Gilamchilik
?>
Gilamchilik tarixi
Gilamlar qadimdan dunyodagi boshqa xalqlar singari kundalik turmush tarzidagi asosiy jihoz hisoblanadi. O‘tgan asrlarda gilamlar o‘ziga xos hashamat bo‘lib, hukmdorlar va aslzodalar xonalarida bezak vazifasini o‘tagan. Gilamchilik qadimdan chorvador aholi orasida rivojlangan. Gilam O‘rta Osiyo, xususan, O‘zbekiston hududida juda qadimdan rivojlangan (Xorazmdagi arxeologik qazishlar paytida mil. av. 1-ming yillikka mansub gilam namunasi topilgan). Gilamlar o‘simlik (paxta, zig‘ir) tolasi va jun (qo‘y, echki va tuya juni)dan tayyorlangan. Manbalarda sak-massaget qabilalari eramizdan oldingi III-II asrlarda gilamchilik bilan shug‘ullangani aytiladi. Saljuqiylar davrida ko‘plab gilamlar tayyorlanib, Misr, Hindiston, Xitoyga chiqarilgan. Andijon, Samarqand gilamlari, qoraqalpoqlar to‘qigan o‘tov jihozlari badiiy jihatdan mohirona ishlangan.
Qo‘lda gilam to‘qish jarayoni


Gilamchilikda an’analar
Andijon gilamlarining pati qisqa, qalin va mayin bo‘lgan. Samarqandning rangdor uzun patli julxirs (“ayiq teri”) gilami o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Hozirda Gilamchilik Farg‘ona vodiysida, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlari, Qoraqalpog‘istonda rivojlangan. Shuningdek, Samarqand, Urgut, Qo‘qon va Xorazm ham gilamchilik markazlaridir. An’anaviy gilamchilik esa hunarmandlik turi (uyda to‘qiladigan) sifatida rivojlanmoqda. Samarqand va Buxoroning ipak gilamlari ham keng tarqalmoqda.
Qo‘lda to‘qilgan patli va patsiz gilamlar

Gilam to‘qish usuli
Gilam to‘qish uchun o‘simliklar – paxta, zig‘ir, jut tolasidan, hayvon juni – qo‘y,echki, tuya juni olingan. Avval qirqilgan yunglar yuvilib tozalanadi, temir taroqlarda taraladi, keyin bu junlardan ip yigiriladi. Iplar turli tabiiy bo‘yoqlar bilan bo‘yalgani uchun gilam ranglari o‘zgarmaydi va sifatini yo‘qotmaydi. Gilamchilik yotiq (gorizontal) yoki tik (vertikal) o‘rnatilgan dastgohlarda to‘qiladi. Gilamchilik rivojlangan joylarda to‘quv dastgohlari ancha mukammallashtirilgan. Bir necha to‘quvchi yonma-yon o‘tirib birdaniga to‘qiyveradigan keng o‘q (g‘altak)li xillari yaratilgan. Gilam to‘quvchi gilam naqshini yoddan yoki ilgari ishlangan nusxa asosida to‘qiydi. To‘qilish usuliga ko‘ra patli va patsiz gilam turlariga ajratiladi.
Qo‘lda gilam to‘qish mashaqqatli ish bo‘lib, to‘quvchidan qunt, did va mahoratni talab qiladi. Patli gilamlarni to‘qish murakkab jarayon. Qo‘lda to‘qilgan gilam pati, naqshi asos ipiga rangli iplardan tugib, bandlar hosil qilib yaratiladi, tugun uchi matoning yuza tomoniga chiqarib tekis qirqiladi, har bir qatordan so‘ng arqoq ipi o‘tkazib maxsus temir taroqqa urib avvalgisiga mahkamlanadi. Tayyor gilam maxsus kimyoviy moddalar yordamida yuviladi. Gilamlar turli hajmlarda tayyorlanadi.
Buxoro gilamlari

Gilamchilik bilan, asosan, ayollar shug‘ullangan, naqsh (gul)lar (islimiy, girih, hayvon shakllari, turli narsalar tasviri va b.) ni esa xotirada saqlashgan. Bezaklarida yo‘lbars va tuya izlari, olma guli, uzum zangi, tuya bo‘yni, qalqon, o‘simliklar ifodalangan, ayniqsa, hayvon shoxi tasviri keng tarqalgan. Naqshining aniqligi, go‘zal bo‘lishi va ranglarining uyg‘unligi ularning badiiy qimmatini oshirgan. Ranglarning mohirona ishlatilishi bilan ifodali tasvir hosil qilingan. Bir naqsh qismlarini turli ko‘rinishlarda bo‘yalishi bilan rang-baranglikka va jozibadorlikka erishilgan.
Surxon gilamlari
Surxon vohasida amaliy bezak san’atining muhim turlaridan biri bo‘lgan gilamdo‘zlikda qo‘y yungi yoki paxtadan tayyorlangan iplar ishlatiladi. Gilam qilish uchun, asosan, bahorgi jundan foydalaniladi. Chunki bahorgi jun uzunroq va yumshoqroq bo‘ladi. Kuzgi jundan esa kigiz bosiladi. Kuzgi jun mustahkamroq bo‘ladi. Vohada tuksiz gilam ko‘p to‘qiladi. Bunday gilam turlari “Qoqma gilam” deb ataladi. Qoqma gilam dastgohi tarnovoy bo‘lib, yerga quriladi. Qoqma gilamlar yo‘l-yo‘l, har xil ranglardan iborat bo‘lib, uzunasiga to‘qiladi. So‘ngra kesilib, “Tumorcha tikish” orqali bir-biriga biriktiriladi. Qoqma gilamning Chimchiqi, Ko‘r chimchiqi, Bibishak, Shoyi g‘ajari kabi turlari ko‘plab to‘qiladi. Qoqma gilamlarda o‘ntagacha taxt chiziqlari bo‘lishi mumkin. Qoqma gilamning ustki va ostki tomonlari bir xil bo‘ladi. To‘qish texnikasi murakkab bo‘lib, naqsh solib to‘qiladigan gilam turli terma gilam yoki tukli gilam deb ataladi. Taqir gilamlar keng do‘konlarda bir vaqtning o‘zida ikki-uch kishi bo‘lib to‘qiladi. Taqir gilamlarning Qo‘chqor mayiz, Imom Sultoniy, Terma, Tuya bo‘yin, Qo‘l soldi, Oq yenli kabi turlari mavjud. Voha aholisi badiiy bezak san’atida Napramach va Bo‘g‘jomalar ham muhim o‘rin tutadi. Napramachlarning naqshi-tukli, old tomonda sakkiz burchakli yoki to‘rtbo‘rchak shaklida ikkita yirik medalon, uning fonida o‘tkir romblar yoki X simon shakllardan iborat bo‘lib, ko‘chmanchi qabilalarning bekchilari, qalqon nusxa elementlari ifodalangan. Napramachlar to‘qilgan sandiqlar bo‘lib, ular turli buyumlarni solish uchun to‘qilgan. Voha gilamdo‘zligida eshik xalta, qoshiq xalta, bo‘g‘joma xurjun, dasturxon, digil yopkich yoki dig-diga jo‘mar kabilar ko‘p to‘qiladi.
Manbalar
Gilamchilik haqida — QOMUS.INFO
Gilamchilik san’ati tarixi | Qadriyatlar beshigi (youtube.com)