I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston san’at muzeyi


?>

I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyining vazifalari san’at asarlarini to‘plash, saqlash va namoyish etish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, madaniy merosni ommalashtirish va mintaqada badiy ta’limni rivojlantirish vazifasini o‘z zimmasiga oladi.

I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat sanʼat muzeyining asosiy yoʻnalishlari - sanʼat asarlarini saqlash va namoyish etish, milliy madaniyat va sanʼatni rivojlantirish va taʼlim faoliyati.

Tarixi
Mazkur muzey Qoraqalpog‘iston Respublikasi KKASSR Vazirlar Kengashining 1966-yil 1-fevraldagi 38-son qarori va KKASSR Madaniyat vazirligining 1966-yil 5-fevraldagi 13-son buyrug‘i asosida tashkil etilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Obkomi Vazirlar Kengashining 1984-yil
7-dekabrdagi 449/23-sonli qarori asos O‘zbekistonga xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi va Qoraqalpoq xalq rassomi I.V.Savitskiy nomi berilgan; Nukus shahrida tashkil etilgan.

Asarlar va artefaktlarning suratlari

“Buqa” nomli kartina o‘zbek rassomi Vasiliy Aleksandrovich Lisenko (1899-1974) tomonidan 1929-yilda ishlangan. Ushbu asar rassomning singlisi Galina Aleksandrovna Lisenkodan sotib olingan. Kartina 1991-yilda Sankt-Peterburgdagi Rus muzeyida ko‘rgazmaga qo‘yiladi, u yerda ilmiy kengashning e’tiborini tortib, ko‘rgazmaning bosh kartinasi etib saylanadi, buklet, afishalarning sirtiga bosib chiqariladi. Keyinchalik bu kartina g‘arb mamlakatlaridagi san’atshunoslar, muhbirlarning ham e’tiborini tortadi, gazeta-jurnallarning muqobalariga bosib chiqarila boshlaydi. Bu asarda g‘azablanib turgan buqaning ko‘rinishi juda oddiy tarzda tasvirlab berilgan. Buqaning boshi va oldingi oyoqlari to‘g‘ridan, tanasi yuqoridan qiya qilib chizilgan bo‘lsa, orqa oyoqlari esa yon tarafdan chizilgan. Buqa hajmsiz tekis chizilgan. Kompozitsiyaning bunday tarzda yaratilishi XX asr boshlaridagi rassomlarning neoprimitivizm yo‘nalishida yaratilgan kompozitsiyalarning ta’siri bor ekanligini ko‘rsatadi. Buqaning ustidagi egilgan chiziq va dumi uning bor kuchi bilan yugurishga tayyorlanib turganini ko‘rsatadi. Bu kartina chuqur fikir yuritishni talab qiladi va shu bilan birga san’atga, tarixga ayniqsa kartina yaratilgan davrga e’tibor qaratishni talab qiladi.

O‘zbek rassomi Nikolay Karaxanning (1900-1970) “Ishga chiqish” deb nomlangan asarida ikki nafar ishchi erkak va bitta ayol tasvirlangan. Ular milliy kiyimlarda, yelkalarida ketmon ko‘targan holda ishga yo‘l olyaptilar. Har bir obrazning yuzida jiddiylik va mehnatga tayyorgarlik aks etgan. Asar yorqin ranglarda chizilgan bo‘lib, ertalabki quyosh nurlari, yashil dala va uzoqda joylashgan qishloq manzarasi fon sifatida tasvirlangan. Bu asar oddiy xalqning mehnatga sadoqatini, birlik va harakatdagi uyg‘unlikni ko‘rsatadi.

 

O‘rol Tansiqboyevning (1904-1974) “O‘zbek portreti” (1934) asari portret janrida chizilgan bo‘lib, unda markazda joylashgan inson yuzi asosiy e’tiborni tortadi. Yuz ifodasi jiddiy, ammo sokin. Ko‘zlar katta va diqqat bilan tikilgan, bu orqali rassom tomoshabinni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga chaqirayotgandek tuyuladi. Sochlari deyarli ko‘rinmaydi, bu muqaddaslik, poklik yoki ruhiy yuksaklik belgisi sifatida talqin qilinishi mumkin. Orqa fon rangi va shakllari tasodifiy emas: uchta yashil daraxt novchasi tasvirlangan bo‘lib, bu tabiat va erkinlik timsoli. Qizil yarim doiralar esa ehtimol quyosh yoki hayot, issiqlik, quvonch va yaratish kuchini ifodalaydi.

