Italiyaning Ka-Foskari universitetida “O‘zbekiston burchagi” ochildi
?>
2025-yil aprel oyida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan Italiyaning Venetsiya shahrida joylashgan Ka-Foskari universitetida “O‘zbekiston burchagi” tashkil etildi. Ushbu burchakda o‘zbek madaniyati, adabiyoti, tarixi va zamonaviy taraqqiyotiga oid kitoblar hamda milliy suvenirlar namoyish etilib, O‘zbekistonning boy madaniy merosini Italiya ilmiy jamoatchiligi orasida keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Ochilish marosimida ToshDO‘TAU ilmiy ishlar, innovatsiyalar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, professor Nozliya Normurodova ishtirok etdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur burchak ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi do‘stona hamkorlik ramzi bo‘lib, yosh avlodni ilm-fan, ta’lim va madaniyat orqali yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Mazkur tashabbus Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Ka-Foskari universiteti o‘rtasida ilgari boshlangan Erasmus+ dasturi doirasidagi hamkorlik loyihalarining mantiqiy davomi hisoblanadi. Ushbu hamkorlik ilmiy-tadqiqot faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, innovatsion texnologiyalarni ilmiy izlanishlarga tatbiq etish hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida akademik almashinuvni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, taniqli italiyalik turkolog olima Elizabet Raganinining uzoq yillik hamkorligi alohida e’tiborga loyiq. U bir necha bor Toshkentga tashrif buyurib, turkologiya va Yevropada mazkur sohaning taraqqiyoti bo‘yicha qator ma’ruzalar o‘qigan.
Yangi ochilgan “O‘zbekiston burchagi” nafaqat o‘zbek tilini va madaniyatini xorijiy talabalarga yaqindan tanitish, balki O‘zbekistonning oliy ta’lim tizimini jahon ilmiy maydoniga integratsiya qilish, xalqaro miqyosda o‘zbek tilining nufuzini oshirish va madaniy-diplomatik aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.
ToshDO'TAU huzuridagi "O'zbek maktabi" o'qituvchisi Durdona Ermatova ushbu burchakda Ka-Foskari universiteti Osiyo va Shimoliy Afrika tadqiqotlari bo‘limi talabalari uchun o‘zbek tili va madaniyatiga bag‘ishlangan amaliy mashg‘ulotlar o'tkazdi. U bir oy davomida universitetda o‘zbek tilidan muntazam dars mashg‘ulotlarini olib bordi. Mashg‘ulotlarda o‘zbek tilining fonetika va grammatika xususiyatlari, leksik boyligi, shuningdek, o‘zbek xalqining boy madaniyati va tarixiga oid bilimlar zamonaviy pedagogik usullar asosida yetkazildi.