Kandakorlik
?>
Kandakorlik san’ati
O‘zbek xalq amaliy bezak san’atining eng keng tarqalgan turlaridan biri kandakorlikdir. Kandakorlik deganda metalldan yasalgan badiiy buyumlarga o‘yib yoki bo‘rtiq qilib naqsh ishlash tushuniladi. O‘zbekiston hududida metalldan yasalgan badiiy buyumlar ishlab chiqarish qadimdan rivojlanib kelgan san’at bo‘lib, u o‘zining qadimiyligi bilan kulolchilikdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Savdo sotiqda qadimdan kandakorlik buyumlariga talab katta bo‘lgan. Mahalliy san’at asarlari qo‘shni mamlakatlar san’atining eng yaxshi yutuqlari bilan boyib borgan. Mahalliy ustalar oltin, kumush, jez, mis va boshqa metallardan har xil buyumlar yasaganlar. Qadimgi va ilk o‘rta asr kandakorligi, asosan, hallangan kumush kumush buyumlarda o‘z ifodasini topgan.
Kandakorlikning qadimiy ishlanish tarixi
XI asrdan boshlab kandakorlik mahsulotlarini mis hamda mis qotishmalaridan tayyorlay boshladilar. Arxeologik topilmalardan eramizdan avvalgi III asr oxiri hamda II asr boshlarida birinchi (maxsus mis qotishmasi) to‘g‘nag‘ichlar Misr, O‘rtayer dengizi, Mesopatamiya, Hindiston, O‘rta Osiyoda keng tarqalganligi aniqlangan. Bu badiiy metall buyumlari ishlashning ilk namunalari edi. To‘g‘nag‘ichlarda kichik-kichik voqealar, hayvon va boshqa narsalar tasvirlangan. Farg‘onada topilgan marosim qozoni I ming yillikning o‘rtalarida kandakorlikda “hayvonot uslubi” rivoj topganligini isbotladi.
III – VIII asrlarda O‘rta Osiyoda kandakorlik juda yuqori darajada rivoj topgan. Qimmatbaho metallardan hokimlar hamda a’yonlar uchun har xil nihoyatda chiroyli bezak buyumlari ishlatish odat bo‘lgan. Qimmatbaho metallardan hokimlar hamda a’yonlar uchun har-xil chiroyli bezak buyumlari ishlatilgan. Bu oltin yoki kumush buyumlarda to‘y-tomosha, taxtga o‘tirish marosimlari, dunyoviy mavzular, shikor va kurash manzaralari, mifologik hamda epik qahramonlar, hayotiy mavjudot, parranda va boshqa tasvirlarni ko‘rish mumkin.

VIII – XIII asrlarda qimmatbaho metallardan qilingan idishlar O‘rta-Osiyoning ko‘pgina burchaklarida urf bo‘lib qolgan edi. Oltindan juda ko‘p narsalar ishlanar, binolarning bezaklariga oltin suvi yugurtirilar edi. Keyinchalik esa qizil misdan har xil ko‘zalar, dekcha (qozon)lar, idish-tovoqlar, jezdan va sariq misdan shamdonlar, poymonlar, oq mis va brinjidan ko‘zalar, kir tog‘oralar, katta-kichik piyola va shu kabi ro‘zg‘or buyumlari yasalar edi.
XI asrning o‘rtalarida O‘rta Osiyo xalq amaliy san’atida kandakorlik tez sur’atlar bilan rivojlandi, mis va uning qotishmalaridan yangi buyumlar paydo bo‘ldi, qorni sharsimon hamda bo‘yniga naqsh solingan ko‘zalar, yarim doira ketmonlar, siyohdonlar, havoncha va boshqalar juda ko‘p ishlatilar edi. Bu buyumlarning yuzalariga bo‘rtma kandakorlik usulida naqsh ishlash kamayib borib, o‘rniga o‘yib naqsh ishlash (gravyura) urf bo‘lib qoldi.
IX – XII asrlarda kandakorlik san’atida ham katta yangiliklar bo‘ldi. Idishlarni bezashda yozuvli naqshlar keng miqyosda qo‘llanilgan. Qadah va omad, tan-sihatlik, baxt-saodat, farovonlik degan naqshli yozuvlar “kufiy” va “nasx” usulida bitilgan. Bu yozuvli bezaklar shunday rivojlanib ketib juda mayda, juda nafis bo‘lib, hattoki, ularni o‘qish qiyinlashgan.
XIII – XIV asrlarda kandakorlar bezaklarga kumush va oltin iplarni qadab zeb berib, naqshlarni judayam nafis bo‘lishiga harakat qilishgan. Samarqand shaxrining Registon maydoni yaqinidan topilgan xazinalar, ya’ni oltmishdan ziyod turli tuman idishlar, piyolalar, ko‘zalar, qopqoqlar, qozonchalar kandakorlikning XIV – XV asr badiiy an’analari to‘g‘risida ma’lumot beradi.