 

Viktor Ufimtsevning (1899-1964) 1929-yilda chizilgan yorqin asarlaridan biri “Poyezdga” kartinasidir. Bu kartinaning innovatsion va eksperimental ruhi to‘liq namoyon bo‘ladi. Asarning shakli g‘ayrioddiy - yuqori tarafi qiya qilib keskin cho‘zilgan bo‘lib, asardagi temir yo‘l relslari go‘yo kompozitsiyaning dinamikasini ko‘rsatadi. Kompozitsiyaning o‘zi juda ixcham: deyarli bo‘sh fonda, birinchi planda, poezdga qimiz (biya suti) sotish uchun kelgan qozoq ayoli aks ettirilgan. Ranglar yumshoq, ranglar xiralashgan, xuddi quyosh bilan yoritilgandek. Qimiz sotuvchining yuzi tasvirlanmagan, ammo muallif uchun bu muhim emas. Uning shiori: “Izoh qiling, lekin tasvirlamang”!

Elena Korovayning (1901-1974) “Buxorolik (pushti) ayollar. Tong” (1931-1932) deb nomlangan ijodiy asarda Buxoro shahriga xos an’anaviy liboslardagi ayollar tasvirlangan. Ayollar boshlariga oq ro‘mol yopingan holda yo‘lda ketmoqda. Asarning rangi juda yumshoq va ta’sirchan bo‘lib, qizg‘ish, pushti, jigarrang va oq ranglar uyg‘unligi orqali tomoshabinni o‘ziga jalb qiladi. Asardagi harakat va atrof-muhit o‘tmishga, an’analarga va sokin muhitga ishora beradi. Ayollarning liboslari va harakatlari orqali sharqona nafosat, xotirjamlik va madaniyat ifodalangan. Ushbu asar nafaqat estetik jihatdan, balki milliy madaniy qadriyatlarni yoritish jihatidan ham muhim ahamiyatga ega.

 

 

Aleksandr Nikolaevning (Usto Mo‘min) (1897-1957) “Hayot yo‘li” (1924) deb nomlangan asarida do‘ppi kiygan yosh bola tasvirlangan. Rassom gul va yashil daraxtlar orqali yoshlikning gullagan davrini, suv orqali esa hayot oqar suv kabi ko‘zni ochib yumguncha tez o‘tib borayotganini, сhap tomonda tasvirlangan mozor esa hamma narsa o‘tkinchi ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan.

 

Kuznetsov Nikolay Efimovichning (1876-1970) “Ayolning bosh qismi” (1916) nomli asarida keng shlyapa kiygan ayol tasvirlangan. Ayolning yuzi yon tomonga egilgan va u tomoshabinga sokin, lekin sirli nigoh bilan qaramoqda. Uning yuzi sarg‘ish-yashil ranglar bilan ifodalangan, lablari qizil bo‘lib, obrazga joziba va dramatik ohang qo‘shilgan. Ayol to‘q ko‘k libos kiygan, orqa fon esa yashil, binafsha va kulrang bo‘yoqlar aralashmasidan iborat. Asar ekspressionistik uslubda ishlangan bo‘lib, unda yorqin va keskin, kuchli kontrast ranglar qo‘llanilgan. Bu esa tomoshabinda ta’sirli hissiyot uyg‘otadi va ayol obrazining ichki holatini, sirli go‘zalligini aks ettiradi.

 

Komarovskiy Vladimir Alekseevichning (1883-1937) “Oilaviy portret” asarida bitta oila tasvirlangan. Asarda besh kishi: ota, ona va uch nafar bola aks ettirilgan (ulardan biri chaqaloq). Ota to‘q sariq ko‘ylak kiygan va qo‘llarini ko‘tarib turibdi. Onasi ko‘k rangdagi libosda, u chaqaloqni bag‘riga bosib turibdi. Qizi bilan o‘g‘li esa ota-onasining o‘rtasida turibdi, ikkalasi ham qo‘llarini ko‘kragiga qo‘ygan. Ularning kiyimlari oddiy va rangli: o‘g‘li oq va ko‘k, qizi esa qizil va ko‘k libos kiygan. Asar uslubi soddalashtirilgan va ramziy, inson figuralari noan’anaviy chizilgan. Fon neytral va silliq, e’tibor asosan odamlarning yuz ifodasi va holatlariga qaratilgan. Asarda mehr-muhabbat, oila va birlik mavzulari aks ettirilgan.

