Atlas
?>
Atlas – tabiiy ipakdan to‘qiladigan bir yuzlama silliq mato. Tanda ipi abrbandi usulida bo‘yab bezatiladi. Atlasga alohida ishlov bilan jilo beriladi, shu sabab tovlanib turadi. Ilgari mato yuziga kudung urilgan, hozirgi kunda atlas issiq sathli baraban – kalandrdan o‘tkaziladi. O‘zbek atlaslari rang-barang, nafis gullarga boy, bu gullar bir-biri bilan uyg‘unlashib, matoda yaxlit go‘zal bir naqshni hosil qiladi. Atlasning tabiiy ipakdan to‘qilgan eng a’lo navi sakkiz tepkili xonatlas deb ataladi. Xonatlasning barcha siri uning tuzilishi va to‘qilish usulida. Atlasni o‘zbek xotin-qizlari bayramlarda, to‘y-marosimlarda kiyishadi, kelinchaklarning sepiga qilinadi, turli rangdagi atlaslar yosh kelinlarning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi. Shuningdek, atlas Markaziy Osiyo xalqlaridan o‘zbek millati bilan birgalikda tojik xalqining ham milliy kiyimi hisoblanadi.

Qadimda atlaslar qo‘l mehnatida dastgohlarda to‘qilgan. Hozir qo‘lda to‘qiladigan dastgohlarda ham, mexanik dastgohlar (to‘quv stanoklari)da ham to‘qiladi. Atlasdan ayollar liboslari, ko‘rpa, ko‘rpachalar, erkaklar qiyig‘i va boshqa buyumlar tayyorlanadi.
Atlas to‘qish jarayoni
Eng mashhur atlas turlari:
“Qora atlas”, “Chaqirim”, “Shaxmat”, “Qora ko‘zim”, “O‘zbekiston go‘zali”, “Marg‘ilon”, “Bibixonim”, “Begoyim”, “Kelinchak atlas”, “Bargi karam”, “Nomozshomgul”, “Guldasta”, “Navro‘z”, “Qo‘chqorshox” va boshqalar.
Atlasning to‘qilish jarayoni
Atlas to‘qish Marg‘ilonda juda qadimdan rivojlangan, boshqa joylarga shu yerdan tarqalgan. To‘rt tepkili atlas to‘rt tepkili dastgohda, sakkiz tepkili atlas sakkiz tepkili dastgohda to‘qiladi. Gulalar tandaning har sakkiz naxi to‘qilishda tandaga ustma-ust keladigan qilib ko‘tariladi, naxlar tepkilarga muvofiqlashtirilib, gulalar o‘ynag‘ichlarga ulanadi. Tepki bosilganda gulaning biri pastga tortilib, ustma-ust yotgan naxlardan birining komi ochiladi va orasidan birinchi arqoq ipi o‘tadi, ikkinchi tepki bosilsa, ikkinchi komi ochilib, ikkinchi arqoq ipi o‘tadi. Shu tariqa sakkiz nax orasiga sakkiz arqoq ipi ustma-ust tushib, tanda ipi mato uzra joylana borib, to‘qima bir yuzlamaga aylanadi.
Atlas turlari
Ipak matolar orasida eng mashhuri abrli atlas va xonatlasdir. Ularning o‘ziga xosligi – bezak va gullar matoga emas, balki o‘rish ipining o‘ziga chiziladi. Aytaylik, uzunligi 200 metr, eni 40 santimetr atlasni to‘qish uchun 3 ming 600ta ipak tolani bir-biri bilan uyg‘unlashtirish lozim. Bitta tola uzilsa ham mahsulot sifatiga putur yetadi. Shu bois matoga yangi element qo‘shish juda qiyin. Iplarni “abr” usulida bo‘yash ham katta mahorat talab etadi. E’tiborlisi, barcha ranglar tabiiy usulda, bo‘yoq beruvchi giyohlardan tayyorlanadi. Shu bois ular o‘z sifatini yo‘qotmaydi, ranglar qorishib ketmaydi.
Manba
Atlas to‘qish jarayoni – 12 fakt.
Atlas haqida — QOMUS.INFO
Namangan atlas to‘qimachilik Atlas adras to‘qish. (youtube.com)