Ganchkorlik
?>
Ganchkorlik – xalq amaliy amaliy san’ati
Ganchkorlik – badiiy hunarmandchilikning bir turi bo‘lib, amaliy sanʼatning ganchda ishlash bilan bogʻliq sohasi hisoblanadi. Ganchkorlik san’ati xalq amaliy-bezak san’atining boshqa turlariga qaraganda me’morchilik san’ati bilan uzviy bog‘liq. Chunki ganchkorlik azaldan saroy, masjid va madrasa binolari hamda badavlat shaharliklarning uy-joylarini bezab turgan. Ganchkorlik Sharq amaliy san’ati sifatida Markaziy Osiyo, Eron, Turkiya, Arabiston davlatlarida ham binolarni bezatishda qo‘llaniladi.
Binolarni bezashda, meʼmoriy detallar ishlashda, devor va shiftlarni suvashda, bezak shakllar hamda oʻyma naqsh va tasvirlar yaratishda keng qoʻllaniladi. Ganchkorlikda bezak ikki usulda bajariladi: a) o‘ymakori usulida bino devori ganch suvoq qilinib, bezatiladigan qismiga naqsh ishlanadi; b) qolipaki usulida tayyor bezak bezatiladigan sirtga ganch taxtalarida oʻrnatiladi. Qolipaki usuli bezakni birdaniga koʻp miqdorda tayyorlash imkonini beradi.
Ganch bilan ishlashning qulayligi bu san’atning qadimdan maxsus kasb sifatida shakllanishiga sabab boʻlgan, mahobatli binolar qurilishi va umuman meʼmorlik, amaliy va tasviriy sanʼat rivoji bilan bogʻliq holda rivojlangan. Qadimdan tosh, gʻisht, sopol, yogʻoch bilan bir qatorda ganchdan ham keng foydalanilgan. O‘yma naqsh va tasvir ishlashga qulayligi esa ganch oʻymakorligini ommalashtirgan.
Ganchkorlik namunalari

Ganchkorlik tarixi
Tuproqqal’aning serhasham saroy mehmonxonalari (III asrda) o‘yma ganch bilan bezatilgan. Varaxshadagi topilmalardan VII-VIII asrlardagi Buxoro saroyi qoldiqlarida qushlar, hayvonlar, baliqlar, o‘simlik va geometrik shakllarning o‘yma namunalarini ko‘rish mumkin. XIII asrda ganchkorlik san’ati yanada yuksaldi. Bunga Afrosiyobda topilgan ganch o‘ymakorligi ishlari misol bula oladi. Ganchkorlikning gullab-yashnagan davri XVIII asrning oxiri – XIX asrning boshlari bo‘ldi. Ganch o‘ymakorligining barcha turlari taraqqiy topdi. Qurilgan binolarda xalq ustalari erkin jilvali bo‘yoqlar bilan ganchga jilo berdilar. Bezaklarning hamma turlariga xos aniq kompozitsion qonunlar ishlab chiqildi.
Ganchkorlik maktablari
Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona vodiysi va Xivada o‘ziga xos mustaqil maktablar vujudga kelgan. Buxoro maktabi ganchkorligining texnik jarayoni birmuncha murakkab, ishlovlarning noyob uslublari va rang-barang ohanglari bilan ajralib turadi. Samarqand ustalarining ishlash uslublari Buxoro ganchkorligiga yaqin bo‘lib, murakkab ganchning stalaktit uslubi orqali devorlar yuqori burchaklarini o‘yma naqshli panno bezatilishi bilan ajraladi. Toshkent maktabida keng tarqalgan o‘simlik-islimiy kompozitsiyalar farg‘onalik ustalarning ishlariga yaqin bo‘lib, ko‘pincha “o‘simlik zanjiri” turkumidagi naqshlarni tashkil etadi. Qo‘qon va Xiva ganchkor ustalarining ishlari murakkab orasta qiyofali handasaviy naqshlar bilan boy.
1990-yillarda Toshkentda yuqori darajali ganchkorlik maktabi rivoj olib (“Usto” birlashmasi ustalari), ularning faolligida poytaxtning turli binolar interyerlari bezatildi (“Oq saroy” qarorgohi, Oliy majlis binosi, “Turkiston” konsert zali, Temuriylar tarixi Davlat muzeyi, poytaxt teatrlari, metropoliten stansiyalari va b.). Hozirgi vaqtda ganchkorlik amaliy-bezak san’atining yetakchi turi bo‘lib, uning O‘zbekistondagi me’morchilik inshootlarini bezashda ahamiyati katta. Ganchkorlik ustalarining ijodiy namunalariga bo‘lgan talab xalqaro miqyos kasb etib bormoqda.
Ganchkorlikdagi naqshlarning ma’nosi
1. Geometrik naqshning ramziy ma’nolari:
teng tomonli uchburchak – tik turgan holati hayotning boshlanishi, teskari turgan holati esa hayotning oxirini bildiradi;
teng yonli uchburchak – ayriliq;
to‘rtburchak – dunyoning to‘rt tomoni, osmon saroyi, quyosh farzandi, abadiylik, yorug‘lik, mustahkamlik;
romb – ayol, ya’ni ona yer ramzi, serfarzandlik;
aylana – olam, baxt, quyosh, odamlarni yovuz niyatidan qaytarish ramzi;
besh qirrali yulduz – hayotning qisqaligi, besh kunlik dunyo;
yarim aylana – baxt;
yarim oy – islom dinining ifodasi, musulmonlik ramzi;
quyosh – hayot ramzi.
2. Ismoliy naqsh unsurlarining ramziy ma’nolari:
bodom – baxt-iqbol;
barg – bahorgi uyg‘onish;
qalampir – har xil yomonliklardan va yomon ko‘zdan asrash ramzi;
zirk guli (gulsafsar) – osoyishtalik va uzoq umr;
anor – ezgulik, to‘qchilik;
oygul – baxt-iqbol ramzi;
jingala – to‘kin-sochinlik, boylik ramzi;
olma – muhabbat ramzi;
novda – boylik va farovonlik;
yaproq – bahorgi uyg‘onish, navro‘z;
isiriq – yomon ko‘zdan asrash ramzi;
atirgul – go‘zallik ramzi.
3. Qush va hayvonlarning ramziy ma’nolari:
sher – mardlik, jasorat va kuchlilik ramzi;
tulki – makkorlik;
chumoli – donolik, xokisorlik ramzi;
bulbul – sadoqat;
humo – baxt keltiruvchi qush;
boyqush – baxtsizlik, vayronalik;
baliq – hushyorlik ramzi;
sichqon – uy hayvonlarining ko‘payish ramzi;
echki yoki qo‘chqor shoxi – jasurlik, mardlik, pokizalik ramzi;
oq kabutar – tinchlik;
ohu – go‘zallik, noziklik.
4. Ranglarning ramziy ma’nolari:
yashil rang – ona tabiyat ramzi;
ko‘k rang – moviy osmon, tinchlik va yomon ko‘zdan asrash ramzi;
qizil rang – g‘alaba, xursandchilik, shodlik;
sariq rang – muqaddaslik;
qora rang – motam;
sariq gul – ayriliq;
zangori – oliy e’tiqod;
oq rang – tozalik, yorug‘lik, baxt, omad ramzi.
Manbalar
Bo‘latov S. O‘zbek xalq amaliy bezak san’ati. – Toshkent: Mehnat,1991.
Ganchkorlik End File (youtube.com)
«Qadriyatlar beshigi» | Ganchkorlik san’ati [01.10.2021] (youtube.com)