Beqasam
?>
Beqasam – beqasam, yo‘l-yo‘l gulli pishiq mato; tanda ipi ipak, arqog‘i ipdan to‘qiladi. Arqoq ipi tanda ipidan yo‘g‘onroq bo‘lgani uchun mato yuzasida ko‘ndalang chiziqlar (g‘adir-budurlik) hosil qiladi. O‘rta Osiyoning yirik ipakchilik markazlarida ishlab chiqarilgan beqasamlar qalin-yupqaligi, mato enining tor-kengligi, rang xillarining tanlanishi, yo‘l-yo‘l gullarining tartibi jihatidan bir-biridan farq qilgan.
Buxoro-Samarqand beqasamlarining arqoq ipi yo‘g‘on, mujassamoti markazi oddiy, bir meʼyorda takrorlanuvchi keng (pushti, sariq, zangori yoki pushti, binafsha sariq tusli), qirg‘og‘i esa hoshiyali yo‘llardan iborat. Bundan tashqari, “zanjira” gullar, abr nusxa, kvadrat, chiziqcha, mayda gullar va beqasam tasvirlar qo‘shib bezatilgan. Mahalliy yorqin koloritli ranglarga boy. Beqasam Buxoro-Samarqandda “olacha” nomi bilan mashhur. Farg‘ona vodiysi beqasamlari yupqa va mayin, chunki arqoq ipi ingichkaroq; guli, asosan, sovuq feruza-binafsha ranglardan iborat, ko‘proq bur-ko‘k tusli va turli xil yashil ranglarning bir-biriga mayin o‘tishi boshqa beqasamlardan ajralib turadi. Baʼzi anʼanaviy gullar (besh, kashta, bayroq)da yashil rangga yorqin pushti rang aralashtirilgan. Qadimda kuyov to‘nlari uchun ham ishlatilgan. Namangan “oq beqasam”i asosan oq sariq, yashil tusli qilib to‘qilgan, Namangan, Marg‘ilon, Qo‘qon to‘qimachilik fabrikalarida beqasamning oq, chiviq, olti katak, marmar va boshqa turlari ishlab chiqariladi. Beqasamdan kiyim (to‘n, kamzul, ko‘ylak)lar, ko‘rpacha va boshqalar tayyorlanadi. Uning olti katak, marmar va buxoriy deb ataladigan turlari bor.
![]() | ![]() |

