O‘SH DAVLAT UNIVERSITETI ALISHER NAVOIY NOMIDAGI O‘ZBEK TILI VA MADANIYATI MARKAZI


?>

2023-yil  4-oktyabrda Qirg‘iz Respublikasining O‘sh davlat universitetida  Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazi tashkil qilindi.  Ushbu markaz Qirg’iz Respublikasida o‘zbek xalqining tarixi, madaniyati, urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarini o‘zbek tili kurslarini tashkil etish orqali targ‘ib etish, shuningdek, ikki davlat xalqlari madaniyatlarini yaqinlashtirish singari muhim vazifalarni ko’zlagan.  Bundan tashqari markazda O‘zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, dolzarb mavzularda ma’ruzalar, turli konferensiya va seminarlar, O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkaziladi.

Markaz ochilishida Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi M. Jamanbayev O‘zbekiston Respublikasining Qirg‘iziston Respublikasidagi elchisi X.M. Mirzahidov, O‘zbekiston oliy ta’lim, fan  va innovatsiyalar vaziri mutasaddilari, Qirg‘izistonning ta’lim va fan ministri o‘rinbosari U.A. Usekov Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Sh. Sirojiddinov, O‘sh davlat unversiteti rektori K. Kojobekov va boshqalar qatnashishdi.

Ma’lumki, O‘sh viloyatida o‘zbeklar aholining qariyb 48 foizini tashkil etadi. Bu millatdoshlarimiz o‘zbek tili va adabiyoti bilan yaxshi tanishlar, ammo ularga ko‘proq imkoniyat yaratish, qolaversa o‘zbek tili va madaniyatiga qiziquvchi ko‘p sonli ziyolilarning talablarini ham inobatga olgan holda ushbu markazni tashkil etildi. 

Ushbu markazni ochishdan maqsad  O‘zbek tili va madaniyati nufuzini oshirish  hamda o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining millatlararo muloqot madaniyatini o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik, birodarlik rishtalari asosida mustahkamlashdan iborat. 

Qirg‘iziston fuqarolarining o‘zbek tilida muloqat qila olishlari uchun  kasbiy va lingvistik bilimlarni oshirish ham ushbu markazning vazifalaridan biridir. Buning uchun esa: 

    Qirg‘iziston fuqarolariga o‘zbek tilida o‘quv jarayonini tashkil qilish ,

   O‘quv rejasi va o‘quv dasturini tuzish , 

   O‘zbek tilidagi darslik, adabiyotlar bilan ta’minlash ,

   O‘zbek tilidan o‘quv qo‘llanmalar (chet ellik fuqarolar uchun ) yaratish, 

   O‘zbek xalqining turli an’anaviy bayramlarini o‘tqazish.

Kelajakda bu kabi targ‘ibotlar Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida ta’lim, fan va madaniyat sohasi hamda an’analarimizning o‘zaro uyg‘unlashuviga xizmat qilishiga ishonamiz.

Markaz tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar:

2023 -yil 26- oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining O‘sh shahridagi Bosh konsulxonasi  bilan hamkorlikda “Til yashasa , millat yashaydi “ mavzusida tadbir o‘tkazildi. Tadbir ToshDO‘TAU rektori Sh.S.Sirojiddinovning tabrik so‘zi bilan ochildi. O‘sh davlat universiteti tashqi aloqalar prorektori K.Sh.Attokurov, O‘zbekistonning O‘sh shahridagi vitse-konsuli  F.M.Usmanov, Qirg‘izistoning janubiy hududi bo‘yicha o‘zbek milliy-madaniy markazi o‘rinbosari A.Y.Atajanov  va boshqalar ishtirok etdi. Mazkur tadbirda o‘zbek va qirg‘iz tillarida she’rlar, qo‘shiq va kuylar talabalar tomonidan ijro etildi.

2024 –yil 8- fevral kuni O‘sh davlat unversitetining 85-yilligiga bag’ishlab “Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur – millatlararo do‘stlik va madaniyat elchisi’’ mavzusida kecha o‘tqazildi . Kechada ikki buyuk shoir ijodiga yuksak baho berildi, ular ijodidan g‘azallar, kuy va qo‘shiqlar ijro etildi. 

2024-yilning 12-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida tashkil etilgan Qirg‘iz tili va madaniyati markazi tashabbusi bilan  buyuk yozuvchi va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 95 yilligi munosabati bilan adabiy kecha tashkil etildi.

2024-yilning 24-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida tashkil etilgan  Chingiz Aytmatov nomidagi Qirg‘iz tili va madaniyati markazi va Oʻsh davlat universiteti hamkorlikda “Do‘stlik, madaniyat va adabiy aloqalar markazi” mavzusidagi tadbir tashkil etildi.