Kashtachilik
?>
Kashtachilik qadimiy san’at turi
Kashtadoʻzlik, kashtachilik – kashta tikish kasbi amaliy sanʼatning qadimiy sohalaridan biri. Arxeologik topilmalar Kashtadoʻzlikning deyarli barcha xalqlarda qadimiyligini, iqlim, tabiiy sharoit, muhit bilan bogʻliq holda har bir xalqning madaniyati, sanʼati, kasb-hunar turlari bilan birga, ularning taʼsirida rivoj topganini koʻrsatadi. Kashtadoʻzlikning paydo boʻlishi teridan qilingan kiyimlarda bogʻlam va choklarning yuzaga kelishi bilan bogʻliq. Davrlar davomida toshdan suyak bigizlarga, undan metall bigizlarga oʻtish bilan, shuningdek, toʻqish, mato toʻqish, boʻyash va boshqa ishlar bilan bogʻliq. Kashtadoʻzlik taraqqiyotini qadimiy Osiyo, Yevropa, Amerika madaniy yodgorliklari, adabiy manbalardagi kashtalar tasvirida, shuningdek, saqlanib qolgan Kashtadoʻzlik namunalarida kuzatish mumkin. Kashtadoʻzlik rivojlangan xalqlarda unga tasviriy sanʼatning taʼsiri katta boʻlgan.
14–15-asrlarga oid kitoblardagi miniatyuralar kashtadoʻzlikning bu yerda qadimdan keng rivojlanganini koʻrsatadi. Jumladan, Amir Temur saroyida yashagan ispan elchisi Rui Gonzales de Klavixo oʻz esdaliklarida saroyda kashta bezaklarini tomosha qilganini yozgan. Kamoliddin Behzod “Zafarnoma” qoʻlyozmasiga ishlagan “Temur taxtda” miniatyurasida (1467) kashtali chodirni ham aks ettirgan.
Oʻrta Osiyoda, ayniqsa, oʻzbek, turkman, tojik ayollari o‘rtasida kashtadoʻzlik keng tarqalgan. Kiyimlar oilada tayyorlangan, badiiy buyumlarning asosiy qismlari har bir xonadonning oʻzida tayyorlangan. Qadimiy an’analarga ko‘ra, o‘zbek qizlari bo‘lajak kelinlik seplariga har xil kashtachilik buyumlarini tayyorlashgan. Qizlarga yoshligidan boshlab kashta tikish o‘rgatilgan. Har bir oila o‘zi uchun so‘zana, dorpech, parda, belbog‘, takyapo‘sh (yostiq ustiga yopiladigan), do‘ppi, ko‘ylak, dastro‘mol, hamyon, joynamoz, sumka, nimcha va boshqalarni tikkan. O‘tmishda bu kashtalar oq va malla matolarga tikilgan bo‘lsa, keyinchalik satin, shoyi, baxmal matolariga ham tikish urf bo‘lgan.

Kashtachilikda an’anaviylik
Kashta choklari, kashta tikish va uslublarining turli-tumanligi oʻzbek kashtadoʻzlarining katta sanʼatidan dalolat beradi. Masalan, Nurota, Buxoro, Samarqand Kashtadoʻzlik mahsulotlari koʻproq yoʻrma chok bilan, Shahrisabzda yoʻrma, kandaxayol, iroqi, Toshkentda esa koʻproq bosma chok bilan tikilgan. Ijtimoiy hayotda roʻy bergan oʻzgarishlar kashtadoʻzlik anʼanalariga, mahsulotning turlariga taʼsir koʻrsatgan. Masalan, hozir boʻgʻjoma, dorpech, oynaxalta kabi ashyolar oʻz ahamiyatini yoʻqotdi, paranji, kaltacha kabi kiyimlarni faqat muzeylardagina uchratish mumkin. Doʻppi, sumka, nimcha, kavush, kirpech, soʻzana kabi badiiy buyum va ashyolar zamonaviy did bilan bezatilmoqda, shakl va badiiy bezaklarida katta oʻzgarishlar roʻy berdi.
Kashtachilik usullari
Oʻzbek kashtadoʻzlari buyum bezaklarida amaliy bezak sanʼatining boshqa turlaridagi naqshlardan andoza olganlar, kashtalarda oʻsimliksimon tasvirlar, shox, gulband, guldastalar koʻp uchraydi. Naqsh tasvirida asosiy bezak matoning oʻrtasida boʻlib, hoshiyalar qoʻshimcha bezak hisoblanadi. Lekin hoshiya bezagi mahorat bilan ishlangan kashtalar ham koʻp. Ganchkorlik, yogʻoch oʻymakorligi, kandakorlik, naqqoshlikda uchraydigan islimiy gul (naqsh)lar kashtadoʻzlikda ham koʻp uchrashi chizmakash (naqqosh)lar amaliy bezak sanʼatining turli sohalariga chizma (naqsh)lar tayyorlaganini koʻrsatadi. Kashtadoʻzlikda chizmakashlar yaratgan naqsh(gul)lar asosida kashtadoʻzlar badiiy buyum yaratadilar. Kashtadoʻzlikda ishlatiladigan asosiy ish qurollari: igna, ilmoqli igna, ilmoqli bigiz, angishvona, chambarak va b.; keng tarqalgan chok turlari: bosma, kandaxayol, chindaxayol, xomdoʻzi, yurma, iroqi popur, ilmoq, baxya va boshqalar.
Manbalar
KAShTAChILIK SAN’ATI TARIXI – Telegraph
O‘zbek milliy kashtado‘zlik(kashtachilik) san’ati tarixi | Bir eksponat tarixi (youtube.com)