Aleksandr Nikolaevich Volkovning (1886-1957) “Karvon” (1926) asari Oʻzbekiston tasviriy sanʼatining yorqin namunalaridan biridir. Ushbu asarda savdo karvoni tasvirlangan boʻlib, unda odamlar va tuyalar gavjum sahna tasvirlanadi. Asar harakat, hayotiylik va milliy ruh bilan sugʻorilgan. Rassom turli obrazlar orqali qadimiy karvon, odamlar oʻrtasidagi aloqalarni va ularning urf-odatlarini ochib beradi. Odamlar an’anaviy kiyimlarda–chapon va do‘ppilarda va yuzlarida turli his-tuyg‘ular aks etgan. Tuyalar–bu sahnaning markaziy obrazlaridan bo‘lib, ular Sharq savdo yo‘llarining ajralmas qismi sifatida talqin etiladi. Ranglar palitrasi juda boy: issiq va sovuq ranglar uyg‘unlikda qo‘llanilgan, bu esa kompozitsiyaga ritm va chuqurlik baxsh etadi. Rassom har bir detal orqali hayotiylik va milliylikni ifodalagan. “Karvon” asari Volkovning Sharq madaniyatiga bo‘lgan chuqur hurmatini va milliy an’analarni tasvirlashga bo‘lgan intilishini yaqqol namoyon etadi. Bu asar O‘zbekistonning madaniy merosida alohida oʻrin egallaydi.

Aleksey Alekseevich Morgunovning (1884-1935) “Go‘sht do‘koni” (1911) nomli asarida uchta qassob xuddi rassomning asari uchun atayin suratga tushayotgandek qilib tasvirlangan. Hammasi belbog‘lariga pichoq ildirilgan oq fartuk kiygan. Polga qadalgan katta bolta va to‘nka ularning asosiy ish qurollari sifatida aks ettirilgan. Mayda narsalar aniq chizilmagan (hatto yuzlari ham) erkin va yengil bo‘yoq berilgan, ammo ularning kayfiyati yetarlicha aniq ifodalangan. Qo‘llarini ko‘ksiga qovushtirib turgan qassobning yuzidagi ayyorona tabassum va peshtaxta ustida qadahni devorda osig‘liq turgan kartina tomonga uzatayotgan yosh yigitning quvnoq kayfiyati osongina seziladi. Asar rang jihatidan chiroyli: to‘q yashil va jigarrang-qizil ranglar jarangdor rang-barang gammani hosil qiladi.

Popova Lyubov Sergeevnaning (1889–1924) “Yalang‘och ayol gavdasi” (1914) nomli asari kubizm uslubida ishlangan. Unda inson tanasining orqa tomondan ko‘rinishi tasvirlangan, biroq bu tasvir realizm emas, balki geometrik shakllar orqali ifodalangan. Chiziqlar aniq, keskin va silliq egri chiziqlar bilan uyg‘unlashgan. Rasmda shakllar kubik va prizmatik ko‘rinishda tasvirlanib, inson tanasining shakli qismlarga bo‘linib ko‘rsatilgan. Bu uslub Pablo Pikasso va Jorj Brak kabi mashhur rassomlarga xos bo‘lib, rasmda harakat va hajm hissi yaratilgan.

