻladilar (masalan kosagar, koʻzagar, koshinpaz, tandirchi va boshqalar).
Kulolchilik tarixi
Insonlar kulolchilik bilan neolit davridan beri shugʻullanib keladi. Maxsus loyli buyumlar qoʻlda yasalgan, quritib olovda qizdirilgan. Kulolchilikda ishlatiladigan tuproq jahonning hamma yerlarida mavjudligi deyarli hamma xalqlarda kulolchilikning keng tarqalishiga imkon bergan. Kulolchilik bilan dastlab ayollar shugʻullangan, kulollik charxining paydo boʻlishi bilan erkaklar ham bu ishga jalb qilingan. Idishlar maxsus oʻchoq va xumdonlarda pishirilgan. Kulolchilikning sodda usullari Osiyoning togʻliq hududlarida yashovchi xalqlarda hozir ham mavjud. Neolit davriga oid qarorgohlarning qazib topilgan qoldiqlari oʻsha davrda idishlarning tagi uchli qilib tayyorlanganligini koʻrsatadi (idishlar yerga suqib qoʻyilgan). Eneolit davrida Sharq mamlakatlarida, Yunonistonda nafis sopol idishlar tayyorlash, sopoldan meʼmorlikda foydalanish avj oladi. Sirlash usullari kashf etilgach, kulolchilik buyumlarining badiiy qiymati osha bordi.
Afrosiyob va Oʻrta Osiyoning boshqa yerlarida topilgan arxeologik qazilmalar 9 – 12-asrlarda kulolchilik bu yerlarda ancha rivojlanganligini koʻrsatadi, 13-asrda moʻgʻullar hujumlari oqibatida nisbatan sekin rivojlangan. Oʻrta Osiyoning boʻlinib ketishi oʻzaro aloqalar susayishini keltirib chiqardi, lekin hunarmandchilik (ayniqsa, kulolchilik) rivojlanishda davom etdi. Turli joylarda kulolchilikning turlicha uslublari vujudga keldi. Xalq ustalari koʻplab idishlar tayyorlash bilan birga ularni yuksak did bilan bezadilar. Rossiyadan koʻplab chinni mahsulotlar keltirilishi Oʻrta Osiyo kulollari bozorini birmuncha susaytirdi. Biroq arzon sopol idishlarga boʻlgan talab, ayniqsa, meʼmorlikda kulolchilik mahsulotlarining keng qoʻllanilishi kulolchilikning uzluksiz rivojlanishini taqozo etdi.
Kulolchilik taraqqiyoti
Oʻrta Osiyoda, ayniqsa, oʻzbeklar va tojiklar yashaydigan joylarda kulolchilik taraqqiy etdi. Qoratogʻ, Panjakent, Samarqand, Kitob, Shahrisabz, Gʻijduvon, Xorazm, Toshkent, Gʻurumsaroy, Rishtonda sopol idishlarni sirlab bezatishning oʻziga xos uslublari vujudga keldi. Bu markazlarda tayyorlangan kulolchilik buyumlari pishiq, chiroyli, nafis siri, koʻrkam naqshlari bilan diqqatni tortadi.
XX asrning 20-yillaridan kulollar mehnatini tashkil etishga eʼtibor berildi. Toshkentda tajriba kulollik, Samarqandda kulollik ustaxonalari ochildi, Toshkentda oʻquv ishlab chiqarish, badiiy to‘garaklar ishga tushdi (1932), qisqa muddatli kurslar tashkil qilindi, kulollar tayyorlash, ularning malakalarini oshirish yoʻlga qoʻyildi. T.Miraliyev (Toshkent), R. Egamberdiyev, A. Hazratqulov (Shahrisabz), Muhammad Siddiq, Usmon Umarov (Gʻijduvon) singari kulollar yoshlarga taʼlim berdi. Kulolchilikni tadqiq etish, rivojlantirish hamda yoshlardan kulollar tayyorlashda Oʻzbekiston xalq rassomi Muhiddin Rahimovning xizmatlari katta.
