Fayzulla Xo‘jayev uy muzeyi


?>

Fayzulla Xoʻjayev uy-muzeyi yoki Fayzulla Xoʻjayev memorial muzeyi (Eski nomi: Boy savdogar xonadoni uy- muzeyi) — Oʻzbekistonning Buxoro shahrida joylashgan, davlat arbobi Fayzulla Xoʻjayev nomidagi memorial inshoot. Ushbu muzey turar joy binosi ichida tashkil etilgan. Maydoni — 3 gektar. Tarkibi ikki qismdan — erkaklar va ayollar uchun moʻljallangan ichki hovlilardan iborat. Xoʻjayevning qatagʻonida soʻng, ushbu obida biroz muddat qarovsiz holga kelib qolgan. 2023-yilda ushbu obyekt qayta rekonstruksiya qilindi hamda ichki va tashqi sayyohlar tashrifi uchun ochiq hisoblanadi.

Tarixi

Hovli XIX asr oxirida F. Xoʻjaevning otasi Ubaydullaxoʻja tomonidan sharq meʼmorchiligi anʼanalari asosida bunyod etilgan. Ushbu uy Fayzulla Xo‘jayev otib tashlangach biroz vaqt qarovsiz qolib ketgan. Binosi esa maʼlum vaqt davomida turli mahalliy tashkilotlar uchun boshpana vazifasini oʻtab kelgan.
Buxoro shahrining qadimiy shahar qismi boʻlmish „G‘oziyon“ mahallasida XIX asrning oxirlariga kelib yirik uylardan biri qurilgan. Hovli uch qismdan iborat boʻlib, unda ayollar hovlisi — hovli durun, erkaklar hovlisi — hovli berun hamda xoʻjalik hovlisi mavjud boʻlgan. Hozirgi muzey koʻrgazmasi erkaklar va ayollar hovlisidan iborat.

Toshdan qurilgan keng zinapoyalar orqali ichkari hovliga kirish mumkin. Xonalarning ostki qismida katta yertulalar mavjud. Har bir xonaga daxliz orqali kiriladi va har bir xonada kichkina xona mavjud bo‘lib, bu uycha „madon“ deb ataladi. Madondan choʻmilish va kiyim almashtirish maqsadida foydalanib kelingan. Har bir uyning naqshi qunt va mahorat bilan ishlangan, xonalarning naqshi boshqasinikiga oʻxshamasligi bilan ajralib turadi, mexroblarda guldon ichidagi gullar tasvirlangan. Ustalar miniatyuradan tortib katta ornamentlarga qadar turli tasvirlardan foydalangan. Rasmlarning nozikligi, ranglarning tiniqligi, tabiiy holda ishlatilishi faqat buxorolik ustalarga xos bo‘lgan. Har bir xonaning mexrobli ravoqlar va tokchalar mavjud va shu tokchalarda katta va kichik chinni idishlar saqlab kelingan. Qishki uyning koʻrgazmasida oʻsha vaqtda yashagan ayollarga xos turmush tarzi tasvirlangan: XIX asrda ishlangan gilam, turli xil buyumlar va sandal mavjud. Uzun qishki sovuq kechalarida ayollar sandali atrofida oʻtirishib, Bedil, Saʼdiy Sheroziy, Mashrab sheʼrlarini oʻqib berishgan. Ushbu uyda istiqomat qiluvchi ayollar ko‘p vaqtlarini kashtachilik, mehmon kutish bilan o‘tkazishgan. Xonada xorijiy davlatlardan keltirilgan buyumlar ham mavjud. O‘rta Osiyoda temir yo‘l o‘tgani munosabati bilan savdogarlar uyida mahalliy hunarmandlarga tegishli bo‘lmagan, yaʼni Yevropadan keltirilgan buyumlar paydo boʻla boshlagan. Bu buyumlar fabrikada hamda zavodlarda ishlab chiqarilgan. Bu buyumlar qandillar, lampa shishalar, katta yotoq (krovat), rus samovarlar, kumush qoshiqlar va pichoqlar — Rossiya va Germaniyada ishlab chiqarilgan. Qo‘l soatlar, devoriy soatlar, grammofon plastinkalar esa Polsha, Fransiya, Shveysariyadan keltirilgan. Asosiy katta va kichik tokchalar xalq orasida o‘zining chiroyi bilan mashhur boʻlgan va Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Germaniyadan keltirilgan chinni buyumlar qoʻyilgan. Ularning umumiy soni 120 tadir. Bular orasida guldon, choynak, kosa, piyolalar ham mavjud bo‘lib, ularda gullar, jonivorlar, odamlar, meva va sabzavotlar aks ettirilgan.

Tarkibi
Ushbu xonadon XIX—XX o‘zbek meʼmorchiligiga asosan ikki qismga: tashqi (erkaklar va turli qabullar) va ichki hovliga (mahramlar va ayollar uchun) bo‘lingan. Bundan tashqari majmua oʻz tarkibiga boshqa vazifalarga xizmat qiluvchi xonalar, mehmonxona, asosiy yotoqxona, bir nechta kichik yotoqxonalar va peshayvonlarni qamrab oladi. Xonalar o‘ymakorlik sanʼati, antiqa buyumlar, eksklyuziv mebellar va noyob bezaklar bilan bezatilgan hamda o‘sha davrning kiyim-kechaklari, sopol idishlari, chinni idishlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari va shu kabi boshqa qimmatbaho eksponatlarni oʻzida jam etgan.