Chopon
?>
To‘n o‘zbek erkak va ayollarining ustki milliy kiyimidir. U o’zbek tilida Chopon deb ham ataladi. To‘n ochiq yoqali yaktak shaklida, astarli va paxta bilan qavib tikilgan. Chopon uzun yengli, yuqori qismi keng, pastki tomoni torayib ketgan, ayrimlari o‘tirishga qulay bo‘lsin uchun etagining o‘ng va chap tomonidan qiyiq joyi qoldirilgan holda tayyorlangan. Odatda, chopon belidan belbog’ bilan bog‘langan, unga erkaklar pichoq (qini bilan) osib yurganlar. Yozgi choponlar qavilmagan (avra-astar chopon) yoki, umuman, astarsiz (avra chopon) ham bo‘lgan. Namanganda dala ishlari vaqtida oq matodan yupqa qavilgan kalta chopon kiyiladi. U kishilarni issiqdan saqlaydi. Surxondaryo va Zarafshon bo‘ylarida o‘rnashgan yarim ko‘chmanchi o‘zbeklarda ham tizzagacha keladigan, astarsiz kalta (avra) chopon ko‘p uchraydi.

O‘zbek choponlari rangi, uzunligi, kengligi va kiyish uslubiga ko‘ra farqlanadi. Masalan, Buxoroda, Qashqadaryo, Surxondaryo va Zarafshon vodiylarida gavda tuzilishi keng va uzun, uzun yengli, paxta yoki yarim ipak rangli matodan tikilgan chopon, Farg‘ona yoki Toshkentda yashil yoki ko‘k-yashil chopon urf bo‘lgan. Asrimiz boshlarida qora satindan tikilgan chopon keng tarqalgan. Yoshlar orasida bayram libosi sifatida ochiq rangli katta yo‘l-yo‘l beqasam to‘n rasm hisoblangan. Qishloq joylarda bunday chopon kuyov sarposiga kirgan. Biroz tor va kalta, kambar yo‘lli naqsh berilgan, yaltiroq alachadan tikilgan Xorazm choponi qadimdan keng tarqalgan. Choponni yaktak ustidan kiyib belbog‘ bog‘lash, asosan, Farg‘ona vodiysida odat bo‘lgan, boshqa joylarda belbog‘siz yaktakchasigina kiyilgan. O’zbek xalqida qadimdan hozirga qadar aziz mehmonlar, kuyovlar, qudalar va tavallud kunini nishonlayotgan nuroniylarga zarbof chopon kiydirish urf sanaladi.
Ayollar choponi mursak deb atalgan. Ular Buxoro, Xorazm va Qashqadaryoda yengi tirsakkacha kalta va kengligi bilan, Samarqand va Toshkentda uzun, yengsiz, bilakkacha bo‘lgan yengi bilan farqlangan. Mursak astarli qavima qilib tikilgan, qishki mursakka esa paxta solingan. O‘tgan asrning boshlarigacha u oddiy ko‘chalik libosi sifatida kiyilgan bo‘lsa, keyinchalik mursak motam libosi sifatida belbog’ bilan kiyilgan. Ayrim ayollar uni to‘yga yoki mehmonga borganda ham kiyganlar. Toshkentda hozirgacha mursakni dafn marosimida tobut ustiga yopadilar.

O‘zbekistonda keyingi yillarda milliy liboslarni, xususan, choponlarni kundalik kiyim sifatida kiyish qayta odatga aylandi. Ayniqsa, ayollar astarsiz, uzun va milliy matolardan oddiy bichimda tikilgan choponlarni kiyishni afzal ko‘rmoqdalar.