Davr kulolchilik mahsulotlariga, uning turi va bezaklariga katta oʻzgarishlar kiritdi. Oʻtmishda tayyorlangan shamdon, qorachiroq, sarxona, jomashov, xum singari sopol idishlarga ehtiyoj qolmadi. Guldon, tovoq, lagan kabi sopol idishlar va buyumlarga ehtiyoj katta. Meʼmorlikda ham kulolchilik mahsulotlari (koshin, parchin va boshqalar) keng yoʻllanilmoqda.
Kulolchilik maktablari
Hozirgi kunda badiiy bezatish usuli, shakli va tayyorlanish usullariga koʻra quyidagi kulolchilik maktablari mavjud: Fargʻona (asosiy markazlari – Rishton, Gʻurumsaroy), Buxoro-Samarqand (asosiy markazlari – Samarqand, Urgut, Gʻijduvon, Uba), Xorazm (asosiy markazlari – Madir, Kattabogʻ qishloqlari), Toshkent. Har bir maktab oʻzining rivojlanish va ijodiy tamoyillari, yetakchi markaz va ustalari, oʻzigagiva xos xususiyatlariga ega boʻlish bilan birga asosiy badiiy umumiylikni ham saqlagan.
Fargʻona (Rishton)da kulolchilikning anʼanaviy badiiy va ishlab chiqarish usullari qayta tiklandi, ishqorli sir tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. M. Ismoilov, I.Komilov, U. Ashurov, U. Qosimov, Sh. Yusupov, A. Nazirov, M. Saidov va boshqa ustalar yaratgan buyumlar (lagan, kosalar, don mahsulotlari uchun katta xumlar) shakl jihatidan ham, bezak jihatdan ham rang-barangdir.
Buxoro-Samarqand kulolchilik maktabi buyumlarining jarangdor nafisligida qoʻrgʻoshinli sir va sargʻish-yashil, jigarrang boʻyoqlar muhim oʻrin tutadi. “Afrosiyob sopoli” anʼanalariga asoslanib tayyorlanilgan buyumlar bezagida oʻsimliksimon naqshlar yetakchilik qiladi, geometrik naqshlar, hayvonlar tasvirlari kam ishlatiladi. Ular, asosan, Gʻijduvon kulolchiligida qoʻllaniladi. Gʻijduvon, Shahrisabz ustalari moʻyqalamda ishlasalar, Urgut, Denov ustalari chizma naqshlarni koʻp qoʻllaydilar. Ustalar idishlar tubiga hayvonlarning soddalashtirilgan shakli yoki ayrim qismlarini joylashtiradilar, bu shakllar gulsimon naqshga oʻxshab ketishi bilan diqqatga sazovor. Buxoro-Samarqand kulolchilik maktabi boshqa maktablardan sopol hushtak oʻyinchoqlar ishlanadigan markazining borligi bilan ajralib turadi.
Xorazm kulolchilik maktabi oʻziga xos badiiyligi, bezaklar rangi va ishlanish uslubi bilan boshqa maktablardan ajralib turadi; uning milliy shaklli oʻziga xos buyumi bodiyadir; naqsh shakli handasiy va oʻsimliksimon naqshlardan iborat, buyumning markaziy qismiga arabeska girih tushirish ushbu maktabga xos uslublardan.
1997-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq badiiy hunarmandchiliklari va amaliy sanʼatni yanada rivojlantirishni davlat yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni barcha sohalar qatorida kulolchilik anʼanalarini rivojlanishiga samarali turtki boʻldi.
Manbalar
Kulollar – Hunarmand uyushmasi (handicraftman.uz)
Kulolchilik - Vikipediya (wikipedia.org)
O‘zbek milliy kulolchilik san’ati tarixi | Xazina (youtube.com)
Kulolchilik byuumlarini yasash jarayoni


Sopolga naqsh solish jarayoni
Kulolchilik buyumlari