Ural Тansiqboev Tansiqbaevich (1904-1974) birinchi navbatda manzarachi rassom. Tabiat har doim rassomning asosiy ilhom manbai bo‘lib kelgan. O‘z ona yurti hayotiga daxldorlik hissi, O‘rta Osiyoning betakror o‘ziga xosligi, uning sirli go‘zalligiga qoyil qolish hissi musavvirning eng mashhur asarlaridan biri “Qizargan kuz” (1931) nomli asarida o‘z ifodasini topgan. Bu asarning o‘ziga xosligi tabiatni lirik idrok qilinishida, uning inson bilan uyg‘unlashganidadir. Noodatiy ranglardagi ya’ni, qizg‘ish rangli daraxtlarning silliq va yumshoq ohanglari, pushti tepaliklar, o‘tlarning ajoyib ranglari va sariq tuproq asarga o‘zgacha ta‘sirchanlik beradi. Odamning qiyofasi tabiat qo‘ynida erib ketayotganga o‘xshaydi. Bu asar she’riy motivga, ba’zan hayratlanarli umumlashtirish kuchiga, qat’iy kompozitsiyaga va rangning dekorativ ohangiga ega. Asarga xos badiiy tilning shartliligi asarning plastik ifodasi, ishonchliligi, haqqoniyligi va shu bilan birga, o‘ziga xos ertaknamo va sirliligi bilan bog‘liq.

“Koshindan yasalgan likopcha parchasi” Janpiqqalʼa yodgorligidan topilgan. U XII–XIII asrlarga taalluqli. Mahsulot materiali – “Minay” turiga mansub. Bunday likopchalar Eronning Rey shahrida tayyorlangan. Uning yuz qismida otliq erkak va ayol tasviri aks etgan. Markazda esa “Hayot daraxti” obrazi joylashgan. Rasm rangli uslubda ishlangan.

 

“Uch oyoqli, zoomorf shakl bilan bezatilgan bronza chiroq”. Asosiy qismining shakli quvursimon bo‘lib, uning markazida likopcha joylashgan. Yuzasida o‘simliksimon naqshlar tarzida stilizatsiya qilingan o‘yma bezaklar mavjud. Qavat qalʼa yodgorligidan topilgan bo‘lib, XI–XIII asrlarga taalluqlidir. Bunday chiroqlar O‘rta Osiyoning o‘rta asr shaharlari materiallarida ham uchraydi. Bu esa Buyuk Ipak yo‘lida yuqori darajadagi savdo aloqalari mavjud bo‘lganidan dalolat beradi.

“It va ovchi qush bilan ov manzarasini aks ettirgan bronza qoplama”. Ushbu obraz O‘rta Osiyoning imtiyozli qatlamlariga xos bo‘lgan. Bunday mashhur sahnalar XI–XIII asrlarga taalluqlidir. Mazkur nishon Kavat qalʼa shahristonidan topilgan.

Tekis va cho‘zilgan taglikka ega talkdan yasalgan siyohdon. Yuqori qismi keng likopcha shaklida bo‘lib, stilizatsiyalangan o‘simlik naqshlari va chetlarda o‘yma bezaklar bilan bezatilgan. Markazida siyoh uchun teshik joylashgan. Ushbu idish Sultanuyiz tog‘lari ustalarining yuqori darajadagi mahoratini, noyob hunarmandchilik sifatlariga ega toshdan foydalanganliklarini ko‘rsatadi.

Sarkofag (kulol sarkofag. Milodiy III asr Mizdakxon qabristoni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xo‘jayli tumani). U Orolbo‘yi hududida mavjud bo‘lgan va shu turdagi qabrlar bilan o‘xshash jihati yo‘qligi hamda unda poyabzal ko‘rinishidagi Bobilon sarkofaglari an’analarini davom ettirganini ko‘rish mumkin. Mana shu jihatlari bilan u bebahodir. Ammo loyning tarkibi, u yerda joylashtirilgan buyumlar to‘plami, skif qabilalarining ko‘chmanchi madaniyatiga mansubligini ko‘rsatadi.

Saukele
Qoraqalpoq zargarlarinig jahon amaliy san’atiga qoshgan xissasi bu ularning ishlagan Saukelesi bo‘lib, uning tarixi qa’dimdan-ya’ni sak va massagetlar, matriarxat (amazonkalar) davridan boshlanadi. Shu davrlarda el-yurtning tinichligi uchun rahbarlik qilgan ayol sarkardalar bosh kiyimi (шлем) vazifasini bajargan va bu bosh kiyim keyinchalik zargarlarning mahorati natijasida toy-ma’rosimlarda kiyiladigan bosh kiyimiga aylanib, kashtachilik va har xil marjon, feruza munchoqlar bilan bezalgan.