XIV asrda metallga badiiy ishlov berishda jiddiy siljish bo‘ldi. Amir Temur o‘z davrida xalq hunarmanchiligi rivojlanishiga katta e’tibor bergan. Amir Temur va temuriylar avlodi hukmronlik qilgan davrda hunarmanchilik buyumlari ishlab chiqarish yuksak darajada rivojlangan. Metall buyumlarni bezash yanada takomillashdi. Buyumlar naqshlari yanada badiiylashdi, noziklashdi, mayda islimiy naqshlar, yozuvli naqshlar yanada ko‘p ishlatildi. Respublikamizdagi arxeologik qazilmalardan topilgan metall buyumlarda chet ellik ustalar nomini uchratish mumkin. Amir Temur yurishlari vaqtida chet ellardagi ustalarni ko‘chirib Samarqandga olib keltirgan.
Ispan elchisi Klavixoning esdaliklarida Amir qabulida va ziyofatida bo‘lgan vaqtida ko‘rgan ajoyib idishlarni yuksak darajada yasalgani haqida aytib o‘tgan. O‘sha davrlarda Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida yuqori sifatli va bejirim metall buyumlar ishlab chiqilgan.
Buxoro va Xivadan Rossiya amaldorlariga sovg‘a sifatida olib borilgan buyumlar, shuningdek, O‘rta Osiyo savdogarlari keltirgan hunarmanchilik buyumlari ichida oltin suvi yuritilgan gurzi, o‘q, o‘tkir tig‘li qilichlar va qilich qinlari va boshqa buyumlar o‘sha davrdagi ustalarning mahoratini ko‘rsatgan.
XVIII – XX asrlarda kandakorlik yaxshi rivojlangan bo‘lib, Buxoro, Qo‘qon, Xiva, Samarqand, Shahrisabz, Qarshi hamda Toshkent shaharlari kandakorlik buyumlari chiqariladigan markazlar bo‘lgan. Zodagonlar xonadonlari naqsh tushirilgan idishlar bilan bezatilgan. Bu buyumlar xonadon sohibining badavlatligini namoyish qilib turgan.
Buxoro kandakorligi
XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlari Buxoro ustalarining yaratgan buyumlari shaklining nafisligi, nisbatlarining mumtoz tarzdagi muvozanati, odatda, chuqur o‘yish texnikasi yordamida bajarilgan bezak ijrolarining barqarorligi bilan ajra¬lib turadi. Buxoro kandakorligi boshqa maktablarga qaraganda ko‘pgina qadimiy shakl hamda an’anaviy bezaklarni saqlab qolgan.
XX asr boshlariga kelgandagina Buxoro ustalari ho‘l meva vazalari, choynak va shu kabi chetdan keltirilgan fabrika usulida ishlangan buyumlarga taqlidan kumushdan yangi shakldagi buyumlar ishlab chiqara boshladilar. Buxoro buyumlaridagi naqshlar Qo‘qonnikidan ancha yirik va Toshkentnikidan nafisroqdir. Buxoro bezagida tekis, anchagina keng, ustalar “kundal” deb yuritadigan kontur polosalar alohida ta’sirchanlik kasb etadi. O‘simliklar bezagi nafis va ravshandir. Buxoro kandakorlari kalligrafik yozuvlardan maromida foydalanib, u bilan buyumlarning ayrim qismlari – ko‘za tanasi, bo‘yni bandlari, patnislarning keng tub qismini va hokazolarni bezatishgan.
Buxoro mintaqaviy kandakorlikning yirik markazi edi va bu yerga Markaziy Osiyoning boshqa mintaqalaridan o‘z malakalarini oshirish uchun ustalar kelishgan. XIX asr Buxoro kandakorligi mohir san’atkorlarining nomlari tarix sahifalaridan o‘rin olgan: Salohiddin, Mirza, Sharof, Hakim Buxoriy, Rustam Muhammad Rizo. XX asr boshlarida Buxoroda tadqiqotchilarning ma’lumotiga qaraganda, 600 ga yakin misgarlar bo‘lib, shulardan 50 nafari yuksak darajada badiiy ijod qilganlar. Mir Sharif, Muqaddam Ma’zum, Muhammad Xasan, Ollohyor Yo‘ldoshev va boshqalar shular jumlasidandir.
Internet manba
O‘zbekistonda san’at turlari va ularning rivojlanishi - BUXARSKIY GOSUDARSTVENNЫY MUZEY-ZAPOVEDNIK (bukharamuseums.uz)
Kandakorlik - Vikipediya (wikipedia.org)
Kandakorlik san’ati tarixi | Xazina (youtube.com)