“Boychechak xabari” marosimi


?>

Marosim tarixi
Boychechak qadimgi turkiy tildagi “boy” – muqaddas, davlat (boylik), ta’qiqlangan, ya’ni ruhlar uchun qurbonlikka atalgan va chechak – gul ma’nosini anglatuvchi so‘zdir. Xuddi “Boybo‘ri” – muqaddas bo‘ri, “Boyko‘l” (Baykal) – muqaddas ko‘l ma’nosini bildirgani kabi “boychechak” so‘zining etimologik ma’nosi ham “muqaddas gul”dir. Shu bois, boychechak bilan bog‘liq barcha marosim, urf-odat, irim-sirimlar tarixan magik-ritual ahamiyatga ega bo‘lib, hosildorlik g‘oyalari bilan bog‘lanadi.
Sehrli xarakterga ega bo‘lgan “Boychechak sayli” yoki “Boychechak xabari” marosimi qadimdan navro‘zoldi shodiyonalardan biri sifatida o‘tkazib kelingan. Boychechak chiqqanligi – qish-qirovli kunlar ortda qolib, ko‘klam yaqinlashganligini anglatgan. Shuning uchun keksa va kasal odamlar bolalar olib kelgan boychechakni yuz-ko‘zlariga surtib, undan yaqinlashayotgan bahor hidini tuyganlar. Sog‘-omon navro‘zga yetib kelganliklariga shukrona aytib, “Omonlik, omonlik, hech ko‘rmaylik yomonlik, yanagi yil shu kunlarga eson-omon etaylik! Og‘irligim yerga, yengilligim o‘zimga”, – deganlar.

“Boychechak xabari” – ezgulikdan darak
XX asrning boshida Toshkent shahrining Beshyog‘och dahasida boychechak ochilishi bolalar uchun bamisoli bayramga aylanib ketgan. Ular sakkiz-o‘n nafar bo‘lib, boychechak terishgan va ko‘chama-ko‘cha yurib, yoshi ulug‘ kishilar va ko‘pdan buyon betob bo‘lib yotgan mahalladoshlariga boychechak olib borishgan. Boychechak ko‘targan bolalar har bir uy oldiga kelganda:
Boychechagim boylandi,
Qozon to‘la ayrondi,
Ayroningdan bermasang,
Qozon-tovog‘ing vayrondi.
Qattiq yerdan qazilib chiqqan boychechak,
Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak, – deb qo‘shiq aytganlar. Mobodo uy egasi biror yumush bilan band bo‘lib, “boychechakchi”lar huzuriga chiqavermasa, bolalar:
Ovratmang, ovratmang,
Bolalarni jovratmang! – deyishgan.
Toshkent viloyatining tog‘ oldi qishloqlarida esa “Boychechak sayli” o‘ziga xos tarzda o‘tkazilgan. Dasta-dasta boychechak terib olgan bolalar to‘p-to‘p bo‘lishib qishloq aylanishgan va har bir xonadon eshigi oldiga borganda:
Adirlar to‘la chechak,
Biz keldik ucha-ucha,
Boychechagim, boychechak,

Kutib oling, hoy chechak, – deb qo‘shiq aytganlar. Uy egalari esa bolalar olib kelgan sadafdek oppoq boychechaklarni yuz-ko‘zlariga surtib, tavof qilganlar va “Omonlik, omonlik, ilohim hech ko‘rmaylik yomonlik!” – deb bolalarni alqaganlar. Har bir xonadon sohibi boychechak xabarini keltirgan bolakaylarni birorta tansiq shirinlik bilan siylashga harakat qilgan. Bundan xursand bo‘lgan bolalar esa:
Boychechak keltirdik eshigingizga,
Xudoyim o‘g‘il bersin beshigingizga, – deb qo‘shiq aytib, boshqa xonadon sari otlanganlar. Ba’zi bolalar esa uy egasining farzandi o‘g‘il bo‘lishiga istak bildirib quyidagi qo‘shiqni ham kuylashgan:
Hurli bo‘ling, hurli bo‘ling,
Boychechakday gulli bo‘ling,
Kelasi yil shu mahal,
Qo‘sh kokil o‘g‘illi bo‘ling!
Aytishlaricha, boychechak chiqqanda “bulturgi odamlar bu yil ham bor ekan” der emish. Shuning uchun bolalar boychechakdan dasta-dasta terib, qishloqdagi hamma odamlarga tarqatib chiqishgan.

Manbalar

  1. Jo‘rayev M. O‘zbek mavsumiy marosim folklori. – Toshkent: Fan, 2008. – 294 bet.
  2. 5-sinf | "Boychechak" qo'shig'i. Sh.Yormatov bolalar xori uchun moslashtirgan. #karaoke