Ko‘k ko‘ylak – qoraqalpoq ayollarining an’anaviy to‘y liboslari to‘plamidagi eng hashamdor va bejirimlaridan biri hisoblanadi. Ko‘ylakdagi bezash va naqsh san’ati esa alohida ma’no kasb etadi. Libos rangining o‘zi moviy rang bo‘lib, tirikchilik, hayotning asosi ekanligini bildirsa, shoxlari har tarafga cho‘zilgan daraxtning timsoli ona va u hayotning asoschisi ekanligini ifodalaydi.

To‘belik
Qoraqalpoq zargarlarining mahoratidan dalolat beruvchi toybob bosh kiyimlardan biri “to‘belik” boʻlib, u ayollar tomonidan asosan to‘y hashamlarda kiyilgan. Ba’zi yozma va og‘zaki manbalarda bu bosh kiyimni faqat yosh qizlar kiyganligi aytilgan bo‘lsa, ayrim manbalarda uni yosh kelinlar sawkele bosh kiyimining tepasidan kiyganligi haqida ma’lumotlar mavjud. Mazkur bosh kiyim xalq orasida “kumush taqiya” yoki “silsinali taqiya” nomlari bilan ham yuritilgan. To‘belik odatda mashhur zargarlarning san’at asari hisoblanib, yupqa kumush plastinalardan aylana shaklda yasalgan. Tepa qismiga turli shakldagi mayda haqiq toshlar qo‘ndirilgan bo‘lib, manglay oldiga bir nechta qator feruza va marjon munchoqlar tizilgan, pastki qismi zanjirlar va barg shaklidagi shtaqlar bilan bezatilgan. Uning orqa qismiga esa uzun, bezaksiz “halaka” mahkamlangan.

Ayshiq-ko‘ylakning yoqasiga taqiladigan bezak hisoblanadi. Doira shaklida bo‘lib, o‘rtasiga serdolik toshi o‘rnatilgan, Uning atroflari o‘simlik tarzli naqshlar bilan bezatilgan. Orqa qismida ilgichi bor.
Zirak - (Halqapli sirg‘a) turmushga chiqmagan qizlar taqqan. Ikki tomonidagi ziraklar qo‘ng‘iroqchalar va yaproqchalar bilan bezatilib, o‘rtadagi zanjir bilan biriktirilgan. Yoqori qismida quloqqa taqish uchun yasalgan ilmog‘i bor. Zanjirga yaproqcha va tangachalar tizilgan.

Shartuyme - ko‘krak bezagi bo‘lib, to‘rt tomonni ifodalovchi ko‘rinishga ega. Uning o‘rtasiga va to‘rt burchagiga yirik serdolik toshlar o‘rnatilgan. O‘rtadagi serdolikning atrofi mayda feruza toshlar bilan bezatilgan. Pastki qismidagi zanjirga qo‘ng‘iroqchalar va yaproqchalar o‘tkazilgan. Yuqori qismida ikkita ilmogi bor.
I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyining doimiy ekspozitsiyasiga Rossiya va Turkiston avangardi, milliy va mintaqaviy san’at asarlari, shuningdek, Qoraqalpog‘istonning boy madaniy tarixini aks ettiruvchi dekorativ-amaliy san’at va arxeologiya namunalari kiritilgan. https://savitskiy.uz/ orqali muzeyning 2017-2020 yillarda yaratilgan ekspozitsiya zallarini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.
Muzeyda ilmiy kutubxona, konferentsiya zali, suvenir do‘koni va kafe mavjud.
Qaraqalpoq, o‘zbek, rus, nemis va ingliz tillarida ekskursiyalar faoliyat yuritadi.

Ish vaqti: Haftaning har kuni, soat 09:00 – 18:00 (tushliksiz). Dushanba: dam olish kuni
Joylashgan manzili: 230100, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Nukus shahri, T.Qayipbergenov ko‘chasi, №52
Muzey bilan bog‘lanish (telegram kanali): +998 612226128, https://t.me/museumsavitsky telegram kanali orqali muzey yangiliklarni kuzatib borishingiz mumkin.
Muzeyga kirish chipta narxi: O‘zbekiston fuqoralari:
Kattalar - 20 000 sum
Talabalar - 16 000 sum
Bolalar (12 yoshgacha) - 8 000 sum
Chet el fuqoralari:
Kattalar - 100 000 sum
Talabalar - 80 000 sum
Bolalar (12 yoshgacha) - 60 000 sum.