TURKIYANING BURSA SHAHRIDAGI ALISHER NAVOIY NOMIDAGI O‘ZBEK TILI VA MADANIYATI MARKAZI


?>

2024-yilning 8-fevral kuni Turkiyaning qadimiy Bursa shahridagi Uludag‘ universitetida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Markazning tantanali ochilish marosimida so‘z olgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov barcha marosim ishtirokchilarini tarixiy voqea bilan qutlab, ushbu markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Jumhuriyati Prezidenti Rejeb Toyyib Erdo‘g‘an tashabbusi bilan ochilayotganini qayd etdi. 

Ochilish marosimida TURKSOY vakillari, Bursa Uludag‘ universiteti rektori Ferudun Yilmaz, Turkiya Milliy ta’lim vazirining o‘rinbosari Jelile Eren O‘kten, Turkiyadagi O‘zbekiston elchisining siyosiy ishlar maslahatchisi Avazbek Hojimetov, butun dunyodan yig‘ilgan atoqli navoiyshunos va turkolog olimlar, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi. 

Bu markaz qadimiy va zamonaviy turkiy tillar, turkiy xalqlar adabiyoti bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boruvchi yosh olimlar, tarixchilar, etnograflar uchun kerakli zaruriy manbalar bilan ta’minlanadi. Qolaversa, markaz ikki universitet o‘rtasida o‘qituvchilar va talabalarning o‘zaro tajriba almashinuvi uchun ham xizmat qiladi. Shuningdek, bu yerda turk qardoshlarimiz, Turkiya yoshlari O‘zbekiston haqida, uning tarixi, buguni va ertasi xususida keng ma’lumot olishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi. Bir so‘z bilan aytganda, markaz ramziy ma’noda Alisher Navoiy orzu qilgan birlashuv g‘oyasining amaldagi bir ko‘rinishi bo‘ladi, deyish mumkin. 

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan ushbu markazga 200 dan ortiq ilmiy, badiiy va ommabop kitoblar, o‘zbek milliy amaliy san’at buyumlari, cholg‘u asboblari sovg‘a qilindi. 

Ushbu markazning tashkil etilishi ikki davlat rahbarlarining yakdil tashabbusi bilan amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi “Xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishni keng targ‘ib qilish orqali turistlar oqimini ko‘paytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-19 son Qarorida ham ushbu vazifa alohida qayd etilgan. 

Ushbu markazda bundan buyon muntazam ravishda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tilajagi, o‘zbekistonlik olimlarning ma’ruzalari tashkil etilishi, o‘zbek shoirlari, yozuvchilari, san’at vakillarining uchrashuvlari o‘tkazilishi, shuningdek, Yangi O‘zbekistonning buguni va istiqboli haqida turli ma’ruzalar tashkil etilishiga kelishib olindi. Markaz ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniyatlarni yaqinlashtirish, ta’lim muassasalarining o‘zaro tajriba almashishida ham muhim o‘rin tutishi har ikki mamlakat vakillari tomonidan ta’kidlandi va bunday ezgu tashabbuslar ma’qullandi.